
Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik MMA turnirida ajoyib g‘alabaga erishdi
Kuni kecha, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida "M-1 Global" turniri o‘tkazildi. Unda o‘zbekistonlik Furqat Karimov 70 kg vazn toifasida navbatdagi jangini o‘tkazib, birinchi raundning o‘zidayoq raqibini taslim etdi. Unga tojikistonlik Amirxon Xolnazarov raqiblik qilgan edi. Biz ushbu jangchimiz bilan bog‘lanib, faoliyatiga oid bir nechta savol bilan murojaat qildik.
- Avvalo, g‘alaba muborak bo‘lsin!
- Rahmat.
- M-1 promoushenidagi ilk jangingizmidi?
- Ikkinchisi bo‘ldi. Birinchisida ham ochkolar hisobida g‘alaba qozongandim.
- Ma’lumotlarga qaraganda, Rossiyaga ishlash uchun borgan ekansiz?
- Ha, hozir ham ishlayman.
- Unda qanday Rossiyaning ko‘zga ko‘ringan promoushenining e’tiboriga tusha oldingiz yoki o‘sha erda tashkil qilinadigan ko‘cha janglarida ham ishtirok etganmidingiz?
- Unday janglarda emasku, havaskorlar o‘rtasidagi turnirlarda jang qilib, harakatlarimiz yoqqan shekilli, ushbu promoushenda jang berishdi.
- Har holda, bu borada sizga yaqindan ko‘mak berganlar ham bordir?
- Albatta, Najmiddin Xo‘jaevning mehnati va yordami orqali barchasi amalga oshdi. Qolaversa, o‘zi ham juda kuchli sportchi, hamyurtimiz Maksim Qo‘ldoshevning qo‘l ostida shug‘ullanib, ushbu insonlarning e’tibori tufayli, mana ikki g‘alabani qayd etdim.
- O‘zbekistonning qaysi viloyatida tavallud topgansiz va necha yoshsiz?
- Andijon viloyati, Jalaquduq tumani, Oyim shaharchasida tug‘ilganman. 27 yoshdaman.
- Andijonlik ekanligingiz va Maksim Qo‘ldashev qo‘l ostida shug‘ullanayotganligingizni inobatga olsak, siz Andijon viloyatidagi juda ko‘plab yakkakurashchilarning ustozi Jahongir Qoraboevning shogirdi ekanligingizni taxmin qilyapman...
-To‘g‘ri topdingiz. Ustozim Jahongir aka Qoraboev bo‘ladi. Ushbu inson qo‘l ostida jangovar sambo sir-asrorlarini o‘rganganman. Unga qadar kikboksing bilan shug‘ullangandim.
- Ish va sportchilik faoliyatini bir vaqtda olib borishning o‘zi qiyin emasmi?
- Inson astoydil nimagadir intilsa, barchasiga ulguradi va qiyinchiliklarni engib o‘tadi. Ko‘plab jahonga mashhur sportchilar ham shunday qiyinchiliklarni engib, yulduz darajasiga ko‘tarila olganku, barchasiga shukr qilamiz va o‘z maqsadimiz sari olg‘a boramiz.
- Keling endi, 31 oktyabr kungi jangingiz borasida suhbat qursak. Tojikistonlik raqibingizni juda yaxshi o‘rganganga o‘xshaysiz, chunki u sizga umuman qarshilik qila olmadi?
- To‘g‘risi, jangimga bir kun qolganda raqibim o‘zgardi. Avvalgisi, shamollab qolganligi tufayli, jangga kela olmadi va uning o‘rnini ushbu raqib bilan to‘ldirishdi. Amirxonni sport ba’zasi boks ekan. Demoqchimanki, umuman o‘rganishga vaqt bo‘lmadi. Shukrki, barchasi yaxshi ko‘rinish oldi.
- 70 kg vazn toifasi siz uchun qulaymi?
- To‘g‘risi, bir vazn pastga tushirmoqchiman. 70 kg biroz gavda jihatidan qiyinroq bo‘lmoqda.
- Ushbu promoushenda faoliyatingizni davom ettirasizmi?
- Nasib qilsa, davom ettiramiz. Aslida, 14 noyabrga yana bitta jang berishgan edi. Lekin buni qabul qilmadim. Sababi, ishlab biroz mablag‘ to‘plab olsam, Dog‘istonga o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga jo‘natishmoqchi... Shundan keyin navbatdagi jangimni o‘tkazish niyatidaman.
- Bu borada sizga omad tilaymiz!
- Rahmat. Nasib qilsa, g‘alabalarimiz bilan yurtimiz bayrog‘ini sarbaland qilish niyatidamiz!
Fikrlar