Rossiyalik legioner O‘zbekistonidagi hayoti haqida gapirdi
Rossiyaning eng qudratli klublaridan hisoblangan Sankt-Peterburgning "Zenit" jamoasi tarbiyalanuvchisi Ivan Korshunov Toshkentdagi hayoti haqida so‘zlab berdi.
Hozirda yarim himoyachi Korshunov O‘zbekiston ikkinchi ligasida ishtirok etayotgan "G‘azalkent" jamoasi sharafini himoya qiladi. U professional futbolda "Irtish", "SKA Xabarovsk" va "Dinamo Sankt-Peterburg" tarkibida to‘p surgan.
– "Gazalkent" seni ham keyinchalik sotib yuborishni rejalashtirayotgan klublardanmı?
– O‘ylashimcha, klub siyosati menga ham taalluqli. Shu bois, kelajakda yaxshi takliflar bo‘lishiga umid qilaman. Lekin bunga erishish uchun har bir o‘yinni yuqori darajada o‘tkazishim kerak. Qolaversa, hozir "G‘azalkent"dagi sharoitlar O‘zbekiston yuqori divizionidagi ayrim jamoalarnikidan ham yaxshiroq, – deya ta’kidlaydi yarimhimoyachi.
– G‘azalkent – taxminan 20 ming aholisi bor kichik shahar. O‘sha yerda yashayapsanmi?
– Yo‘q, Toshkentdaman. O‘zbekiston terma jamoasi uchun qurilgan bazaga joylashganmiz. Bu yerda futbolchi uchun kerak bo‘ladigan barcha shart-sharoitlar mavjud.
– Umuman olganda, O‘zbekistonda hayot qimmatmi?
– Toshkentda narx-navo Sankt-Peterburg yoki Moskvaga nisbatan taxminan ikki yarim barobar arzon. Oziq-ovqatdan tortib, xizmatlargacha – hammasi ancha maqbul. Qolaversa, Rossiyadan ketgan ayrim brendlar bu yerda hali ham ishlayapti.
– Oyiga o‘rtacha qancha xarajat qilasan?
– Qiz do‘stim bilan yashagan paytimda ikkimizga oyiga taxminan 70–100 ming rubl atrofida sarf bo‘lardi. Hozir esa yolg‘izman, bazada yashayman, deyarli hamma narsa shu yerda ta’minlangan. Natijada oylik xarajatim o‘rtacha 10 ming rubl atrofida. Asosan shaxsiy ehtiyojlar va ba’zan do‘konga chiqish uchun pul ketadi, – deydi Korshunov.

Fikrlar