Samvel Babayan: "Oldimizga qo‘yilgan vazifani bajara olmadik, bu - fakt!"
“Olimpik” – “Navbahor” (2:1) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Assalomu alaykum! Bugun bizni yaxshi o‘yinimiz bo‘lmadi, ayniqsa, birinchi bo‘limda. Chempionatdagi to‘xtalishlar bizga qiyinchilik tug‘dirdi. “Bunyodkor” bilan uchrashuvda nisbatan yaxshi o‘yin ko‘rsatgandik. Bugun esa birinchi bo‘limni ko‘ngildagidek o‘tkaza olmadik. Bu nima bilan bog‘liq? Bilasizmi, menimcha psixologik muammo bilan bog‘liq deb o‘ylayman. Ikkinchi taymda yaxshi o‘ynagan bo‘lsak-da, afsuski, to‘p darvozaga kirishni xohlamadi. Nima ham deyishim mumkin? “Olimpik”ni g‘alaba bilan tabriklayman. Raqib yaxshi himoyalandi va yaxshi hujumga o‘tdi. Umuman, yaxshi futbol ko‘rsatdi. Har tomonlama sifatli o‘yin namoyish etdi. O‘rni kelganda aytishim mumkinki, gollar ham chiroyli darajada bo‘ldi. Bugun “Navbahor”ning kuni emas ekan. Nima ham derdim? Chempionatdagi intriga tugadi. Bu mavsumdagi natijalarni tahlil qilib chiqishga yana ozgina vaqt bor deb o‘ylayman. Avvalo, oldimizdagi uchta o‘yinni yaxshi o‘tkazib olishimiz kerak. Shundan so‘ng 2023 yilgi natijalarni tahlil qilsak bo‘ladi.
- Jasur Yaxshiboev jamoa o‘yinlarida ko‘rinmayapti. Ammo u terma jamoaga chaqirildi. Aslida bu vaziyatda nima bo‘ldi? Ochiq ayta olasizmi?
- Jasur hozirgi kunda davolanyapti va ayni paytda reabilitatsiya jarayonini o‘tayapti. Uni terma jamoaga chaqirishganini sababi, Masharipov kutilmaganda terma jamoa bilan safarga bormaydigan bo‘lib qolgandi. Shu bois Yaxshiboevni termaga chaqirishgan.
- “Navbahor” chempion bo‘lolmadi, Kubokni ham yutolmadi. Hech nimani qo‘lga kirita olmagan mavsum haqida nima deb o‘ylaysiz?
- Mavsum boshida oldimizga qo‘yilgan vazifani bajara olmadik. Bu aniq fakt. Mavsumdagi oxirgi o‘yinimizni o‘tkazib olganimizdan keyin hammasini ko‘rib chiqamiz. Nimaga erishdik va nimaga erisha olmadik, ana shunda barchasini tahlil qilamiz. Kubok ham, chempionlik ham bizga nasib qilmadi. Nima uchun maqsadimizga erisha olmadik? Buni albatta o‘rganib chiqamiz.
- Keyingi uchrashuvda jamoangizda jiddiy yo‘qotishlar bor. Murabbiylar shtabi, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha va shifokorlarni ishini qanday baholaysiz?
- Tan olaman, bizda tajribali murabbiy Aleksa Boshkovich ishladi. Afsuski, u hozir klubda yo‘q. Uni ketishi oilaviy sabablar bilan bog‘liq. U bilan kecha astoydil gaplashib oldik. O‘ylaymanki, “Navbahor” futbolchilarining hozirgi jismoniy tayyorgarligi a’lo darajada. Agar bu borada muammo bo‘lganida jamoamiz bugun 98 daqiqa davomida hujum qila olmasdi. Aytishim kerakki, Boshkovich o‘rnida mahalliy mutaxassis Sherzod Jo‘raev ham yaxshi ishlayapti. Uning o‘rnini bildirmasdan yuqori darajada mehnat qilyapti.



Fikrlar
Olishdan ham savab quyishyapti