
Shahram G‘iyosov Olimpiyada uchun havaskor boksga qaytgan bo‘larmidi?
Professional boksda 10 ta g‘alabaga erishgan Shahram G‘iyosov saytimiz uchun bergan intervyusida havaskor boksga qaytmasligini ma’lum qildi.
"Avvalroq, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish va terma jamoamizga medal kerakligi sababli havaskor boksga qaytgandim. O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionatlarida yutganman, Olimpiadada sovrindor bo‘lganman, ya’ni havaskor boksda o‘zimga kerakli natijalarga erishib bo‘lganman. Men oldinga yangi qadam tashlaganman, o‘z oldimga yangi maqsadlarni qo‘ydim. Ammo, shunday bo‘ldiki, menga "Shahram kelishing kerak va Olimpiada medalini olishing kerak," - deyishdi. Men esa xo‘p dedim, keldim. Ular mening menejerlarimni ham bunga ko‘ndirishdi. Xabaringiz bor, sparring jang ham o‘tkazildi. Shundan so‘ng, "sen professional boksga yondashib ketibsan, endi yoshlarga yo‘l beraylik, ular ham o‘zlarini ko‘rsatsin," - deyishdi.
"Shuni oldinroq aytsangiz ham bo‘lardi, menda niyatim ham yo‘q edi. Shundoq ham yoshlarga yo‘l ochib, havaskordan chiqib ketgandim," - deb aytdim.
Men federatsiyadagilarni barchasini xurmat qilaman. Ular menga professional faoliyatimda omad tilashdi. Bo‘ldi, bor narsa shu xolos," - dedi G‘iyosov.
Fikrlar