Ramush: "Ronaldu bilan raqobat — bu tabiiy. Biz jamoaga yordam berish uchun kelganmiz"
PSJ hujumchisi Gonsalu Ramush "An-Nasr" forvardi Krishtianu Ronaldu bilan Portugaliya terma jamoasidagi raqobat haqida fikr bildirdi.
Portugaliya terma jamoasi Krishtianusiz ham Armeniyani JCh-2026 saralash bosqichining yakuniy uchrashuvida 9:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va Jahon chempionatiga yo‘l oldi. Gonsalu mazkur bahsda bir gol urdi va bir golli uzatma amalga oshirdi.
– Siz Ronaldu bilan asosiy tarkibdagi o‘rin uchun raqobatlashyapsiz. Ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istarmidingiz?
– Bu erda har bir futbolchi jamoaga yordam bera oladi, men ham shulardan biriman. Albatta, har kim kabi men ham ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni xohlayman.
– Armeniyaga qarshi o‘yin haqida nima deya olasiz?
– Bizda tanlov deyarli yo‘q edi — faqat g‘alaba kerak bo‘lgan. Raqibdan ancha ustun edik, buni maydonda ham ko‘rsata oldik va Jahon chempionati final bosqichiga chiqishni ta’minladik, o‘z imkoniyatlarimizni namoyon etdik.
Hammasi samaradorlikka borib taqaladi. Ba’zan to‘p darvozaga kirmasligi ham mumkin. Bu uchrashuvda oldingi o‘yinlarga nisbatan ko‘proq vaziyat yaratdik va ulardan samarali foydalandik, rejamizni yaxshi amalga oshirdik. Shuning uchun ham bu yirik, ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdik.
– Portugaliyaning JCh-2026da g‘olib chiqish imkoniyatlari qanday?
– Qatnashayotgan har bir turnirda bizni favorit deb hisoblashadi, lekin maqsadga qadamma-qadam etish muhim. Mart oyida yana o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘ladi, oldinda esa Jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rish jarayoni turibdi, — dedi Ramush "RTP Notícias" uchun bergan intervyusida.



Fikrlar