
"Qizilqum"ning qarshisida qo‘rqinchli raqib. Sababini bilasizmi?
Bugun Superliganing 18-tur o‘yinlari davom ettiriladi. Navoiyda “Qizilqum” amaldagi chempion – “Paxtakor”ni qabul qiladi. Tushunarliki, mezbonlarni jiddiy imtihon kutyapti. Turnir jadvalida oxirgi va 1-o‘rindagi jamoalar to‘qnashuviga guvoh bo‘lish ham o‘ziga yarasha qiziqarli ko‘rinadi, shunday emasmi?
Navoiyliklar ortda qolgan 17 ta o‘yinda 2 g‘alaba, 5 durang va 11 mag‘lubiyat qayd etib, 11 ochko bilan 14-pog‘onada borayotgan bo‘lsa, “Paxtakor”da 17 ta turdan so‘ng 12 g‘alaba, 2 durang va 3 mag‘lubiyat bor. Ochkolari soni 38 ta va yakka peshqadam hisoblanadi. Ma’lumot uchun, “Paxtakor” hujumchisi Dragan Cheranning bir o‘zi “Qizilqum”ning butun boshli jamoasidan ko‘p gol urgan. Boisi, Cheranning hisobida Superligada hozirgacha urgan gollari 11 ta. “Qizilqum”da esa 7 ta xolos. Bu ko‘rsatgich bo‘yicha ham navoiyliklar eng oxirida. Chunki Superligada eng oz gol urgan jamoa aynan “Qizilqum” bo‘lib turibdi. Ha, jamoa o‘yinida muammolar bor. Lekin ikkinchi davrada klubda o‘zgarishlar bo‘lganini bilasiz. Bosh murabbiy almashgan, tarkibga yangi o‘yinchilar qo‘shilgan. E’tiborlisi, o‘tgan turda “Qizilqum” Qarshida “Nasaf” bilan g‘alabaga teng durangni qayd etdi – 0:0. “Nasaf” esa O‘zbekiston Superkubogida “Paxtakor”ni 2:1 hisobida engib sovrinni qo‘lga kiritganidan yaxshi xabardorsiz.
Yaqqol autsayder va yaqqol peshqadam jamoa o‘rtasidagi o‘yinni qanday tasavvur qilyapsiz? Ha, favorit shubhasiz “Paxtakor” va ko‘pchilik Shatskix jamoasining imkoniyatini yuqori baholayotgani tabiiy. Lekin “Qizilqum”ni orqaga yo‘li qolmagan. Ularning raqobatchilari ham ochkolar jamg‘arishyapti. Jamshid Saidov ustozlik qilayotgan “Qizilqum” o‘ta murakkab bo‘lishiga qaramasdan chempion raqibini mag‘lubiyatga uchratishi lozim. Aks holda ahvolini qiyinlashtirib boraveradi. Lekin qaysidir ma’noda durang ham hozirgi vaziyatdan kelib chiqib aytilsa, mezbonlar uchun ijobiy natijaga aylanishi shubhasiz.
“Qizilqum” – “Paxtakor”ning o‘zaro o‘yinlar statistikasi mezbonlar uchun qo‘rqinchli. Raqamlarga e’tibor bering: 47 ta uchrashuvning faqat 1 tasida “Qizilqum” yutgan. “Paxtakor” esa 40 uchrashuvda g‘olib chiqqan. 6 ta bellashuvda durang natijasi qayd etilgan. To‘plar nisbatida ham tafovut shunga yarasha ulkan - 27\133 “Paxtakor” foydasiga.
“Qizilqum” yagona g‘alabasini qachon qo‘lga kiritganini bilasizmi? Bundan 22 yil muqaddam, 2001 yilning 31 iyul sanasida navoiyliklar Toshkentda “Paxtakor”ni 1:2 hisobida engib qaytgan va o‘sha g‘alaba o‘zaro klublarining o‘yinlar tarixida yagonaligicha qolyapti. Ha, “Qizilqum” uchun “Paxtakor” allaqachon noqulay va qo‘rqinchli raqibga aylangan. Buni statistik raqamlar ko‘rsatib turibdi. Navoiyliklar so‘nggi bor 2017 yilgi mavsumda 1:1 hisobida durang o‘ynagan va shunan beri xoh Navoiyda, xoh Toshkentda bo‘lsin faqat yutqazyapti!
Qolaversa, “Paxtakor” “Qizilqum” o‘zi istagan, o‘zi xohlagan natijalarda mag‘lub etib kelmoqda. Navoiyliklaring eng yirik mag‘lubiyati 2007 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda “Qizilqum” o‘z uyida “Paxtakor”ga 0:11 hisobida yutqazgan. Undan keyingi eng yirik mag‘lubiyat 8:0 bo‘lib, 2019 yilda “Paxtakor” Toshkentda navoiyliklarni tor-mor keltirgan.
Darvoqe, bo‘lajak uchrashuvda VAR ishlamasligi ma’lum qilindi. Nima bo‘lganda ham “Qizilqum” – “Paxtakor” qarama-qarshiligi turfa xil va navbatdagisida qanaqa natija bo‘lishi qiziq. Ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan “Qizilqum” hamon “Sherlar”dan qo‘rqadimi yoki bu safar hammasi boshqacha tus oladimi? Buni kuzatish muhim.
Xullas, shunaqa gaplar!
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar