
Runi, Anri, Drogba va endi navbat Beylga. APLga tarixiy qaytishlar
Garet Beylning "Tottenxem"ga qaytishi amaldagi transfer oynasining muhim voqeasi bo‘ldi. SPORTS.uz sayti APLga qaytgan yulduzlarni eslab o‘tadi.
Beyl taxminan ikki yil oldin so‘nishni boshlagan faoliyatini tiklash maqsadida oradan 7 yil o‘tgach, "Real"dan "Tottenxem"ga qaytdi.
Uelslik futbolchi ikki yil ichida "Real" bilan kechirgan "botqoqlik" davrida futbol o‘ynashni unutmaganligini isbotlashi kerak bo‘ladi. Qayd etish kerakki, Beyl sobiq jamoasiga qaytish orqali faoliyatini qayta tiklashni maqsad qilgan birinchi yulduz futbolchi emas. Futbolchilar o‘zlarini tanitgan jamoaga qaytishi doim ham omadli chiqavermagan. Keling, shunday qaytishlarning ayrimlarini yodga olamiz.
Dide Drogba ("Chelsi", 2004-12, 2014-15)
Drogba shubhasiz, "Chelsi" tarixidagi eng yaxshi hujumchisi bo‘lishni uddalagan. Afrikalik futbolchining 2014 yili "Stemford Bridj"ga qaytishi uning obro‘siga zarar etkazmadi. Drogba London klubida o‘nlab sovrinlarni qo‘lga kiritgan. O‘z darajasining yuqori cho‘qqisiga chiqqanida jamoani tark etgan. Biroq, bir necha yillar o‘tib, jonajon klubiga qaytdi va sovrin yutishni uddaladi. U 37 yoshida to‘rttinchi bor chempionlikni nishonladi va jamoaning o‘yinlarida muhim ahamiyat kasb etdi.
Robbi Fauler ("Liverpul", 1993-2001, 2006-07)
330 ta bahsda 171 ta gol urishga erishgan Robbi Fauler 2001 yili "Lids" jamoasiga 11 mln funtga sotib yuborildi. Angliya futbolidagi eng kutilmagan qaytishlardan biri. 2005 yilning oxirlarida yaxshi sport formasiga ega bo‘lmagan, jismoniy holati sust va jarohatlangan "Liverpul" afsonasi "Manchester Siti" tarkibidan chetda qolayotgandi. 2006 yilning yanvar oyida "shaharliklar" Fauler bilan shartnomani bekor qildi va kutilmaganda "Liverpul" afsonaning jamoaga qaytganini e’lon qildi. Albatta, uning qaytishi avval qayd etgan natijasi kabi bo‘lmadi. Ammo Fauler qaytgach, o‘zini yomon ko‘rsatmadi, o‘nlab gollarga mualliflik qildi va Kenni Dalglishni ortda qoldirgan holda, "mersisaydliklar" tarixidagi to‘purarlar ro‘yxatida oltinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Terri Anri ("Arsenal", 1999-2007, 2012)
2012 yilda "Nyu-York" klubidan atiga 2 oyga ijaraga olingan bo‘lsa-da, "Arsenal" muxlislari o‘z baxtlariga ishonishmasdi. Anri ilk bor London klubiga kelganida "Yuventus"dan 10,5 mln funt evaziga sotib olingan, "Arsenal" bilan ikki marta APL chempionligi, uch marta Angliya kubogini yutgan va jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylangandi. Uning qisqa muddatga qaytishi u qadar ham muhim emasdir, lekin uning "Lids"ga qarshi kechgan ilk o‘yinida zahiradan maydonga tushib, juda muhim golni urgani va "kanonirlar" libosidagi "Sanderlend"ga qarshi so‘nggi uchrashuvida darvozani ishg‘ol etganini muxlislar hech qachon unutmaydi.
Pol Pogba ("Manchester Yunayted", 2011-12, 2016-...)
Frantsiya terma jamoasi yarim himoyachisi Pol Pogba "Manchester Yunayted" tarkibidagi ettita bellashuvidan so‘ng, "Old Trafford"ni tark etib, 1,5 mln funt evaziga "Yuventus"ga ko‘chib o‘tdi. Uni keraksiz bo‘lgan va porlamaydigan futbolchi, deb hisoblashgan. To‘rt yil o‘tib, MYu Pogbani qayta sotib oldi va u uchun 89 mln funt to‘lab, o‘sha paytdagi jahon rekordini yangilagan.
