Rahmonaliev jamoasining "Barsa" bilan o'yiniga Ispaniyadan munosabat bo'ldi
Ispaniyaning Ohmygoal.es sayti Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichi uchun o‘tkazilgan qur’a natijalariga munosabat bildirdi.
Qur’a yakunlariga ko‘ra, Ispaniyaning amaldagi chempioni «Barselona» o‘z maydonidan ancha uzoqda, Ozarbayjonning «Sabah» klubi mehmoni bo‘ladi.
Nashr ta’kidlashicha, guruh bosqichidagi so‘nggi uchrashuvda «Barselona»ni juda uzoq safar kutib turibdi.
- Chempionlar ligasining umumiy bosqichidagi oxirgi o‘yinda «Barselona» to‘rt ming kilometrdan ortiq masofaga parvoz qilishiga to‘g‘ri keladi!
Ispaniya chempioniga raqib sifatida Ozarbayjonning „Sabah“ jamoasi tushdi. U saralash bosqichi orqali musobaqaga yo‘l oldi va geografik jihatdan joriy mavsumdagi eng sharqiy klub sifatida katta farq bilan ajralib turibdi.
Barselonadan Ozarbayjon poytaxti Bokuga parvoz vaqti 5 soat 25 daqiqani tashkil etadi, — deya yozadi Ohmygoal.es sayti.
«Sabah» klubi o‘z tarixida ilk bor Chempionlar ligasining asosiy bosqichiga chiqdi. Valdas Dambrauskas shogirdlari saralash raundlarida uchta raqibini ikkitadan o‘yin natijasiga ko‘ra musobaqadan chiqarib yubordi.
Pley-off bosqichida Isroilning Be’er-Sheva shahridagi «Xapoel» jamoasini dramatik to‘qnashuvda mag‘lub etib, umumiy bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Boku klubi uchun eng katta voqea esa, shubhasiz, o‘z maydonida ispan grandi «Barselona»ga qarshi o‘yin bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, «Sabah» jamoasining muvaffaqiyatlarida O‘zbekiston legioner Umarali Rahmonalievning ham hissasi katta. 22 yoshli yarim himoyachi Chempionlar ligasi saralash va pley-off bosqichlarida jami sakkizta uchrashuv o‘tkazib, bitta dan gol va assist muallifi bo‘ldi.
Yevropa matbuotiga ko‘ra, iqtidorlu o‘zbek futbolchisini ayni paytda Fransiya chempionatining vitse-chempioni "Lans" diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Fikrlar