Sardor Rashidov - Kuper, Abramov, Qatar va termaga chaqirilmayotgani haqida
Yana Qatar yulduzlar ligasiga qaytib, «Qatar SK» sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz Sardor Rashidov kutilganidek jamoasining etakchilaridan biriga aylandi. Oxirgi paytlarda esa ushbu futbolchining terma jamoaga chaqirilmayotganligini sobiq murabbiy Ektor Kuperning uslubiga to‘g‘ri kelmayotganligi bilan ham izohlanayotgandi. Keyin esa Kuper ketdi va o‘rniga Vadim Abramov tayinlandi. Xabaringiz bor, yangi murabbiy 10 va 15 oktyabrda o‘tadigan uchrashuvlar uchun kengaytirilgan tarkibni e’lon qilgan va ular bilan mashg‘ulotlarni olib bormoqda. Biroq bu safar ham Rashidovga tarkibdan joy tegmagan. Bu holat esa muxlislarni hayron qoldirgan bo‘lishi ham mumkin.
«Meni termaga chaqirishmaganidan ta’sirlanganim yo‘q»
Qatar yulduzlar ligasida faoliyat olib borayotgan hamyurtimizning o‘ziga yarasha muxlislari bor, albatta. Darhaqiqat, terma jamoamizda esa bosh murabbiy o‘zgarganidan keyin Rashidovni yana tarkibga chaqirishlarini kutganlar bo‘lgandi. Lekin Vadim Karlenovich Sardorni chetlab o‘tdi. Dastlabki musohabamiz shu haqida boshlandi.
- Milliy terma jamoa haqida gapiradigan bo‘lsam, to‘g‘ri, meni bu yig‘inga jalb etishmadi, - deya gap boshladi, Rashidov. - Lekin men bu holatdan ta’sirlanganim yo‘q. Chunki terma jamoa hech qachon bir futbolchiga bog‘lanib qolmaydi. Qolaversa, ko‘p o‘yinchilarimiz termada yaxshi harakat qilishyapti. Agarda meni chaqirishsa, shubhasiz qo‘limdan kelganicha yordam berishga harakat qilaman. Ammo meni termaga jalb etishmasa, u holda bor e’tiborimni faqat klubimga qarataman va bu bilan hayot to‘xtab qolmaydi. Menga ishonch bildirgan klub rahbarlarining ishonchini qozonishga harakat qilaman. Shu o‘rinda terma jamoaga taklif qiladigan bo‘lishsa, ularning ishonchini oqlashga bor kuchimni sarflayman. Albatta, bo‘lajak bahslarda terma jamoamizga omad tilayman. Qolaversa, bizning guruhimizda oson raqiblar yo‘q. Ko‘rdingiz, yutishimiz kerak bo‘lgan uchrashuvda Falastinga mag‘lub bo‘ldik. Bu degani Osiyoda hamma yaxshi futbol ko‘rsatmoqda va boshqalar ham rivojlanishda davom etishmoqda.

«Murabbiy o‘zgargani futbolimiz uchun yaxshi bo‘ldi»
Oxirgi paytlarda milliy terma jamoamiz asosiy mavzuga aylandi. Ayniqsa, o‘sha Falastinga yutqazishgani sharmandali holat deb baholandi. Buning fonida esa bosh murabbiy o‘zgardi. Rashidov esa termamizdagi bunday o‘zgarishlarga o‘z munosabatini bildirdi.
- O‘ylashimcha, bu o‘zgarish futbolimiz va futbolchilarimiz uchun yaxshi bo‘ldi. Vadim Abramov O‘zbekiston chempionatini va o‘yinchilarni juda yaxshi biladi. Bu o‘zgarish qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini ko‘ramiz. Oldinda esa bizni Yaman va Singapurga qarshi o‘yinlar kutib turibdi. Biroq mana shu ikkala uchrashuv bilangina biz keyingi bosqichga chiqamiz degani emas. Guruhimizda hali kuchli raqib – Saudiya Arabistoni ham bor. Avvalo guruh bahslaridagi barcha uchrashuvlarni o‘tkazib bo‘lganimizdan so‘ng bu o‘zgarishga qandaydir baho bersa bo‘ladi. Hozircha esa bir nima deyish qiyin. Shuning uchun kutamiz va kuzatamiz. Bundan boshqa ilojimiz ham yo‘q.
