
"Sharmanda bo‘ldik, O‘zbekiston chempionatining darajasi bunchalik bo‘lishini kutmagandim" - "Metallurg"ning yangi ustozi aybini tan oldi va...
“Metallurg” klubi yangi bosh murabbiyi qo‘li ostida Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida “Andijon” jamoasiga qarshi bahs olib bordi va unda bekobodliklar o‘z darvozasidan javobsiz 5 ta gol olib chiqdilar.
Shu tariqa, klubning yangi ustozi ilk mag‘lubiyati va yirik hisobdagi “zarba”ni qabul qilib olishiga to‘g‘ri keldi. Uchrashuvdan keyin "Metallurg" bosh murabbiyi Vesko Steshevich savollarga javob qaytardi.
- O‘yinda yuz bergan voqeani izohlashim juda qiyin. Bunday bellashuvlardagi natijalar har doim ham kuzatilavermaydi. Futbolda o‘yinning dastlabki daqiqalaridagi o‘ziga yarasha xatti-harakatlar uning taqdirini belgilab beradi. Bugun shunday bo‘ldiki, shogirdlarim uchrashuv boshida juda yomon harakat qilishdi. O‘z navbatida bu raqib jamoa a’zolariga qo‘l kelib, birin-ketin yo‘l qo‘ygan xatolarimiz oxir-oqibat bizga qimmatga tushdi. Eng achinarlisi, unchalik xavfli ko‘rinishda bo‘lmagan to‘p oshirishdan so‘ng darvozamizdan gol o‘tkazib yubordik. Bu golga biz ham darhol javob qaytarishimiz mumkin edi. Lekin harakatlarimiz yakunday o‘xshamay qoldi. Boz ustiga ikkinchi holatda standart vaziyatda darvozamizdan gol o‘tkazib yubordik. “Andijon” a’zolarining standart vaziyatlaridan yaxshi foydalana olishlari mumkinligini bilardik va shunga yarasha tayyorgarlik ham ko‘rgandik. Keyinchalik yana bir golni raqibga shunchaki hadya qilib yubordik. Shundan so‘ng o‘yinimiz butunlay izdan chiqib ketdi va maydonda nima qilishimizni bilmasdan qoldik.
Uchrashuvning ikkinchi bo‘limida ham shu taxlitda o‘ynashda davom etdik. Aksariyat futbolchilarimiz o‘z saviyalaridan ancha yiroq bo‘lgan o‘yinni namoyish etishdi. Albatta, ularga darvozamizga kiritilgan birin-ketin gollar ruhiyatining izdan chiqishiga sabab bo‘ldi, deb hisoblayman. Afsuski, bugungi kunda juda ham alamli va achinarli mag‘lubiyatga duchor bo‘ldik. Qo‘pol qilib aytganda, biz sharmanda bo‘ldik. Ammo shunday taqdirda ham bugungi qayd etilgan salbiy natijadan o‘zimiz uchun kerakli xulosani chiqarib olishimiz darkor. Keyingi uchrashuvlarda bu kabi xatolarga yo‘l qo‘ymaslik payida to‘p suramiz. Mening yirik hisobdagi mag‘lubiyat borasidagi firkim shunday: besh marta 0:1 ga yutqazganda ko‘ra, bir marta 0:5 ga yutqazgan yaxshiroq. Umid qilamanki, bugungi mag‘lubiyatdan so‘ng yigitlarimiz yana shunday sharmandagarchilik bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydilar. O‘z navbatida “Andijon” klubini erishgan ishonchli g‘alabasi bilan tabriklayman.
- Negadir jamoangiz hujumchilarining ishi yurishmadi...
- Men faqat hujumchilarimiz haqida gapirib o‘tishni istamagan bo‘lardim. Maydondagi o‘yinchilarimiz juda bo‘sh va yomon to‘p surishdi. Bor gap shu. Mana shunday mag‘lubiyatdan keyin aybdorlar sifatida bir nechta futbolchini ko‘rsatish ham noto‘g‘ri ishdir. Butun jamoa mag‘lubiyat uchun birdek aybdor hisoblanadi. Bosh murabbiy sifatida mag‘lubiyatning sababchisi deya o‘zimni ko‘rsataman. Bunda mening ham katta aybim bor. Buni tan olish men uchun qiyin emas. Shuningdek, endi yigitlarni tushkun kayfiyatdan olib chiqish mening gardanimda turgan birinchi navbatdagi vazifa bo‘lib turibdi.
- Siz uchun yangi chempionat, yangi jamoa. Umuman olganda, Superligamizning saviyasi qanday ekan?
- To‘g‘risini aytsam, O‘zbekiston chempionatining darajasi bunchalik bo‘lishini hech kutmagandim. Superliga jamoalarining o‘yinlarini tomosha qilar ekanman, menda bu birinchilikda bo‘sh ishtirokchilar to‘planmagan ekan, degan taassurot uyg‘ondi. Bevosita ixtiyorimdagi klub haqida gapiradigan bo‘lsam, o‘tgan turda shogirdlarim g‘alabaga erishgan holda yaxshi taassurot qoldirishgandi. Lekin bugungi bellashuvdagi natija mana shunday bo‘sh o‘ynashimiz mumkinligini ham ko‘rsatib qo‘ydi. Demak, hali biz bajaradigan ishlar ko‘p. Jamoa futbolchilarini nima yaxshi saviyaga ko‘taradi? Faqat ijobiy natijalar. Biz mana shunga erishishga harakat qilgan holda to‘p surmoqchimiz.
Fikrlar