Qozog‘istonlik qizdan Osiyo o‘yinlari oltin medalini olib qo‘yishdi
Qozog‘istonlik engil atletikachi Yasmina Toksanbaeva Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritgan oltin medalidan mahrum etildi. Sabab – u musobaqada ishlatgan sport poyafzali Jahon engil atletika assotsiatsiyasi (World Athletics) tasdiqlagan rasmiy ro‘yxatga kirmagani aniqlandi.
Bu haqida Qozog‘iston Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) rasmiy saytida ma’lum qilindi. Toksanbaeva yakshanba kuni Yaponiyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida sport yurishi bo‘yicha marafon masofasida birinchi bo‘lib marra chizig‘ini kesib o‘tgan edi. Musobaqa qoidalariga ko‘ra, barcha sovrindorlarning poyafzallari majburiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Texnik delegatlar tekshiruvi chog‘ida Yasmina kiygan poyafzal modeli World Athletics tomonidan ma’qullangan rasmiy ro‘yxatda yo‘qligi aniqlandi. Shundan so‘ng sportchining natijasi bekor qilindi, u oltin medaldan mahrum etildi.
Yasmina Toksanbaeva bu voqeaga munosabatini ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bildirib, juda og‘ir kechayotganini yozdi.
- Natijam bekor qilindi. Biz oxirigacha kurashdik. Men uchun oxirgi daqiqagacha kurashgan barcha superqahramonlarimga rahmat! Shaxsiy murabbiyimdan tortib, Qozog‘iston engil atletika federatsiyasi jamoasi va sport vazirigacha – hammasiga minnatdorman. Bugun meni minglab bo‘laklarga bo‘lib tashlashdi, – deya yozgan sportchi o‘z sahifasida.
Qozog‘iston MOQ ma’lumotiga ko‘ra, tashkilot hozirda World Athletics, Osiyo engil atletika assotsiatsiyasi, Osiyo olimpiya kengashi (OKA) va Qozog‘iston Respublikasi engil atletika federatsiyasi bilan doimiy muloqotda. MOQning ta’kidlashicha, asosiy maqsad – sportchiga zarur huquqiy va tashkiliy yordam ko‘rsatish, shuningdek, mazkur qaror ustidan shikoyat berish imkoniyatlarini o‘rganishdir.

Fikrlar