Rustam Turdimurodov "Vorskla" bilan o‘yindan so‘ng: "To‘g‘risi, tezkor gol urishimni kutmagandim"

  • 30 yanvar, 21:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“Andijon” klubi Ukrainaning “Vorskla” jamoasiga qarshi uchrashuvda 4:3 hisobida g‘alaba qozonganidan xabardorsiz.

“Burgutlar” safida hujumchi Rustam Turdimurodov 2-daqiqadayoq tezkor gol urdi. Bu orqali u jamoasining Antaliya yig‘inidagi o‘rtoqlik uchrashuvlari doirasida ilk goli muallifiga ham aylandi.

Turdimurodov ushbu bellashuv borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- “Andijon”ning Antaliya yig‘ini doirasidagi ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvida “Vorskla”ni mag‘lub etdi va siz jamoaning ilk goli muallifiga aylandingiz. Tezkor gol urishingizni o‘ylaganmidingiz?

- To‘g‘risini aytsam, tezkor gol urishimni o‘ylamagandim. Kutilmaganda bo‘ldi, vaziyat yuz berdi va bundan foydalanib qoldim.

- O‘yin sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Birinchi uchrashuvdan ko‘ra yaxshiroq va qiziqarliroq o‘tdi. Mashg‘ulotlarda qo‘llayotgan uslublarimizni o‘yinda ko‘proq qo‘llay oldik, deb o‘ylayman. Aynan biz xohlagan narsalarimiz ko‘proq o‘xshadi.

- Lekin, bilishimcha siz ham hisobning 4:3 bilan yakunlanishini kutmagan bo‘lsangiz kerak-a?

- Yo‘q, bunisini kutmagandim.

- Bungacha “Vorskla”ni qanday tasavvur qilgandingiz?

- Har doimgidek ukrain klublaridagi futbolchilar bo‘ydor, gavdali, tezkor va kuchliroq bo‘lishadi. Shuni kutgandim. Ammo o‘zimizdan ustun tomonlarini ko‘rmadim. Ularga qarshi birinchi marta o‘ynadim.

- O‘yin davomida sizga yoqqan va yoqmagan jihatlari nimada bo‘ldi?

- Yoqqan tomoni aytib o‘tganimdek, mashg‘ulotda bajarayotgan usullarimiz o‘yin davomida ko‘rindi. Yoqmagani esa o‘zim uchun hali jismonan to‘liq tayyor bo‘lmaganimni aytgan bo‘lardim. Ammo asta-sekin jismoniy tarafdan ham qo‘shib boryapman.

- Bunday yig‘inda eng muhimi o‘yin amaliyotini shakllantirish uchun o‘rtoqlik uchrashuvlari hisoblanadi. Oldinda yana bir qancha bellashuvlar kutmoqda. Yana nimalarga e’tibor qaratilmoqda?

- Aytishim mumkinki, jismoniy holat barchada yaxshi. Ko‘proq himoyadan hujumga o‘tishga urg‘u qaratyapmiz. O‘yinlarimiz ko‘p. Mashg‘ulotdagi usullarimizni o‘yinga olib chiqishga harakat qilyapmiz...

- ...Va shu holat “Vorskla” bilan uchrashuvda ko‘rindi.

- Ha, o‘yin mobaynida ancha ko‘zga tashlandi. O‘zim ham mazza qilib o‘ynadim. Ancha o‘xshadi.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!