Ris Jeyms: "1 ochko olganimiz meni xafa qildi"
"Chelsi" jamoasi kapitani Ris Jeyms "Arsenal"ga qarshi derbidan keyin o‘yin haqida fikr bildirdi. APLning 13-turidagi bellashuv 1:1 hisobida yakunlandi. "Aristokratlar" 38-daqiqadan boshlab Moyses Kaysedoning maydondan chetlatilishi tufayli bir kishi kam o‘ynashga majbur bo‘ldi.
Jeymsning so‘zlariga ko‘ra, jamoa bir ochko olganidan norozi:
"Albatta, faqat bir ochko olib ketganimiz xafa qiladi. O‘yinning boshidayoq bir kishi kam qoldik va bu ishni qiyinlashtirdi.
Hamma ko‘ryapti — biz qaerdamiz va nima uchun kurashayotganimizni. Bugungi o‘yin jiddiy bayonot edi. G‘alaba qozonishni istaganmiz, lekin ijobiy jihatlar juda ko‘p.
Jamoa qattiq mehnat qilyapti, murabbiylar shtabi ulkan tahlil qildi va bizni to‘g‘ri kayfiyatga keltiruvchi, raqibga imkoni boricha ko‘proq qiyinchilik yaratishga undab turuvchi ishlarni bajardi.
Sariq kartochkalar soniga qarab, yana bir qizil kartochka chiqadimi, deb o‘yladim. Bu London derbisi — hamma g‘alaba qozonishni istaydi.
So‘nggi yillarda "Arsenal" yuqori pog‘onada bo‘ldi. Ularga qarshi o‘ynash oson emasligini yaxshi bilamiz. Ularning tarkibi kuchli, lekin biz o‘z o‘yinimizni o‘ynashga va to‘psiz holatda ham ularni qiyin vaziyatga solishga harakat qildik.
Men jamoamdan faxrlanaman. Bugungi bellashuv juda keskin o‘tdi. Bir ochko oldik va yo‘limizni davom ettiramiz", — dedi Ris Jeyms "Sky Sports"ga bergan intervyusida.

Fikrlar