Saken Bibosinov: “Buni o‘zimni oqlash uchun aytayotganim yo‘q”
Tokio Olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritgan taniqli qozog‘istonlik bokschi – Saken Bibossinov Toshkent mezbonlik qilayotgan jahon chempionatida mag‘lubiyatga uchraganidan xabaringiz bor.
-51 kg vazn toifasida o‘tkazilayotgan janglar doirasida qozog‘istonlik bokschi Hindiston vakili – Dipakka imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Saken ko‘p o‘tmay, o‘z ijtimoiy tarmoqlari orqali vaziyatga quyidagicha izoh berdi:

“Afsuski, men uchun boks bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionati yakuniga etdi. Men musobaqaga Qozog‘iston boksi tarixiga o‘z nomimni yozdirib qo‘yish maqsadida tashrif buyurgan edim. Mag‘lubiyatimni tan olaman va bunda faqat o‘zimni ayblayman. Xatolarga yo‘l qo‘ydim. Sabablar ko‘p. Bu haqida kimdir biladi, kimdir esa yo‘q. 2022 yilda juda og‘ir jarohat olgan edim. Natijada jarrohlik stoliga yotishimga to‘g‘ri keldi. Tiklanishim uchun 2 oydan ko‘proq vaqt ketdi. Bunga qadar musobaqalarda ishtirok eta olganim yo‘q. Operatsiyadan ko‘p o‘tmay, Toshkentga chempionatda ishtirok etish uchun keldim. Buni o‘zimni oqlash uchun aytayotganim yo‘q. Balki, kimdir meni pul uchun jahon chempionatida ishtirok etgan, deb hisoblar. Aslida, yurtim bayrog‘ini baland ko‘targan xolda, ikki karra jahon chempioni degan unvonga ega chiqmoqchi edim. Afsuski, rejalar har doim ham amalga oshavermaydi. Barchasi yaratganning qo‘lida ekanligini yana bir bor eslatmoqchiman. Endilikda, xatolarim ustida ishlayman. Nasib qilsa, ringga bundan ham kuchliroq bo‘lib qaytaman. Men sinib qolganim yo‘q."

Qozog‘istonlik bokschini enggan hindistonlik Dipak esa g‘alabani juda xotirjam qabul qildi. U saytimizga bergan intervyusida raqibning kim ekanligi u qadar muhim emasligi, maqsadi oltin medal bilan ortga qaytishligini yashirib o‘tirgani yo‘q:
- Avvalo muhim g‘alaba bilan tabriklayman!
— Rahmat.
- Turnir boshlanishidanoq amaldagi jahon chempioni bilan tushib qolish yoqimsiz bo‘lsa kerak?
— Dipak: Qachondir kuchli raqiblar bilan to‘qnash kelinadiku.
- Endi, turnirdagi asosiy raqib sifatida kimni ko‘rmoqdasizlar?
— Dipak: Jahon chempionatida barcha raqiblar juda kuchli. Alohida bittasini ta’kidlamoqchi emasman. Har qanday raqibga tayyormiz.

-51 kg vazn toifasida hamyurtimiz Hasanboy Do‘smatov muvaffaqiyatli yurishini davom ettirayotganidan xabaringiz bor. Saken Bibossinovning musobaqani erta tark etgani borasida hamyurtimiz ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bu sport. Unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Saken bilan birga jang o‘tkazishimiz kerak edi. Chunki u bilan hisob-kitobimiz 1:1 bo‘lib qolgandi. Endi u bilan qarama-qarshiligimiz qachonga qolganini bilmayman. Balki, Parij Olimpiadasi yoki Osiyo o‘yinlari kabi turnirlarda uchrasharmiz."

Fikrlar