
Ravshan Ermatov ishtirok etgan yig‘ilishda "Neftchi" klubining texnik direktori boshqa ishga o‘tkazildi
Farg‘ona viloyati futbol mahorati maktabida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Abdulla Aslonov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, Farg‘ona shahar hokimi Vosiljon Nazarov hamda FMM ishchi-xodimlari va mutasaddilar ishtirok etdi.
Kun tartibiga ko‘ra, yig‘ilishda mahorat maktabiga direktor tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi. Ma’lumki, Farg‘ona futboli iqtidorli va yuqori salohiyatli futbolchilarga ega. Ammo futbol mahorat maktabi rahbarlarining o‘z ishiga mas’uliyat va professionallik bilan yondashmaganligi sabab ularni kashf qilishda kamchiliklar kuzatilgan. Mahorat maktabining asosiy vazifasi Farg‘ona futboli, «Neftchi» klubi va turli terma jamoalarimizga iste’dodli futbolchilarni etishtirib berishdan iboratligi yig‘ilishda ta’kidlab o‘tildi.
O‘zbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining buyrug‘iga asosan, Raimjonov Sherzod Muxamedjonovich Farg‘ona viloyati futbol mahorati maktabi direktori lavozimiga tayinlandi.
Ma’lumot o‘rnida, Sherzod Raimjonov 1979 yil Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. 2008 yil Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan. Futbol sohasida turli mas’ul lavozimlarda mehnat faoliyatini olib borgan. Shu kunga qadar Raimjonov «Neftchi» futbol klubida texnik direktor vazifasini bajarib kelayotgan edi.
O‘FA matbuot xizmati.
Fikrlar