
Sergey Ilin: "Neftchi" futbolchilarining texnikasi yaxshi, ular maydonda ko‘p yugurdilar"
“Neftchi” jamoasi Turkiyaning Antaliya yig‘ini doirasida Rossiya birinchi divizion vakili “Leningradets”ga qarshi bellashuvda 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan so‘ng “Leningradets”ga yangi qo‘shilgan qanot yarim himoyachisi Sergey Ilin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- O‘zinglarni qanday his qilyapsiz lar, nima sababdan raqibga yutqazib qo‘ydinglar?
- Umuman olganda, yig‘indagi ilk o‘yin bo‘lgani uchun his-tuyg‘ular o‘ziga yarasha. Bir tomonlama olib qaraganda, yana birga ekanligimiz xursand qilmasdan qo‘ymaydi. Boshqa tomonlama esa, garchi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lsa-da, yutqazib qo‘yganimiz biroz ko‘ngilni xijil qildi. Raqib o‘yin maromini o‘z qo‘liga olishni uddalay oldi, himoyalangan paytda esa juda zich joylashdi. Bunday paytda himoya qo‘rg‘onini yorib o‘tish osonmas. Shu bois uning jarima maydonchasi ichiga kirib olishga qaratilgan harakatlar zoe ketdi. Natijada to‘pni bu qanotdan, u qanotga oshirish bilan mashg‘ul bo‘ldik, xolos.
- Ko‘pchilikni almashtirishdi. Siz bo‘lsangiz, butun o‘yinni maydonda o‘tkazdingiz. O‘zingizni qanday his qilyapsiz, charchab qolmadingizmi?
- Yo‘g‘e, hammasi joyida. Agarda iloji bo‘lsa, yana bir taymni ham bemalol o‘tkazgan bo‘lardim. O‘zimni juda yaxshi his qilyapman, maydonni sog‘inib qolgan ekanmanmi, charchaganim umuman sezilmayapti. To‘g‘ri, aksar sheriklarimning umumiy holati optimal ko‘rinishda bo‘lmagani uchun ham almashtirishlar soni ko‘payib ketdi. Ammo bu vaqtincha va hammasi o‘tib ketadi.
- Raqib haqida nima deysiz?
- Yaxshi jamoa, futbolchilari texnik tomonidan yaxshi shakllanishgan. Ular maydonda ko‘p yugurdilar, xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdilar va bizdan farqli ravishda o‘z golini ura oldilar.
- Garchand bu o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lsa-da, mag‘lubiyatdan ranjiganingiz yuzingizdan sezilib turibdi...
- Ha, gapingiz to‘g‘ri. Futbolchi qanday maqomdagi bahs bo‘lmasin, har qananasiga uni yutishni xohlaydi. Nima ham derdim, bugungi bahsni boy berdik, ammo o‘z ustimizda yaxshi ishlasak, hammasi o‘z iziga tushib ketadi.
Fikrlar