"Real"ning supertransfеri oʻxshamadi. Madridliklar yana rad javobini oldi
Ispaniyaning mashhur klubi «Real Madrid» va Germaniyaning «RB Leyptsig» jamoasi oʻrtasida Kot-d’Ivuar terma jamoasi vingeri Yan Diomande transferi boʻyicha navbatdagi muzokaralar ham yakuniy kelishuvsiz yakunlandi. Bu haqida Germaniyaning nufuzli nashri Bild xabar berdi.
Manba maʼlumotiga koʻra, «RB Leyptsig» «Real» tomonidan kelgan ikki taklifni rad etgan. Madrid klubi avval 100 million yevro, keyin esa 115 million yevro taklif qilgan. Ammo nemislar endi kamida 120 million yevro miqdorida kafolatlangan toʻlov talab qilmoqda. Bonuslar qoʻshilgan taqdirda umumiy summa 135 million yevrogacha yetishi mumkinligi aytilmoqda.
Avvalroq futbol olamidagi mashhur insayder Romano Diomande «Real Madrid»ning yangi futbolchisiga aylanishini maʼlum qilgan, bitim qiymati 100 million yevrodan oshishi kutilgan edi.
Yan Diomande «RB Leyptsig» safini 2025 yildan buyon himoya qilib kelmoqda. 2025/2026 yillgi mavsumda u jamoa tarkibida 36 ta oʻyinda maydonga tushib, 13 ta gol urdi va 10 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Transfermarkt maʼlumotlariga koʻra, futbolchining taxminiy bozor qiymati 90 million yevroga baholangan. Uning nemis klubi bilan amaldagi shartnomasi yana toʻrt yilga moʻljallangan. Yan Diomande oʻtgan jahon chempionatida ham maydonga tushib, toʻrt oʻyinda ishtirok etdi va bir golli uzatma qayd etdi.

Fikrlar