
Shavkat Mirziyoev Odil Ahmedovni yuksak unvon bilan taqdirladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at va ommaviy axborot vositalari sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni bilan vatanimiz mustaqilligini mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi, o‘zining yorqin iste’dodi, serqirra ijodi, ilmiy-innovatsion faoliyati bilan mamlakatimizning ilm-fan, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirish, yosh avlodni ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida har tomonlama barkamol etib tarbiyalash yo‘lidagi samarali xizmatlari hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun bir guruh hamyurtlarimiz davlatimizning yuksak unvonlari bilan mukofotlandi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
- Davlatimiz rahbari meni ushbu faxriy unvon bilan taqdirlaganlarini eshitib, boshim osmonga etdi. Bizning mehnatimizni shunchalik yuqori qadrlaganlari uchun minnatdorchilik bildiraman.
Albatta, bu biz uchun katta mas’uliyat yuklaydi. Futbolchilik faoliyatimda yanada ko‘p harakat qilib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga keng yoyilishiga o‘z hissamni qo‘shishga doimo tayyorman.
Bo‘lajak muhim uchrashuvlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori sifatida muxlislar ishonchini oqlashga harakat qilamiz.
Shu fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni Mustaqillik bayrami bilan tabriklayman!, - dedi Odil Ahmedov.
1987 yilning 25 noyabrida Namangan viloyatida tavallud topgan Odil Ahmedov professional futbolchilik faoliyatini 2006 yili “Paxtakor” jamoasida boshladi. U ilk uchrashuvni 18 yoshida 16 may kuni safar o‘yinida “Qizilqum”ga qarshi o‘tkazdi.
Odil Ahmedov “Paxtakor” tarkibida bir necha bor O‘zbekiston chempioni, mamlakat kubogi sohibi bo‘ldi. Shuningdek, MDH mamlakatlakatlari chempionlari kubogi musobaqada ham bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Yangi asrning eng yorqin o‘yinchilaridan bo‘lgan Odil Ahmedov faoliyati davomida uch marotaba O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi, deb topilgan.
Iste’dodli yarim himoyachi Rossiya chempionatida “Anji” va “Krasnodar” jamoalari safida to‘p suradi va bu chempionatda eng ko‘p – 211 ta uchrashuv o‘tkazgan o‘zbekistonlik futbolchi sifatida rekor o‘rnatgan. Odil Ahmedov har ikki klubda ham mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi, deb e’tirof etildi.
Ayni paytda jahon yulduzlari bilan bir qatorda Xitoy chempionatida “Shanxay SIPG” jamoasi sharafini himoya qilayotgan hamyurtimiz dunyodagi eng ulkan mamlakat chempionligiga ham sazovor bo‘lgan.
Odil Ahmedov O‘zbekiston terma jamoasi safida 100 dan ortiq uchrashuvda maydonga tushib, 20 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan.
Davlatimiz rahbari Farmoniga ko‘ra, o‘zbek futbolining rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tajribali mutaxassis Ravshan Haydarov esa, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Ayni paytda “Surxon” klubini boshqarayotgan murabbiyga muvaffaqiyat tilaymiz.
Fikrlar
Shanxay SPIJ