Ronaldu penaltilar qiroliga aylandi

  • 02.11.2025 09:23
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Portugaliya terma jamoasi va “An-Nasr” hujumchisi Krishtianu Saudiya Arabistoni chempionatining ettinchi turida “Al-Feyha”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv qahramoniga aylandi.

Riyod shahridagi bahsda 40 yoshli hujumchining dubli jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib, navbatdagi uch ochkoni taqdim etdi.

Mezbonlar hisobni ochgan uchrashuvning birinchi bo‘limida Ronaldu gol urib vaziyatni tenglashtirdi. Uchrashuv hakami o‘yindagi to‘xtalishlar o‘rnini qoplash uchun qo‘shib bergan vaqtning 15-daqiqasida penaltini aniq bajargan Krishtianu jamoasiga g‘alaba keltirdi.

Shu tariqa, Ronalduning 11 metrlik belgidan kiritgan gollari soni 179 taga etdi. Umumiy hisobda portugaliyalik futbolchi 214 marta penaltini ijro etgan. Uning 35 ta zarbasi darvoza to‘riga tushmagan.  

Dubldan keyin Ronaldu faoliyati davomida rasmiy uchrashuvlarda kiritgan to‘plari sonini 952 taga etkazib, o‘zining rekordini yana yangiladi.

Jahon futbolini kuzatib borayotganlarning barchasi portugaliyalik hujumchi qachon minginchi golini urishini kutmoqda.

Krishtianu Ronaldu “An-Nasr”da 2023 yildan beri o‘ynamoqda. Hozirga qadar bu jamoa safida jami 115 ta o‘yin o‘tkazgan portugaliyalik futbolchi 102 ta gol va 21 ta assist muallifi bo‘ldi. Uning klub bilan shartnomasi 2027 yilning yarmigacha davom etadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!