
Ro‘ziqul Berdiev: Terma jamoada o‘ynaydigan futbolchilar jarohat olishini xohlamaymiz
Ertaga O‘zbekiston Superkubogi doirasida "Nasaf" hamda "Andijon" jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. Mazkur bellashuv oldidan har ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Quyida qarshiliklar ustozi Ro‘ziqul Berdievning fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin:
- Assalomu alaykum barchaga. O‘ylaymanki, ertangi o‘yin ajoyib muhitda bo‘ladi va muxlislar uchun haqiqiy bayramga aylanadi. Bu bitta uchrashuvdan iborat o‘yin. Nazarimda, bahs keskin kurashlarga boy bo‘ladi. Yigitlarning kayfiyati a’lo darajada va biz ertangi o‘yinga tayyormiz.
- "Nasaf" himoyachilarining stabil emasligi sizni havotirga solmayaptimi?
- Bu savolingizni biroz chalkashtirib berdingiz. Muhammadiev yosh futbolchilardan ham tez yuguradi. To‘g‘ri, aksar futbolchilarimizda tezlik yo‘q, ammo tajriba bor. Ayni vaqtda jamoamiz Superligada peshqadam va muhokama qilishga o‘rin yo‘q. Himoya oqsayotgan bo‘lganda, natija bunday bo‘lmasdi. Yigitlarimning himoyadagi o‘yini meni qoniqtiryapti.
- Adashmayotgan bo‘lsam, Maksim Shatskixga murabbiy sifatida sizni mag‘lub eta olmagan. Bu haqda nima deya olasiz?
- Bu shunchaki statistika. Ushbu bahs boshqa darajada bo‘ladi. Maks bu safar boshqa jamoa bilan bizga qarshi o‘ynaydi. Statistikadan ko‘ra, jamoamning muvaffaqiyati muhim.
- "Nasaf" ketma-ket ikki mavsumdan buyon kubokda guruh bosqichida qolib ketyapti. Jamoa aybini yuvish uchun ertangi Superkubokda g‘alaba qozonishni maqsad qilganmi?
- Bilasizmi, xuddi o‘tgan yilgi natijalar takrorlanayotgandek. Biz kubokdan chiqib ketdik. Orqaga qarash shartmas va faqat oldinga intilish kerak. Kubokdagi vaziyatimizni esdan chiqarib, bor e’tiborimizni ertangi o‘yinga qaratishimiz kerak. O‘ylaymanki, ertaga bahs umuman boshqacha bo‘ladi.
Sherzod Nasrullaevning zaxirada qolayotgani haqida
- Sherzod Nasrullaev bizning tajribali futbolchilarimizdan biri sanaladi. Uning zaxirada qolib ketayotgani jarohati bilan bog‘liq. u oxirgi bellashuvlarda betob bo‘ldi va jarohatini tuzatish bilan band.
- Ertangi bahsda terma jamoaga chaqirilgan futbolchilarga nisbatan ehtiyotkorlik bormi?
- Terma jamoada o‘ynaydigan futbolchilar jarohat olib borishini xohlamaymiz. Biroq bu uchrashuvni ham unutib bo‘lmaydi. O‘ylaymanki, ertaga futbolchilar maydonda borlarini berishadi.
- Agar ertaga o‘yin penaltilar seriyasiga borsa, Abduqohid Ne’matov yana penalti tepadimi?
- Bizda penalti tepadiganlar ancha ko‘paydi. O‘ylaymanki, bu vaziyatgacha borsak, bizda muammo bo‘lmaydi. Biz mashg‘ulotlarda buning ustida ishladik.
- Ertangi uchrashuvda muxlislarning qo‘llab-quvvatlovi qanchalik muhim?
- Ertaga ajoyib muhit bo‘ladi. Bu har tarafdan yoqimli. Nafaqat, stadionga kelib, balki, televizor orqali ko‘rish ham ancha yaxshi bo‘ladi.
Fikrlar