Sergey Arslonov: "Shuni vada beramizki, yuqori natijalarga erishish uchun maksimal darajada harakat qilamiz"
Maʼlumki, “Andijon” klubida murabbiylar shtabi oʻzgardi. Endilikda vaqtinchalik bosh murabbiy Islom Ahmedovga katta murabbiy sifatida Sergey Arslonov yaqinidan yordam bera boshlandi.
Kuni kecha klub matbuot xizmati Sergey Sergeyevichdan dastlabki intervyuni oldi.
- Sergey Sergeyevich, “Andijon”da ish boshlashingiz siz uchun yangi chaqiruvdir va sizni tabriklaymiz. Bu taklif siz uchun kutilmaganda boʻldimi?
- Birinchi navbatda tabrik uchun rahmat. Toʻgʻri taʼkidlab oʻtdingiz, bu men uchun katta taklif. Jamoadagi oʻyinchilar ancha shakllangan va kuchli saviyadagi futbolchilar jamlangan. “Andijon” oʻziga xos jamoa va katta tarixga ega boʻlgan klublardan biri deb hisoblayman. Albatta, jamoa anʼanalariga ega boʻlgan ajoyib jamoa. Bu yerda yaxshi sharoitlar yaratilgan. Shu bilan birga bu yerdagi muxlislarni alohida taʼkidlab oʻtish kerak. Albatta, hozirgi vaziyatda turnir jadvalidan kelib chiqib barchamizdan masʼuliyat bilan ish yuritishni talab qiladi. Oldimizda masʼuliyatli vazifa turibdi. Jamoa va muxlislar ishonchini qozonishimiz uchun har bir uchrashuvda gʻalaba qozonishimiz kerak. Bizdan nimaiki talab qilinayotgan boʻlsa, buning uchun bor kuchimiz bilan mehnat qilamiz va oldinga intilamiz.
- Oʻtgan yili klub bazasi foydalanishga topshirildi. Infrastruktura tubdan yaxshilandi. Xoʻsh, klub qarorgohi sizga yoqdimi?
- Toʻgʻrisini aytaman, birinchi marta bu yerdaman. Oldin eshitgandim. Oʻzim yaratilgan sharoitlarni koʻrdim va hissiyotlarim boshqacha, taassurotlarim ulkan. Bilasizmi, bu yerda eng asosisi, futbolchilar uchun hamma shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Oʻyinchilarni tiklanishi, oʻyinga tayyorgarlik jarayonlari uchun bu yerda barcha narsa bor. Maydon chimi, bazadagi hamma jihozlar, imkoniyatlarni albatta taʼkidlab oʻtishim kerak. Futbolchilarni oʻsishi va ularni yanada kuchli oʻyinchi boʻlib yetishishlari uchun bazada hamma sharoitlar yaratib qoʻyilgan.
- Futbolchilarni hozirgi holati va jamoani imkoniyatlari qanday?
- Yuqorida aytib oʻtganimdek, klubda tajribali oʻyinchilar yigʻilgan. Oldingi murabbiylar shtabi selektsiyachilar ishlarini olib borishdi. Barcha yigʻilgan oʻyinchilar oʻziga yarasha mahoratli. Imkoniyatlarimiz haqida toʻxtalsam, hozircha bunga erta. Shuni vada beramizki, yuqori natijalarga erishish uchun maksimal darajada harakat qilamiz. Bu nafaqat futbolchilarga, balki murabbiylar shtabi ham bu borada maksimal harakat qilamiz. Muxlislarimizni xursand qilish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz.
Fikrlar