Sanjar Tursunov qanday qilib O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qaytmoqchi? - So‘z futbolchiga

  • 12 yanvar, 2020, 15:21
  • 0
  • Futbol

AGMK jamoasining yangi a’zosiga aylangan va joriy yil klubimizning ilk transferi bo‘lgan tajribali futbolchi Sanjar Tursunov klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

Quyida AGMK jamoasining yangi futbolchisi Sanjar Tursunovning qator mavzular bo‘yicha o‘z fikrlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

Dastlab Sanjar Tursunov AGMKga o‘tishga eng asosiy omil sifatida nima yoki kim rol o‘ynagani haqida so‘zladi:

— Birinchi navbatda Mirjalol Qo‘shoqovichning taklifi meni bu jamoaga o‘tishim uchun asosiy faktorga aylandi. Sababi, men avval ham terma jamoada ushbu tajribali mutaxassis bilan birga ishlaganman. Futbolchi uchun murabbiyning unga bo‘lgan ishonchi va qiziqishi muhim. Shuningdek, yangi mavsumda AGMK oldiga yuqori vazifalar qo‘yilayotgani ham meni bu jamoani tanlashimni engillashtirdi. Har bir futbolchi yuqori vazifalar qo‘yiladigan jamoada to‘p tepgisi keladi.

Olmaliqlik muxlislar avvalgi, O‘zbekiston MTJ safidagi yorqin o‘yinlari bilan tanilgan va O‘zbekistonda yil futbolchisiga aylangan optimal formadagi Sanjar Tursunovni ko‘rishlari mumkinmi, degan savolga futbolchi quyidagi javobni berdi:

— Men olmaliqlik muxlislarga nimaga qodir bo‘lsam, buni bor kuchimni sarflagan holda ko‘rsatishga va’da beraman. Shuni aytmoqchimanki, nafaqat o‘zim, balki butun jamoa yangi mavsumda ajoyib o‘yinlari bilan muxlislar olqishi va e’tirofiga sazovor bo‘lish uchun qattiq mehnat qilamiz. Shu o‘rinda muxlislarga nafaqat yaxshi va g‘alabali onlarda, balki futbolda ruy berishi mumkin bo‘lgan har qanday holatda ham jamoaga dalda bo‘lib, bizni yolg‘izlatib qo‘ymasliklarini so‘rardim. Ishqibozlar olqishi bizga ilhom beradi va doim olg‘a borishga undaydi. Shu boisdan ham ularning qo‘llab-quvvatlovi zarur. O‘ylaymanki, Xudo xohlasa yangi mavsumda AGMK o‘zining o‘yinlari va natijalari bilan muxlislarni xursand qiladi. Bunga esa barchamiz birgalikda erisha olamiz.

Yangi jamoada Sanjar Tursunovni hayron qoldirgan jihat uchradimi va AGMKning qolgan klublar bilan taqqoslaganda aynan nimalarda farq sezildi, degan savolga futbolchi quyidagicha javob qaytardi:

— Meni hayratlantiradigan jihat bo‘lgani yo‘q, shukur. Futbolda ko‘p yillardan buyon turli jamoalarda to‘p tepdim. Muhimi, yangi jamoada moslashish jarayonimda muammo yuzaga kelgani yo‘q. Bir tarafdan shunisi yaxshiki, AGMKda do‘stlarimdan Akmal Shorahmedov hamda qolgan ko‘plab futbolchilar bilan avvaldan tanish edim. O‘zbekistonni yaxshi tarafi, til bo‘yicha ham futbolchilar o‘rtasida to‘siq yo‘q. Asosan xorijda to‘p tepganim va u erda turli mamlakatlardan vakillar bo‘lishi sababli, oldin yangi jamoa muhitiga ko‘nikishda qiyinchiliklar uchrab turardi. Bu erda hammasi silliq kechmoqda. AGMKni faqat "Bunyodkor" bilan solishtirib, o‘shanda yangi jamoam haqida eshitganlarim bilan taqqoslashim mumkin. Ilk kunlarda sezganim va ko‘rganim: tartib va mashg‘ulot jarayoni yuqori darajada. Bu erga kelmasimdan avvalroq eshitganlarim va ko‘rganimdan keyingi xulosa: faqat yaxshi. AGMK qolgan klublarimga nisbatan faqat yaxshi tarafga farq qiladi, shunisi bilan ajralib turibdi. Bu erga kelib yangi jamoaga moslashish borasida hech qanday muammo bo‘lgani yo‘q. O‘zimni jamoani ichida anchadan buyon yurgandek his qilyapman. To‘g‘ri, har bir boshqa jamoada qandaydir yangiliklar bo‘ladi. Lekin muhit zo‘r, bu taraflama o‘zimni juda erkin his qilyapman.

AGMK o‘z tarixida milliy chempionatda sovrindor bo‘lmagani va Tursunov jamoaning yangi sahifasini yaratishda ishtirok etish imkoniyati futbolchilarga qanchalik motivatsiya berishi haqida:

— Futbolchilar doim o‘z darajasini ko‘rsatib, yuqori, maksimal vazifalarni bajarish uchun harakat qilishi lozim. Bu erga kelib anglaganim shu bo‘ldiki, rahbariyat, murabbiylar shtabi, futbolchilardan tortib jamoa uchun mehnat qilayotgan barcha personallargacha AGMK tarixida yangi sahifa ochish maqsadini ko‘rdim. AGMK jamoasi tarixiga kirish hamda yuqori natijalarni ko‘rsatish istagi har bir futbolchiga motivatsiya beradi.

Sanjar Tursunov AGMKda qaysi raqamni tanlashi haqida:

— Men yoqtirgan raqamlarning barchasi band ekan. Bu erga kelib, men bu raqamda o‘ymoqchiman, buni menga ber deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Shu bois bo‘sh turgan 77-raqamni olishni mo‘ljallamoqdaman.

Tursunov AGMKdagi o‘yinlari orqali yana O‘zbekiston milliy terma jamoasi eshiklarini ochishni mo‘ljallayotganini hamda vatan jamoasi sharafini himoya qilish uchun doim tayyor bo‘lishini ta’kidladi:

— Futbolchilarning azaliy orzulari qatorida doim terma jamoa libosida o‘ynash turadi. Ayni paytda bor konsentratsiyani va fokusni AGMKga qaratib, yangi mavsumda jamoamiz bilan yaxshi natijalarga erishsak, men ham yorqin o‘yin namoyish etsam, bu orqali albatta MTJga yana qayta eshik ochish mumkin. Agarda terma jamoadan taklif bo‘lsa, unda men doim tayyorman. Vatan jamoasi sharafini himoya qilish katta sharaf.

Sanjar Tursunov shaxsiy va jamoaviy ko‘rsatkich bo‘yicha yangi mavsumdagi minimal va maksimal vazifalar haqidagi savolga javob qaytardi:

— Men uchun va o‘ylaymanki, jamoa uchun ham OChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasini bajarsak, unda ko‘ngil xotirjam bo‘ladi. Men uchun minimal vazifa hamda maqsad - jamoaga yaxshi natijalar qayd etish uchun maksimal yordam berish. Meni shaxsiy ko‘rsatkichlar u qadar qiziqtirmaydi. Men to‘purarlik borasida talashmayman, muhimi jamoaviy natija. Ko‘plab assistlarni amalga oshirib, jamoadoshlarimning gol urishiga yordam berish uchun maksimal harakat qilaman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!