
- #PSJ
- #Real Madrid
- #Manchester Siti
- #Barselona
- #Chelsi
- #Krishtianu Ronaldu
- #Filippe Koutino
- #Antuan Grizmann
- #Yan Oblak
- #Yuventus
"Real", "Barselona", "Yuventus"... Xohlagan futbolchisini istalgan narxga sotib oladigan klublar
- 15 sentabr, 2020, 20:13
- Javokhir Azimov
- 0
- Futbol
Grand klublar shu darajalarini ushlab turishi uchun, odatda, katta transferlarga tayanadi. Bu tabiiy hol. Chunki barcha jamoaning ham “Ayaks”, “Benfika” yoki “Barselona”dek akademiyasi yo‘q. Eng qizig‘i, “La Masiya”dek futbol maktabi bor “Barsa” ham, so‘nggi yillarda millionlarni ortiqcha o‘ylanishsiz sarflaydigan bo‘lib qoldi. Ba’zi klublar uchun esa bu shunchaki davom etadigan jarayon. Ular buni bir necha yillar oldin ham amalga oshirgan, bugun ham qilaveradi. Biz esa quyida futbolchi xaridi uchun 1 transfer oynasi mobaynida eng ko‘p mablag‘ ajratgan klublar to‘g‘risida so‘z yuritamiz. E’tiborliroq bo‘ling, bu erda sizning sevimli klubingiz ham bo‘lishi mumkin.
10. PSJ 2018 yil. 227 mln 4 ta transfer
Ro‘yxatimizni Qatar shayxlari barpo etgan PSJ ochib beradi. O‘sha mavsum hech kim parijliklardan bunday jasorat kutmagan edi. Evropaning grand bo‘lmagan klubi qatorasiga 2 yil 200 mln evrodan ko‘p mablag‘ sarflashi jahon chempionatini Qatarda o‘tkazishni reja qilgan ishbilarmonlardan boshqasining xayoliga kelgan, deysizmi?! 227 mln evaziga Kilian Mbappe, Leandro Paredes, Tilo Kerer, Xuan Bernat hamda Erik Shupo-Motingni xarid qilgan rahbariyat bu transferlari bilan ancha aqlli qaror qabul qilgan edi. Buni ushbu mavsum yuqorida ismi keltirilgan yigitlar isbotlab berdi. Boz ustiga, ayni vaqtda ularning umumiy narxi 248 mln evroni tashkil etmoqda. Demak, Nosir Al-Xelayfi tomonidan sarflangan pullar zoe ketmadi.

9. PSJ 2017 yil. 238 mln 2 ta transfer
Aslida, PSJ o‘sha mavsumda 5 futbolchini o‘z safiga qo‘shib olgan edi. Biroq ularning faqat ikkitasigina sotib olingan. Qolganlari ijaraga olingan edi. Transfer rekordini yangilagan parijliklar jahon yulduzi Neymar uchun 222 mln evroni bahridan kechishga tayyor ekanligini isbotlagandi o‘shanda. O‘ylab ko‘ring, ikki yil davomida 465 mln evroni o‘yinchi sotib olishning o‘ziga sarflash osonmi? Ha, agarda siz bir necha yillardan keyin milliardlab foyda keltiruvchi 4 yillikning eng muhim futbol tadbirini qabul qilish uchun hozirlik ko‘rayotgan bo‘lsangiz, transfer rekordini yangilash siz uchun uddalab bo‘lmas topshiriq emas. Transfer bozorida 2 yil shovqin ko‘targan PSJ xarid qilgan “nihollar” bu yil meva berishni boshladi. Kuzatamiz keyingi yillarda bu futbolchilar nimalar qila olarkan.

8. “Atletiko” Madrid 2019 yil. 243,5 mln 7 ta transfer
Buni hech qanday ajablanarli jihati yo‘q. Madridliklar o‘tgan mavsum avvalida 312,8 mln evroga futbolchi sotgan va bu mablag‘lar tufayli transfer bozorida o‘zlariga odat bo‘lmagan ishlarni amalga oshirgandi. Grizmanndan tashqari, Lyuka Ernandes, Rodri kabi futbolchilar sotuvidan 300 mln evrodan ko‘proq foyda ko‘rgan klub prezidenti Enriko Sereso bosh murabbiyning barcha istagini bajo keltirdi. “Golden boy” sovrinini yutgan Joau Felish, “Real” yarim himoyachisi Markos Lorente va yana bir nechta yaxshi darajadagi futbolchilar “matraschilar” uchun 243,5 mlnga tushdi. Mana shu joyda murabbiyning imzosi yaqqol sezildi. Ya’ni, Diego Simeone o‘ziga kerakli futbolchilarni talab qildi va aytish mumkinki, etakchilar ketganidan keyin ham jamoani o‘z darajasida ushlab tura oldi. Sotib olingan yosh iste’dodlar esa kelajak yulduzlariga aylanishi turgan gap. Simeone bu ishni juda ko‘p uddalagan.

