“Real” Gyuler bo‘yicha katta taklifni rad etdi
“Real” klubi Saudiya Arabistonidan turkiyalik futbolchi Arda Gyuler uchun katta taklif oldi. Shayxlar iqtidorli oʻyinchi transferi uchun 80 million yevro tikdi. Biroq Madrid superklubi saudiyaliklarga rad javobini berdi.
Bu qaror klub Joze Mourinyo boshchiligida yangi davrni boshlash arafasida qabul qilindi.
Ispaniya matbuoti nashriga koʻra, madriddliklar muzokaralarga ham kirishmasdan taklifni bekor qilgan. Bu esa 21 yoshli yarim himoyachi Arda Gyuler klubning uzoq muddatli rejalarida muhim oʻrin tutishini koʻrsatadi.
Bu voqea Madrid klubi muvaffaqiyatsiz oʻtgan mavsumdan keyin portugalik murabbiy Joze Mourinyo bilan ikki yillik shartnoma tuzishi kutilayotgan paytga toʻgʻri keldi.
Xabarlarga koʻra, klub rahbariyati bu taklifni qabul qilish shoshma-shosharlik qaror boʻlishini taʼkidlagan. Chunki Arda Gyuler jamoada tobora muhim oʻrin egallab bormoqda.
Turkiyalik pleymeyker jamoaning “sotilmaydigan” futbolchilaridan biri sifatida baholanmoqda va klub uni sotuvga qoʻymaganini ochiq aytgan.
Bu mavsumda Arda Gyuler barcha musobaqalarda 50 ta oʻyinda qatnashib, 6 ta gol va 14 ta assist qayd etdi.
Agar madriddliklar arablarning taklifini qabul qilganida bu savdo “Fenerbahche” uchun ham katta moliyaviy daromad keltirishi mumkin edi. Futbolchining avvalgi transfer shartnomasiga koʻra, “Fenerbahche” keyingi sotuv summasidan 20 foiz ulush olish huquqiga ega. Agar 80 million yevroga teng bitim amalga oshganida, Istanbul klubi 16 million yevro ishlab olar edi.

Fikrlar