
Rossiyalik "Samuray" o‘zbekistonlik raqibi, tayyorgarlik jarayonlari va imkoniyatlari haqida...
Kecha, hamyurtimiz Qudratillo Abduqahhorovning navbatdagi raqibi rossiyalik Sergey Lipinets bilan Qozog‘istonning Sports.kz sayti batafsil intervyu uyushtirganligi haqida xabar berish barobarida, yurtdoshimiz haqidagi savollarga Lipinetsning javoblarini e’tiboringizga havola etgan edik. Bugun ushbu intervyuni to‘liq variantini taqdim etamiz.
- Sergey, agar sir bo‘lmasa, karantin davrini qanday o‘tkazmoqdasiz?
- Qo‘shma shtatlardan Rossiyaga, Ozeriga bir oy oldin uchib kelganman va ikki hafta hamma narsadan izolyatsiya qilib qo‘yildim. Xatto, oilamdagilarni ham ko‘rmasdan uyda o‘tirdim.
Talab qilingan davrni o‘taganimdan so‘ng, barcha test natijalari ko‘ngildagidek chiqdi. Endilikda o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish davrida farzandlarim tarbiyasi bilan mashg‘ulman, oilam bilan birgaman. Ularni anchadan beri ko‘rmagandim. Rafiqam yolg‘iz o‘zi ikki farzandimiz bilan ikki oy qolib ketgandi. Uning holatini tasavvur qila olmayman. Agar men farzandlarimiz bilan yolg‘iz qolib ketsam, bir soatlardan so‘ng rafiqamga qo‘ng‘iroq qilib, darrov uyga qaytishini iltimos qilaman. Kichik farzandimiz Lev 8 oylik, kattamiz 3 yosh-u 8 oylik. Har ikki farzandimiz ham bir kunda tug‘ilgan.
- Sport formangizni ushlab turishingizda qiyinchiliklar bo‘lmadimi?
- Bizda unaqa kuchli karantin yo‘q. Mening uyimdan o‘rmongacha besh daqiqalik yo‘l, yugurish uchun o‘sha erga boraman. Har-xil mashqlar bajaraman, gantellar bilan ishlayman. Afsuski boks qoplari yo‘q. Biz kvartirada yashaymiz. Hovli sotib olishga hali ulgurmadik. Shuning uchun, hozircha faqat yugurish va engil mashg‘ulotlar bilan bandman.
- Balki o‘rmonda biron joyga boks qoplarini ilib qo‘ysa bo‘lar?
- Ilish uchun ularni oldin olish kerak. O‘zingizga ma’lum hozir barcha kompaniyalarda muammolar bor. Hammasi tugaganidan so‘ng, balki jahon chempioni sifatida menga boks qoplarini sovg‘a qilishar... Hozircha bunday mashg‘ulotlardan dam olyapman. Bunga qadar, to‘rt oy qoplar bilan ishlagandim.
- Siz mart oyida aytgandingiz-ki, koronavirus pandemiyasi boshlanishi sababli Amerika Qo‘shma Shtatlarida oziq-ovqat masalasida muammolar bo‘layotganini. Rossiyada ham shunday holatmi?
- Bu erda sal boshqacharoq. Unday muammolar yo‘q. Agar Amerikada magazinga 3-4 xaridordan kiritishib, yana 5-6 tasi ko‘chada navbat kutib turishadigan bo‘lsa, bizda barcha xaridorlarni muammosiz ichkariga kiritishadi. Katta magazinlarda kassa oldida 10 tagacha xaridorlar navbatda turishadi. Barcha oziq-ovqat mahsulotlari bisyor. Faqat narx-navoda farq bor.
- O‘zbekistonlik Qudratillo Abduqahhorov bilan may oyida bo‘lib o‘tadigan jangingiz qoldirildi. Ushbu jang qachon bo‘lishi haqida nima deya olasiz?
- Hozircha aniq ma’lumotim yo‘q. Bevosita internet orqali guvoh bo‘ldim, Bob Arum BBC bilan translyatsiyalarni iyun oyidan boshlashlarini ta’kidladi. Umid qilamanki, avgust oyiga borib bizning jangimiz bo‘lib o‘tadi. Bu baribir aniq ma’lumot emas.
- O‘zbekistonlik raqibingiz haqida nimalarni bilasiz?
- Biz uning barcha janglarini ko‘rib chiqdik. Kuchli va yaxshi jangchi. Mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda. Shuning uchun ham IBF reytingida 1-o‘rinda turganligi ajablanarli emas. U oyoqlarida juda yaxshi harakat qiladi. Sobiq Ittifoq maktabidan qolgan ya’ni qarshi hujumlardan tashkil topgan uslub... Uning ko‘p seriyali zarbalari bor va hali biror marta nokdaunga ham uchramagan. U juda baquvvat jangchi.
