Roberto Martinez Ronalduning kelajagi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi
Portugaliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martinez Krishtianu Ronalduning qachon faoliyatini yakunlashi haqida berilgan savolga javob qaytardi.
"Bu haqida aniq aytish qiyin. Men juda tez tushundimki, Krishtianu haqida kelajakni bashorat qilish to‘g‘ri emas. Uning mentaliteti favqulodda, u doim aynan shu kun uchun eng yaxshi holatda bo‘lishga intiladi. Agar o‘zidan so‘rasangiz, u ham xuddi shu gapni aytadi. U oldindan reja tuzmaydi.
Haqiqatdan ham, unda yumshoq to‘qimalar bilan bog‘liq kichik jarohat bor. Katta ehtimol bilan, kelasi haftadan u guruh mashg‘ulotlarida tayyorgarlikni boshlay oladi. Bu jiddiy muammo emas.
Krishtianu — bizning sardorimiz. U jamoaga juda katta ta’sir o‘tkazgan va muhim rol o‘ynagan. U bilan birga biz Millatlar ligasida g‘olib chiqqanmiz. Uning jamoamiz uchun o‘rni juda muhim: jarima maydonidagi so‘nggi harakatlar, raqib darvozasiga xavf solish va hujumlarni samarali yakunlash borasida u tengsiz. Uning fikrlash tarzi juda ilhomlantiradi. U har bir kunni xuddi oxirgisi kabi yashaydi va mukammallikka intiladi. Qachon yakunlashi hali aniq emas", — dedi Roberto Martinez.
Fikrlar