7. “Real” Madrid 2009 yil. 258,5 mln evro 10 ta transfer
Bu hamshaharlar yonma-yon yurishga o‘zaro kelishib olgandek, go‘yo. Bizning ro‘yxatimizda ham ularning nomlari birga kelmoqda. O‘sha yili prezidentlik saylovlarida qatnashgan Florentino Peres o‘z va’dalarining ustidan chiqdi. U “Real”da inqilob amalga oshirdi. Va bu na birinchisi, na oxirgisi edi. Saylov oldidan jamoaga jahon miqyosida eng ko‘p muhokama qilinayotgan Krishtianu Ronaldu va Kakani olib kelishga so‘z bergan ispan oligarxi so‘nggi ikki yildagi “Oltin to‘p” egalarini Madridda jamlagan edi. Barchaning nazdida bu jamoani engib bo‘lmas, barcha sovrinlar "Santyago Bernabeu"ga yo‘l oladigandek edi. Bu jarayon bizni ozgina kuttirgan bo‘lsa-da, baribir amalga oshdi. “Real”ning ketma-ket 3 bor Evropada tengsiz deb topilishiga aynan shu yili eng katta qadam tashlangan edi. Hozir o‘shanda sotib olinganlardan faqat Karim Benzema o‘z faoliyatini “qaymoqranglilar” safida davom ettirmoqda.
Dekada so‘ngida Madridda “yangi Galaktikos” tashkil etgan “Qirollik klubi” uchun bu hali hammasi emasdi...

6. “Yuventus” 2018 yil. 259,7 mln evro 8 ta transfer
Ronalduni sotib olgan jamoa o‘sha yili transfer bozorida shov-shuv ko‘tarishi aniq. Jahonning eng kuchli ikki futbolchisidan birini xarid qilgan klub uning yoniga munosib sheriklarni ham sotib olishi tabiiy. Shu sababli, turinliklar futbolchi xarid qilish borasida ancha faollashib qolgan va Ronalduga yordam berish maqsadida Joau Kanselu, Duglas Kosta, Leonardo Bonuchchi, Gonsalo Iguain, Emre Jan kabi yaxshi darajadagi o‘yinchilarni ham o‘z safiga qo‘shib olgan edi. Aytish joizki, “Yuve” rahbarlari yaxshi futbolchi uchun pul ayamaydi. Ammo ularni yanada yuqori darajaga chiqqan vaqtida ham olib qola bilish lozim. Boz ustiga, murabbiy borasida qilingan noto‘g‘ri qarorlar ham Turin super klubi muxlislariga ma’qul kelmadi. Bunday xatolar klubga Chempionlar Ligasini yutish uchun olib kelingan Ronalduning yillarini o‘g‘rilamoqda. 5 karra “Oltin to‘p” sohibi hozir 35 yoshda. Keyingi yil ham uning aynan hozirgidek yuqori darajada bo‘lishiga hech kim kafolat bera olmaydi.