Junino ("Midlsbro", 1995-97, 1999-2000, 2002-04)
Junino 1995 yilda San-Paulu shahridan 4,75 mln funt evaziga "Midlsbro" safiga qo‘shilganida darhol o‘zining yorqin faoliyati bilan kuchli taassurot qoldirdi. U 1997 yilda jamoaning Angliya kubogi va Liga kubogi finaliga chiqishida muhim rol o‘ynadi, ammo "Midlsbro" APLni tark etishidan qutqarib qololmadi va "Atletiko"ga 12 mln funt evaziga sotib yuborildi. Junino 1999 yili birinchi marta Angliyaga ijara asosida qaytdi, ammo jarohati tufayli avvalgidek o‘zini ko‘rsatolmadi. Biroq, "Midlsbro" taslim bo‘lmadi va braziliyalik futbolchiga uchinchi bor "eshik" ochdi. 2002 yilda ingliz klubi Juninoni 6 mln funtga xarid qildi. Aytgancha, bu safargi urinish yaxshi natija berdi. U 2004 yili jamoaga Angliya Liga kubogini yutishda va Evrokubok yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda katta yordam berdi.
Jermeyn Defo ("Tottenxem", 2004-08, 2009-14)
"Tottenxem" muvaffaqiyatli qaytish haqidagi hikoyalarni yaxshi biladi. Defo birinchi marta 2004 yilda "Vest Xem"dan "Tottenxem"ga 7 mln funt evaziga kelib, 177 uchrashuvda 64 ta gol urgan va Angliya terma jamoasi futbolchisi sifatida o‘zini tanitib, ishonchli forvard maqomidagi obro‘ga ega bo‘lgan. Keyin, u "Portsmut" klubiga ko‘chib o‘tdi va bor-yo‘g‘i bir mavsum ushbu jamoa sharafini himoya qildi. Ko‘pchilik Defoning yo‘qligini payqamadi. Chunki "Tottenxem"ga qaytganidan keyin ham u gollar urishni davom ettirdi va "shporlar" tarixidagi oltinchi to‘purarga aylandi.
Ueyn Runi ("Everton", 2002-04, 2017-18)
Juda yaqin tarix. Runi, albatta, o‘z nomi bilan "Manchester Yunayted"ni eslatadi, ammo uning qaytishi "Everton" bilan bog‘liq. Runi "ko‘klar"dagi ilk faoliyatida 77 ta bahs o‘tkazib, 17 ta golga mualliflik qilgan va 2004 yilda uni MYu 27 mln funtga sotib olgan. Iqtidorli forvard "qizil iblislar" bilan 5 marta APL g‘olibligini va 1 martadan Chempionlar ligasi, Evropa ligasi hamda Angliya kubogini qo‘lga kiritgan. 2017 yilga kelib, yoshligini o‘tkazgan jamoasiga qaytdi. "Everton"ga qaytishi bilanoq jamoaning eng yaxshi to‘purariga aylandi, ammo keyinchalik AQShga yo‘l olishga qaror qildi.
Sol Kempbell ("Arsenal", 2001-06, 2010)
Kempbell "Arsenal"dagi dastlabki faoliyati davomida ikki mart Angliya chempionligi, uch marta Angliya kubogini yutgan va 2006 yilgi Chempionlar ligasining finalida "Barselona" darvozasini ishg‘ol etgan, ammo ushbu bahsda London klubini imkoniyatni boy berib qo‘ygan. "Kanonirlar" safini tark etgan Kempbell "Portsmut" jamoasida 3 mavsumni o‘tkazdi va keyin "Notts Kaunti" klubi tarkibini to‘ldirdi, ammo hech qancha vaqt o‘tmay, jamoadan ketdi. 35 yoshga kelib, hech narsasiz qolgan Kempbell o‘zining sobiq jamoasiga qaytdi va "Arsenal" bilan mashg‘ulot o‘tkazdi. Arsen Vengerni hayratda qoldirgan himoyachi 2010 yilning yanvarida bitim imzoladi. Londonliklar safida qisqa vaqt o‘tkazgan bo‘lsa-da, "Nyukasl"ga ketishidan oldin, bir nechta bellashuvlarda maydonga tushishga ulgurgandi.
Fikrlar