«Kuperning hech qaysi uslubi bizga to‘g‘ri kelmadi»
Ko‘pchilik tomonidan Ektor Kuperning uslubi va taktikalari futbolimiz uchun yot ekanligi hamda bizga umuman mos tushmaganligi haqida ko‘plab tanqidlar aytildi. Chindan ham Kuper ishlagan davrda baribir himoyaviy o‘yin birinchi o‘ringa chiqqandi. Sardor ham ushbu mutaxassis qo‘li ostida o‘ynadi va uning uslublarini ko‘rdi. Kuper bizga rostdan ham to‘g‘ri kelmadimi, deya so‘raganimizda «Qatar SK» a’zosi shunday javob qaytardi:
- Gapning ochig‘i, bir so‘z bilan aytganda, Ektor Kuperning hech qaysi uslubi o‘zbek futboliga to‘g‘ri kelmadi. Uning qilgan hech bir ishi bizga mos kelmadi. Nafaqat, maydon va mashg‘ulotda, balki undan tashqari holatlarda ham. To‘g‘ri, Ektor Kuper Misrda ishlagan va ularni jahon chempionatiga olib chiqa olgan. Lekin O‘zbekiston futbolchilari va sharoitidan kelib chiqib aytganda, uning biror-bir ishi o‘zini oqlamadi.

«Falastindagi mag‘lubiyat meni taajjubga soldi»
Ayniqsa, uning taktik uslublarining bizga mos tushmayotganligining eng katta darajasi o‘sha Falastinga qarshi uchrashuvda ham yaqqol bilindi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, aynan ushbu mag‘lubiyatning fonida u iste’foga chiqarildi. Rashidov esa o‘sha o‘yin uni ham hayron qoldirganini aytdi.
- Albatta, ayniqsa, Falastinga mag‘lub bo‘lganimiz meni taajjubga solib qo‘ydi. Chunki endilikda biz guruhda oxirgi o‘rindamiz. Endi qolgan barcha o‘yinlarda yutishimiz shart va keyingi bosqichga chiqishimiz lozim.
«Abramovning uslubiga to‘g‘ri kelamanmi-yo‘qmi, buni ayta olmayman»
Ko‘pchilikka yaxshi ma’lumki, Vadim Abramov hujumkor, tomoshabop o‘yin uslubini xush ko‘ruvchi mutaxassislar qatoriga kiradi. Bu borada esa Sardor Rashidovning o‘yin uslubi go‘yoki Vadim Karlenovichning taktikasiga mos tushadigandek. Lekin shunga qaramasdan, u bu futbolchini o‘zining dastlabki yig‘iniga jalb etmadi. Qiziq, Rashidovning Abramov bilan munosabati qanday ekan va uning uslubi xususida nimadir deya olarmikin? Bu masalada o‘ziga murojaat qildik.
- To‘g‘risini aytsam, men hali Vadim Karlenovichning qo‘li ostida to‘p surmaganman. Shuning uchun bu borada biror nima ayta olmayman. Lekin 2011 yili Qatardagi Osiyo Kubogida uning boshchiligidagi o‘yinlarni ko‘rganman. O‘shanda O‘zbekiston terma jamoasi hozirgiga qaraganda hujumkor va chiroyli o‘yinlar namoyish eta olganini bilaman. Qolaversa, men bu murabbiyning o‘yin uslubiga to‘g‘ri kelamanmi yoki yo‘qmi, buni hozircha qizig‘i yo‘q. Chunki men terma jamoaga chaqirilganim yo‘q. Qachonki, meni termaga chaqirib, biror-bir o‘yinda ishtirok etganimdan keyingina bu masalada fikr bildirishim mumkin.
