"Qo‘qon-1912" safarda xavfli, o‘z uyida esa...
Baxtiyor Ashurmatov bosh murabbiyligidagi “Qo‘qon-1912” jamoasi Coca-Cola Superliganing 6-turidan so‘ng, 9 ochko bilan musobaqa jadvalida 4-pog‘onani band etib turibdi. Jamoa hisobida hozircha 2 ta g‘alaba, 3 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat bor.
E’tiborimizni tortgan jihat shu bo‘ldiki, qo‘qonliklar joriy mavsumda o‘z maydonida uchta o‘yin o‘tkazishdi. Dastlab “Qizilqum” bilan bahsda hisob ochilmadi. So‘ng, 4-turda “Bunyodkor”ni qabul qildi va ushbu bellashuvda ham darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi. 6-turda esa “Metallurg”ni qabul qilib 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Ko‘rib turganingizdek, qo‘qonliklar ushbu chempionatda o‘z maydonidagi o‘yinlarda hali gol ura olishgani yo‘q. Ashurmatov jamoasi Qo‘qonda ikkita ochkoga ega bo‘lgan bo‘lsa, safardagi bellashuvlarda hali yutqazgani yo‘q.
Jumladan, “Turon” va “Mash’al” maydonida g‘alaba qozondi, “Surxon” bilan esa murosa ko‘chasi tanlandi. Hozircha qo‘qonliklarning barcha gollari safardagi o‘yinlarda kiritilmoqda. Qiziq, jamoa o‘z uyida qachon gol urarkin?
Fikrlar