
Ralli (Marokash-2021). O‘zbekistonlik poygachi tarixga kirdi!
"O‘zbekiston Milliy Avtomobil Klubi" (O‘MAK) jamoasi a’zosi Anvar Ergashev T3 kategoriyadagi mashinalar poygasida 6-pog‘onani egalladi.
7–13 oktyabr kunlari Saxara cho‘lida Marokash-2021 ralli poygalari bo‘lib o‘tdi. Mazkur turnirda ilk marta o‘zbekistonlik sportchi ham ishtirok etdi. Anvar Ergashev 2021 yilning fevral oyida Jahon kubogida 3-o‘rinni qayd etgan holda Xalqaro avtomobil federatsiyasi ro‘yxatiga kiritilgandi.
Pandemiya tufayli o‘zbek sportchisining musobaqada ishtirok etishi so‘nggi pallalargacha so‘roq ostida qoldi. Unda Marokash davlati vizasini olish bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. Gap shundaki, O‘zbekiston hududida Marokash elchixonasi mavjud emas. Mazkur davlatning mamlakatimizga eng yaqin elchixonasi Ozarbayjon davlatida joylashgan. "O‘zbekiston Milliy Avtomobil Klubi" jamoasi Xalqaro avtomobil federatsiyasi bilan yuzaga kelgan muammo echimini izladi. Oxir-oqibat, "Dakar Rallisi" prezidenti David Kesterning sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi bilan kelishuvga erishildi. Ozarbayjon elchixonasi Anvar Ergashevga Marokash vizasini olishda yordam berdi.
Saxara cho‘li bo‘ylab o‘tkazilgan poyga qiyin kechdi. Masofa davomida qum barxanlari notekis, toshli yo‘llar bilan almashdi. Dunyodagi eng issiq mamlakat cho‘li haydovchilarga poyga davomida noqulaylik tug‘dirdi.
Boz ustiga, Anvar Ergashev poyga davomida jarohatlandi. Musobaqa bosqichlaridan birida u notekis yo‘lda harakatlanib ketayotgan paytda mashina silkindi. Oqibatda, rul chambaragi Ergashevning qo‘lini shikastladi. Vakilimiz poyganing oxirigacha avtomashinani bir qo‘lda boshqardi. Bellashuv yakunida uning qo‘li singanligi ma’lum bo‘ldi. Biroq o‘zbekistonlik sportchi taslim bo‘lmadi va yakunda T3 kategoriyasida 1450 kilometrlik masofani bosib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, murakkab maxsus ob’ektlardagi 5 kun davom etgan ralli poygalari sportchidan kuchli jismoniy tayyorgarlik talab etadi. Hamma ham ushbu qiyinchiliklarga bardosh bera olmaydi. Ayrim jamoalar hatto marragacha etib kela olishmaydi. Shunday ekan, O‘zbekiston uchun ilk ishtirokda 6-o‘rin juda yaxshi natija hisoblanadi.
"O‘zbekiston Milliy Avtomobil Klubi" rossiyaning "Maria Oparina Team" jamoasiga poyga uchun taqdim etilgan avtomobil va texnik yordam uchun, shuningdek, Ergashevning xamrohi hisoblanmish belaruslik Andrey Rednuskka minnatdorchilik bildirdi. O‘zbek poyga tashkiloti qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston turizm va sport vazirligiga ham minnatdorchilik izhor etdi.
Marokash-2021 rallisi poygachimiz faoliyatidagi muhim bosqich va Dakar-2022 rallisidagi debyut oldidan motivatsion turtki bo‘ldi.
Fikrlar