«Oilamga ham Qatar yoqadi»
Yaqinda Qatar yulduzlar ligasi ham boshlandi. Biroq Rashidov to‘p surayotgan «Qatar SK» mavsumni muvaffaqiyatli boshlay olmadi va birin-ketin mag‘lubiyatlarga uchradi. Hamyurtimiz esa buning sababi va Qatardagi hayoti haqida shunday deydi:
- Ha, biz to‘rtta uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradik. Chunki biz ayniqsa oxirgi daqiqalarda darvozamizdan gol o‘tkazib yuboryapmiz. Negadir jamoamizga omad etishmayapti. Vaholanki, o‘yinlardagi harakatlarimiz yaxshi, yomon emas. To‘pni nazorat qilish bo‘yicha ham ustunlik jamoamiz tomonida. Ketma-ket mag‘lubiyatlardan so‘ng jamoamizda bosh murabbiy o‘zgardi. Yangi murabbiy qo‘li ostida esa dastlabki uchrashuvni o‘tkazib g‘alabaga erishdik. Qatar chempionati menga begona emas. Oilamga ham Qatar yoqadi, to‘g‘risi, bu erda baxtlimiz. Qatarda hamma narsa menga to‘g‘ri keladi. U erda ko‘p narsalarga erishdim, ko‘plab gollar urishga muvaffaq bo‘ldim. Xudoga shukr, Xudo menga ko‘p narsa berdi.

«Terma jamoa murabbiylari klubning emas, mening o‘yinlarimni kuzatishadi»
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Rashidov o‘z jamoasi bilan mavsumni ko‘ngildagidek boshlay olmadi va o‘zi ta’kidlaganidek, ketma-ket mag‘lubiyatlar qayd etildi. Balki «Qatar SK»ning chempionatni qoniqarsiz boshlagani Sardorning terma jamoaga chaqirilishiga to‘sqinliq qilgandir? Aynan ushbu masala bo‘yicha futbolchimizga murojaat qilganimizda quyidagicha munosabat bildirdi:
- Gapingiz to‘g‘ri, biz birin-ketin mag‘lubiyatlarga uchradik. Ammo, o‘ylashimcha, mening termaga chaqirilmaganimga bu narsa ta’sir qilmadi. Jamoamiz mag‘lub bo‘ladimi-bo‘lmaydimi, mening o‘yinlarim va harakatlarimni murabbiylar kuzatishadi. Ular klubning nimaga erishishini emas, avvalo o‘z futbolchisining o‘yinlariga e’tibor qaratishadi. Albatta, men «Qatar SK» bilan mag‘lubiyatlarga uchraganim rost. Lekin degan savol tug‘iladi. Men va boshqa mutaxassislar uchun ham Qatar chempionati Osiyoda o‘z o‘rniga ega. Buni qit’adagi kuchli chempionatlar bilan ham taqqoslasa bo‘ladi. Nimaga? Chunki Osiyo Kubogida aynan Qatar terma jamoasi chempion bo‘ldi. Osiyoning etakchilarini mag‘lub etish o‘z-o‘zidan sodir bo‘lgani yo‘q. Osiyo Chempionlar ligasida esa Qatarning «Al Sadd» klubi yarim finalgacha keldi. Bilasizmi, klubim qanday natijaga erishishidan qat’iy nazar Qatar chempionati kuchli.