5. “Chelsi” 2017 yil. 260,5 mln evro 9 ta transfer
Ularni bejiz “aristokratlar” deyishmaydi. Klub prezidenti Roman Abramovich ko‘p hollarda bosh murabbiylarning talabini qondiradi. Jamoa postiga kelgan mavsumidayoq Premer-ligada g‘olib bo‘lishni uddalagan Antonio Kontega rahbariyat tomonidan titul himoyasi uchun katta transferlar amalga oshirib berildi. Alvaro Morata, Temue Bakayoko, Denni Drinkuoter, Olive Jiru, Antonio Ryudiger kabi o‘rtamiyona futbolchilar uchun jami 260 mln evro mablag‘ sarflagan Abramovich mavsum so‘ngida jamoasini Evropa ligasi yo‘llanmasinigina taqdim etuvchi 5-pog‘onada ko‘rdi.
Mavsum avvalidagi sahiyligidan keyin natija ko‘rmagan millioner darhol bosh murabbiyni iste’foga chiqardi. Boz ustiga, Konte hamda “Chelsi”ning ba’zi yulduz futbolchilari o‘rtasida nizolar kelib chiqqan, aksariyat o‘yinchilar italiyalik mutaxassisning gaplariga kirmay qo‘ygan edi. Hozir esa o‘sha transferlardan faqatgina Ryudiger va Jiru asosiy tarkib uchun kurashmoqda. Qolganlar yoki zaxira o‘rindig‘ida yoki boshqa jamoalarga ketib ulgurgan.
Mavsum avvalidagi sahiyligidan keyin natija ko‘rmagan millioner darhol bosh murabbiyni iste’foga chiqardi. Boz ustiga, Konte hamda “Chelsi”ning ba’zi yulduz futbolchilari o‘rtasida nizolar kelib chiqqan, aksariyat o‘yinchilar italiyalik mutaxassisning gaplariga kirmay qo‘ygan edi. Hozir esa o‘sha transferlardan faqatgina Ryudiger va Jiru asosiy tarkib uchun kurashmoqda. Qolganlar yoki zaxira o‘rindig‘ida yoki boshqa jamoalarga ketib ulgurgan.

4. “Barselona” 2019 yil 273 mln evro 7 ta transfer
“Barselona”ning xato qarorlariga ko‘nikib ham qoldik. O‘tgan mavsum avvalida Bartomeu uzoq kutilayotgan Chempionlar Ligasi sovrinini Kataloniyaga qaytarish uchun yana bir bor qo‘lidan kelgan yordamni berishga urinib ko‘rdi. Katta narx evaziga Antuan Grizmann, Frenki de Yong, Neto kabi futbolchilar xarid qilindi. Bir mavsumda ikki bor murabbiy almashdi. Ammo bularning barchasi “ko‘k-anorranglilar” zarariga ishladi. La Ligadagi irodasizlik, Chempionlar Ligasida sensatsion natijadagi mag‘lubiyat, kubok va superkubokdagi ortiqcha xotirjamlik oqibatidan sodir bo‘lgan ko‘ngilsizliklar va bularning barchasini o‘zida jamlagan Messining ketish qarori. Mana yil boshida 273 mln evro sarflagan “Barselona”ning mavsum so‘ngidagi holati. Mana tarkibni yulduzlarga, murabbiylar shtabini esa o‘rtamiyona mutaxassislarga to‘ldirib qo‘ygan Bartomeuning bugungi “Barsa”si. U klub prezidentligiga kelgan vaqt kataloniyaliklar o‘z tarixlarida ikkinchi bor trebl qayd etgan edi. Bunday natija boshqa hech bir jamoada yo‘q. Esiz, Bartomeudan avvalgi prezidentlar shuncha harakat qilgan edi-ya.

3. “Manchester Siti” 2017 yil 317,5 mln evro 10 ta transfer
Kuchli uchlikni Gvardiola boshqaruvidagi jamoa ochib berishi mantiqan to‘g‘ri. Arab shayxlarining eng muvaffaqiyatli, shu bilan birga eng qimmat loyihasi hisoblanadigan “Manchester Siti” har yili kamida 2 ta yaxshi transfer amalga oshiradi. Hozirgi kunda “Transfermarkt” ma’lumotlariga ko‘ra, eng qimmat tarkibga ega klub ham aynan “Siti” hisoblanadi (1,04 mlrd evro). Bunda 2017 yil amalga oshirilgan 317,5 mln evrolik transferlarning ham o‘rni ancha katta. Aynan 3 yil oldin sarflangan pullarning samarasi o‘laroq, ketma-ket ikki bor Premer-ligada tengsiz ko‘rilgan Gvardiola hamon katta xaridlardan chekinmayapti. O‘shanda sotib olingan o‘yinchilarning barchasi bugun asosiy tarkib futbolchilari hisoblanadi. Emerik Lyaport, Benjamen Mendi, Kayl Uoker, Bernardu Silva, Ederson Moraesning barchasiga ispaniyalik mutaxassis ishonmoqda. Shunday bo‘lsa-da, uning zaxira o‘rindig‘i ham xavas qilgudek darajaga chiqib ulgurgan.

