
Rossiya chempionatiga Shomurodov maslahati bilan o‘tdim!
Yurtimizning eng iste’dodli yosh futbolchilaridan biri – Ibrohimxalil Yo‘ldoshev rasman Rossiya premer-ligasi vakili “Nijniy Novgorod” jamoasiga ko‘chib o‘tdi.
Avvalroq, “Paxtakor” o‘yinchisini “Jenoa” transfer qilib, Evropa klublaridan biriga ijaraga jo‘natmoqchi bo‘lgani haqida xabarlar tarqatilgandi. Biroq, amalda yosh himoyachi kuni Rossiya chempionatida sinashga qaror qildi.
Premer-liga debyutanti – “Nijniy Novgorod” jamoasi matbuot xizmati xodimlari legionerimizdan intervyu oldi.
- Ibrohimxalil seni Nijniy Novgorodda ko‘rib turganimizdan xursandmiz. O‘zbekiston chempionatida qanday yutuqlarga erishgansan?
- Men “Paxtakor” akademiyasini bitirdim. Poytaxt klubi bilan 2019 yilda O‘zbekiston chempioni bo‘ldim va keyingi mavsum ijara asosida “Bunyodkor”da to‘p tepdim. Keyin yana “Paxtakor”ga qaytdim.
- Seni O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qachondan jalb qila boshlashdi?
- 2020 yildan buyon milliy terma jamoa o‘yinchisman. O‘rtoqlik o‘yinlarida ham, rasmiy uchrashuvlarda ham o‘ynaganman. Yaqinda O‘zbekiston milliy terma jamoasini sloveniyalik taniqli murabbiy Srechko Katanets qabul qilib oldi. U meni 5 sentyabr kuni Stokgolmda bo‘ladigan Shvetsiya va O‘zbekiston milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuviga taklif qilgan.
- “Nijniy Novorod” jamoasiga qanday kelib qolding?
- Oldimda juda ko‘p takliflar bor edi. Hamyurtim Eldor Shomurodov o‘ynagan “Jenoa” klubiga o‘tishga yaqin edim. Lekin aynan Shomurodov menga oldin Rossiya chempionatida o‘zimni sinab ko‘rishni maslahat berdi. Prosports Management kompaniyasi agentlari bilan maslahatlashuv va bosh murabbiy Aleksandr Kerjakov bilan suhbatdan so‘ng “Nijniy Novgorod” jamoasida qolishga qaror qildim.
- Yangi klubda mashg‘ulotlarni boshladingmi?
- Ha, mashg‘ulotlar menga yoqdi. Jamoadoshlarim ham ajoyib yigitlar ekan, meni yaxshi kutib olishdi.
- Qaysi pozitsiyada o‘ynaysan?
- Men chap qanot himoyachisiman. “Nijniy Novgorod”da lateral sifatida butun qanot bo‘ylab o‘ynashim kerakligini aytishdi.
- “Nijniy Novgoroda”da qaysi raqamni tanlading?
- “Paxtakor” akademiyasida o‘ynab yurgan bolalik paytimdan oltinchi raqamni tanlaganman. “Nijniy Novgorod”da ham tanlovimni almatirmadim. Shu raqam menga muvaffaqiyat keltirsin!
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “Nijniy Novgorod” jamoasi 2015 yilning 1 iyun kuni tashkil etilgan. Ushbu jamoa 2020-2021 yilgi mavsumda Rossiya Milliy futbol ligasida uchinchi o‘rinni egallab, premer-ligada to‘p tepish huquqiga ega bo‘ldi.
Endi o‘zbekistonlik futbol ixlosmandlari Oston O‘runov to‘p tepayotgan “Ufa” jamoasi bilan birga “Nijniy Novgorod”ga ham muxlislik qiladi.
Fikrlar