Qudratillo Abduqahhorovning sparring raqibi navbatdagi jangini sobiq jahon chempioniga qarshi o‘tkazadi
Profescional boksning yarim o‘rta vazn toifasida (66 kg) WBA Gold kamari sohibi amerikalik Virjil Ortis ( 16-0, 16 KO) o‘zining navbatdagi jangini super o‘rta vazn toifasida (63.5 kg) sobiq jahon chempioni Mouris Xukerga (27-1-3, 18 KO) qarshi o‘tkazadi. Jang 27 mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Dallas shahrida bo‘lib o‘tadi va DAZN platformasi orqali translyatsiya qilinadi.
Virjil Ortis 2020 yil 24 iyuldagi jangida Samuel Vargasni 7-raundda nokautga uchratib, WBA Gold kamarini qo‘lga kiritgan edi. Keyinchalik, avgust oyida ham Antonio Orozkoni 6-raundda muddatidan oldin mag‘lub etgan. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, Ortis hamyurtimiz Qudratillo Abduqahhorov bilan sparring janglarda kuch sinashgandi.
Mouris Xuker super engil vazn toifasida sobiq WBC chempioni hisoblanadi. U 2019 yilning iyul oyida WBO chempioni Xose Ramires bilan birlashtiruvchi jangda imkoniyatni boy bergan. Shundan so‘ng, dekabrda ilk bora yarim o‘rta vaznda debyut qilib, Uriel Peresni 1-raunddayoq nokautga uchratgan edi.

Fikrlar