2. “Barselona” 2017 yil 387,5 mln evro 7 ta transfer
Yuqorida ta’kidlaganimiz, “Barselona”ning xatolaridan eng yirigi 2017 yil sodir bo‘lgan edi. O‘z yulduzi Neymarni saqlab qolishni uddalay olmagan Bartomeu uning evaziga to‘langan pullardan ham unumli foydalana olmadi. Koutino uchun 145, Usman Dembele uchun esa 138 mln evrodan voz kechgan prezident hozir o‘sha davrlarni eslab, qanchalik afsuslanayotganini tasavvur qilish qiyin emas. 3 yil oldin 283 mlnga baholangan ushbu ikki futbolchining bugungi narxi 112 mln evroni tashkil etadi. Undan tashqari, Paulino, Semedu, Deulofeu, Mina va Marlon kabi o‘yinchilarni sotib olgan “ko‘k-anorranglilar” bugungi kunda ularning hech biriga asosiy tarkibdan muqim o‘rin ajratmagan. Biroq Kataloniya tomondan yaxshi xabarlar ham bot-bot eshitilmoqda. Mavsumoldi jarayonlarini ijaradan qaytgan Koutino, jarohatdan tuzalgan Dembele, klubda o‘z o‘rnini topishga urinayotgan Grizmann ancha faollik bilan o‘tkazmoqda va yangi mavsumda ular bosh murabbiy Ronald Kumanning rejalarida asosiy figuralardan bo‘lishi kutilmoqda. Balki ketish oldidan o‘z so‘ziga ega, katta mutaxassisni Kataloniyaga olib kelgani Bartomeuning “blaugranas”ga qilgan so‘nggi yaxshiligi bo‘lar. Buni vaqt ko‘rsatadi!

1. “Real” Madrid 2019 yil 397,5 mln evro 8 ta transfer
Peres doimgidek o‘z uslubida! Yuqorida ta’kidlaganimizdek, 2009 yilgi transfer inqilobi hali “Real” uchun etarli emas edi, go‘yo. Ketma-ket Chempionlar Ligasi g‘olibligidan keyin Ronaldu va Zidanning Madridni tark etishi klub prezidentini chuqur o‘yga toldirdi. Krishtianuga-ku endi biroz kech. U boshqa klub safiga borib qo‘shildi. Yana kimsan, “qaymoqranglilar”ning ashaddiy dushmanlaridan biri “Yuventus” tarkibiga. Biroq Zidan hamon jamoasiz-ku. Demak, uni qaytarish mumkin. Shu maqsadda frantsiyalik mutaxassis bilan gaplashgan Peres unga istaganini muhayyo qilishga va’da bergan shekilli, Zidan qaytishi bilanoq Eden Azar, Luka Yovich, Eder Militao, Ferlan Mendi va yana boshqa iste’dodlar jamoaga olib kelindi. Zidan ulardan foydalanishni tizimli yo‘lga qo‘ymoqda. Bundan tashqari, “Real” uchun kerakli sovrinlar ham asta-sekin yutilyapti. Eksperimental mavsumda Ispaniya superkubogi va La Liga g‘olibligi Peresga manzur kelayotganga o‘xshaydi. Boisi bu mavsumda na Zidan, na Peres transferlar haqida og‘iz ochishdi. Eng katta maqsad esa, PSJ vakili Kilian Mbappe. Kuzatamiz, u Madridga kelgan vaqti bu ro‘yxat balki yangilanar.

Har erda “pandemiya”, degan ogohlantirish yangrayotgan, uning oqibatida katta klublar millionlarni boy berayotgan bir vaqtda “Chelsi” hech nima bo‘lmagandek, 223,3 mln evro sarflab ulgurdi. Transfer oynasi 5 oktyabrda yopilishi va “aristokratlar” hali darvozabon muammosini to‘liq hal etib ulgurmaganini hisobga olsak, hammasi tugadi, deyishga biroz erta. 4 futbolchiga 223 mln evrodan ko‘p sarflagan “aristokratlar”ning oligarx prezidenti Yan Oblak, Andre Onana kabi iste’dodli posbonlar uchun pulni qizg‘onadi, deb o‘ylaysizmi? Shunday ekan, transfer mash-mashalari hali uzoq davom etishi aniq!
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar