Rasman! “Barsa”da porlagan ikki yulduz faoliyatini tugatdi

  • 07.12.2025 10:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

“Barselona” tarixida chuqur iz qoldirgan Jordi Alba va Serxio Buskets AQShning “Inter Mayami” klubidagi qisqa muddatli faoliyatidan keyin rasman futbolni tark etdi.

Bu voqea MLS kubogi pley-off bosqichining finalidan keyin sodir bo‘ldi. “Inter Mayami” bu bahsda “Vankuver Uaytskeps” jamoasini 3:1 hisobida engib, Shimoliy Amerika ligasining chempionlik sovrinini qo‘lga kiritdi.

Ikki ispan futbolchisi shu tariqa klublar miqyosidagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazdi. 37 yoshli Buskets va 36 yoshli Alba joriy mavsum davomidayoq yil oxirida faoliyatini to‘xtatishini aytgan edi.

Buskets 2008 yili boshlangan faoliyatining asosiy qismini “Barselona”da o‘tkazib, kataloniyaliklar sharafini 2023 yilning yoziga qadar himoya qilgan. Keyin u Lionel Messi bilan “Inter Mayami”da o‘ynashga qaror qildi.

Serxio klublar miqyosida jami 840 ta o‘yin o‘tkazib, o‘z hisobiga 19 ta gol va 62 ta assist yozdirib qo‘ygan. Jami 35 ta sovrinni qo‘lga kiritgan. Ispaniya terma jamoasi safida 143 ta uchrashuvda qatnashib, ikkita gol va to‘qqizta assist muallifi bo‘ldi. Jahon va Evropa chempioni hisoblanadi.

Alba “Barselona” va “Valensiya” akademiyalari tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va har ikki klubning asosiy jamoasida o‘ynagan. Shuningdek, orada “Ximnastik”da ham to‘p tepgan. Jordi ham “Inter Mayami”ga Messi va Buskets bilan bir davrda – 2023 yilning yozida kelgan.

Mashhur himoyachi klublar miqyosida 708 ta o‘yin o‘tkazi, 52 ta gol va 135 ta assist muallifi bo‘lgan, jami 21 ta sovrin yutgan.

Alba Ispaniya terma jamoasi safida 93 ta uchrashuvda qatnashib, to‘qqizta gol va 22 ta assist qayd etgan. Evropa chempionati va Millatlar ligasi g‘olibi bo‘lgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!