«Qatarga ikki yildan so‘ng qaytganimda o‘zgarishlarni ko‘rib ajablandim»
Chindan ham Qatar futboli katta o‘sishga erishmoqda va buni oxirgi Osiyo Kubogida ham ko‘rdik. Sardor esa Qatar futboli va uning chempionatini yaxshi biladi. Shu ma’noda aytganda, unda Qatar bilan o‘zbek futbolini bir-biriga yaxshigina taqqoslash imkoniyati mavjud. Biz ulardan nimalarni o‘rganishimiz mumkin? Rashidovning javobi esa shunday bo‘ldi:
- Qatardan nimani o‘rganishimiz mumkin? Aslida bizning ulardan kam joyimiz yo‘q. Hattoki, ulardan ko‘ra yaxshiroq o‘ynashimiz mumkin. Buni 2011 yilgi Osiyo Kubogida ham isbotlaganmiz. Qatar esa o‘sha 2011 yildan keyin ancha rivojlandi. Qatarda futbolga e’tibor top-darajaga ko‘tarilgan. Qatar chempionatida VAR tizimi bor. Bu tizim Osiyoning yana qaysi chempionatlarida qo‘llanilayotganini ochig‘i bilmadim. Bundan tashqari, hozirgi kunda Qatarda jahon chempionatiga juda katta tayyorgarlik ishlari olib borilyapti. Ispaniyalik ko‘plab mutaxassislar Qatarga kelib ishlashyapti. Mana, Xavi ham shu erda ishlayapti. To‘g‘risi, u erda bundan ikki yil avval o‘ynaganimda ham bunchalik rivojlanishga erishishmagandi. Oradan ikki yil o‘tib kelganimda esa bu erdagi o‘zgarishlarni ko‘rib ajablandim. Evropa standartlariga javob beradigan maydonlar, umuman hammasi yuqori darajada. Jahon chempionatida foydalanadigan birinchi stadion tayyor bo‘ldi. Bu «Al Vakra» o‘yingohi va biz u erda o‘ynadik. Juda optimal holatda. Issiqqa ham juda moslashgan. Har bir o‘rindiqning tagida konditsionerlar joylashgan.

Kuper bilan Qatar murabbiyning katta farqi bor»
Bizda ham xorijdan mutaxassis olib kelinishi kerak deb ko‘p gapirilgandi va shunga asosan argentinalik Ektor Kuper taklif etilgandi. Lekin bu o‘zini oqlamadi. Balki biz murabbiy tanlashda adashganmidik? Sardor esa shunday javob qaytardi:
- Kuper Misr terma jamoasining jahon chempionatiga chiqishiga katta hissasini qo‘shgan. Bilmadim, O‘zbekistonda nima uchun yaxshi ishlab keta olmadi ekan? Balki omadi kelmadimikin, to‘g‘risi, buni omadga ham yo‘yib bo‘lmaydi. Chunki o‘zim uning qilayotgan ishlariga guvoh bo‘lganman. Kuper bizga to‘g‘ri kelmadi. Bilasizmi, Kuperning Qatar terma jamoasi murabbiyi bilan katta farqi bor. Qatarning ispaniyalik murabbiyi yosh va u yoshlar bilan ishlashni biladi. Shu bilan birga zamonaviy futbolni o‘rgatadi.
«Termaga yaxshi o‘yinchilar chaqirilgan»
Abramov terma jamoa boshqaruvini o‘z qo‘liga olgach, tarkibni e’lon qildi va kutilganidek yangi futbolchilar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Rashidov esa bu masalada ham o‘z fikrini bildirdi.
- Tarkibga jalb etilgan futbolchilarning barchasi yaxshi. Ular O‘zbekiston chempionatida o‘zlarini ko‘rsatib kelishyapti. Albatta, ularni kuzatamiz va terma jamoada o‘zlarini qay darajada ko‘rsata olishlarini ko‘ramiz.
«Kuper davrida o‘z o‘yinimni topa olmadim»
Sardor Rashidovning terma jamoamizdagi oxirgi o‘yinlarini yodga oladigan bo‘lsak, uning o‘zi ham hatti-harakatlaridan qoniqmaganligi aniq. Bu borada muxlislarning ayrim e’tirozlari ham bo‘lgandi. Bu esa Kuperning uslubiga moslasha olmaganligi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin…
- Ektor Kuper paytida o‘z o‘yinimni ko‘rsata olmasligimga sabablar bo‘lgan, - deydi Rashidov. – U doim himoyaviy o‘yinni ma’qul ko‘rdi. Menimcha, ham himoyada, ham hujumda birdek o‘ynay oladigan futbolchi dunyoda bo‘lmasa kerak. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, men Ektor Kuperda o‘z o‘yinimni topa olmadim. Bu holat Osiyo Kubogida ham sezildi. Endi yangi murabbiy qo‘l ostida muxlislarni xursand qila olamiz, deb umid qilaman.
Fikrlar
Sardor Rashidovni eng yaxshi 3 futbolchi ichiga kiradi O'zbekiston bo'yicha tan olish kerakda chaqirish kerak edi. Bo'ldi endi oradagi xusumatlatni unutish kerak.