- Sobiq Ittifoq boksi maktabining a’zosi bilan birinchi jangingiz bo‘ladi. Shuning uchun, bu jang oldingilaridan qaysidir jihati bilan farq qiladimi?
- Albatta, sababi amerikalik bokschilar oyoqlarida unchalik ko‘p harakatlanishmaydi. To‘g‘ri, mening undanda jiddiy raqiblarim ham bo‘lgan. Masalan, Mayki Garsiya, oyoqlarida yaxshi harakatlanadigan, tez zarbaga ega edi. Biz barchasiga tayyormiz. Jangga oid rejalarimiz ham bor. Bu to‘qnashuvga obdon tayyorgarlik ko‘rganmiz. Qolaversa, qaytib uchib borishim bilan tayyorgarlikni yana davom ettiramiz.
- O‘rtaga tikiladigan IBF yo‘nalishining vaqtinchalik chempioni unvoni kelajakda qanday imkoniyatlarga yo‘l ochishi mumkin?
- Hozir bu yo‘nalishda jahon chempioni Errol Spens hisoblanadi. Shuning uchun, mazkur jang g‘olibi bilan chempionlik titulini himoya qilishi yoki kamarni topshirishiga to‘g‘ri keladi. Shunga qo‘shimcha vaqtinchalik kamar egasi va boshqa titullari bor. Kamarlarni birlashtirish janglarida ancha jiddiy raqiblar bilan uchrashishi mumkin. Agarda ular xohish bildirishsa... O‘zingizga ma’lum, hozirgi chempionlar Terens Krouford, Menni Pakyaolardir, ulardan tashqari yana boshqa yaxshi bokschilar ko‘p.
- Ko‘pgina mutaxassislar, Errol Spens (26-0, 21 KO), boshqa raqiblarga qaraganda ancha kuchli ekanligini ta’kidlashmoqda. Siz yarim o‘rta vazn toifasidagi amerikalik bokschini taxtdan ag‘darishga tayyormisiz?
- Albatta, men u bilan jang qilishni xohlardim. Hozir o‘z trenerom Djo Gussen bilan mashg‘ulot olib bormoqdaman va bizning tayyorgarligimiz saviyasi umuman boshqacha. Men o‘z oldimga jiddiy maqsad qo‘yganman. Gussen bilan birgalikda tayyorgarlik ko‘rib, albatta g‘alaba qozonaman deb o‘ylayman.
- Spens singari bokschilar bilan jangda o‘z ustunligingizni nimada deb o‘ylaysiz?
- Mayki Garsiya: “Men Spensga qaraganda kuchliroq zarbalar beraman” - degandi. Balki, aniqroq yoxud o‘z vaqtida. Takroran ta’kidlayman: men hozir Djo Gussen qo‘l ostida tayyorgarlik ko‘rmoqdaman va professional boksda kuch to‘plamoqdaman. Avval Baddi Makgirt qo‘l ostida shug‘ullanganman hamda u menda bor imkoniyatni rivojlantirgan. Djo Gussen esa menga ko‘proq yoqadigan va menga to‘g‘ri keladigan uslub - yaqin hamda o‘rta masofalarga ko‘proq e’tibor beradi. Ya’ni Amerikada buni - “meksikancha” uslub deyishadi. U, ko‘proq oldinga borib zarbalar berish va himoyalanish, shularning hammasini o‘rgatadi. Hozircha o‘sish jabhasida turibman hamda uning bilan birgalikda yaxshiroq boks tushishni o‘zlashtiraman deb hisoblayman. Spens bu holatga tayyormi yo‘qmi, bilmadim.
- Gussen bilan anchadan buyon hamkorlik qilayapsizmi?
- Djo Gussen bilan hamkorligim Lamont Piterson bilan jangimdan boshlangan. Ushbu to‘qnashuv “Yil janggi” nominatsiyasiga kirgan. Ikkinchi jangimizda filippinlik bokschini nokaut qilganman. Bor yo‘g‘i bir yarim, ikki yil hamkorlik qilayotganligimizga qaramasdan, ikkita jangda ikki nokaut qayd etdik.
- BoxRec saytidagi “Samuray” laqabingiz nimani anglatadi. Nimaga asosan bu laqabni berishgan?
- Bilmadim. Men shug‘ullangan “Banzay” klubidagi yigitlar menga shu laqabni berishgan. Balki ko‘proq osiyoliklarga o‘xshashligim va hech qachon ortga chekinmasdan mushtlashganim uchundir, 14 yoshligimda o‘zimdan katta 18-20 yoshdagi bolalar bilan ham urushaverardim.
Manba:Sports.kz
Fikrlar