
Sherali Jo‘raev: Bir marta bo‘lsa ham Sherali Jo‘raev bilan uchrashish niyatim bor
“Qizilqum” jamoasida ko‘p yillardan beri to‘p surib kelayotgan yarim himoyachi Sherali Jo‘raev hozirda o‘z klubining etakchisi hamda sardori hisoblanadi. Ushbu o‘yinchi bilan esa bir qator masalalarda qiziqarli suhbat uyushtirishni rejalashtirib qo‘ygandik. Natijada futbolchi taklifimizni ijobiy qabul qildi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, futbolchi Sherali Jo‘raevni el suygan san’atkor Sherali Jo‘raev bilan qanday aloqasi bor? Shu bilan birga “Qizilqum”ning omadsiz starti, murabbiyning o‘zgarishi kabi masalalarda ham suhbat uyushtirdik.
- Sherali, dastlab karantinni qay holatda o‘tkazayotganingiz xususida to‘xtalib o‘tsangiz?
- Oilam bilan birgaman. Shuningdek, har kuni bo‘sh o‘tirganim yo‘q. Boisi, murabbiylarimiz tomonidan berilgan mashqlarni individual tarzda bajaryapman. Biz hamma vaqt tayyor bo‘lib turishimiz kerak. Negaki, karantin baribir qachondir tugaydi. Ana shunda chempionatimiz o‘yinlariga ham yana ruxsat beriladi. Buning uchun esa uyimizda shug‘ullanib, imkoni qadar tayyor bo‘lib turishga harakat qilyapmiz. Umid qilamanki, tez orada hammasi yaxshi yakun topadi. Lekin ayni paytda barchamiz karantinga rioya qilgan holda uyda o‘tiribmiz.
- Hozircha chempionat qachondan davom ettirilishini hech kim bilmaydi. Garchi individual shug‘ullanayotgan bo‘lsangiz-da, chempionat boshlanishigacha ortiqcha vaznga ega bo‘lib qolishdan xavotirda emasmisiz?
- Yo‘q, bu borada xavotirda emasman. Chunki professional futbolchi har qanday holatda ham o‘zining vaznini va holatini me’yorida ushlab turishi kerak. Uyda shug‘ullanamizmi yoki stadiondami, nima bo‘lganda ham sportchi qat’iy rejimga amal qilgan holda ortiqcha vazndan saqlanishi muhim. Masalan, men hovlimizda har kuni mashg‘ulot o‘tkazib turibman. Hamma narsa o‘zimizga bog‘liq. Boya aytganimdek, karantin albatta tugaydi. Biz esa o‘sha paytgacha sport formamizni saqlab turishimiz kerak bo‘ladi.
- Endi “Qizilqum” jamoasiga to‘xtalsak. Afsuski, jamoangiz mavsumni yaxshi boshlay olmadi. Holbuki, sizlar uchun qur’a yaxshi tushgandi. Dastlabki ikkita o‘yinni o‘z maydoninglarda “Nasaf” va “Surxon”ga qarshi o‘tkazib yutqazdinglar. So‘ng safarda Superliga debyutanti bilan durang qayd etdinglar. Buning sababini nima bilan izohlaysiz?
- Menimcha, bunga futbolchilardagi hayajon sabab bo‘ldi. Biz qishki yig‘in davomida Toshkent, Turkiya va Navoiyda shug‘ullandik. Aytishim kerakki, jamoamizning holati ancha yaxshi edi. O‘z maydonimizdagi ikkita o‘yinda boya aytganimdek, yigitlardagi hayajon kuchlilik qildi. O‘z muxlislarimiz qarshisida ularni faqat g‘alabalar bilan xursand qilishni istagandik. Ammo o‘zimizdagi bahslarda o‘sha hayajonni bosa olmadik deb o‘ylayman. Keyin esa safarda bir ochko oldik. Vaholanki, “Qizilqum” qishki yig‘indagi nazorat uchrashuvlarida yaxshi taassurot qoldirgandi. Ishonamanki, jamoamiz navbatdagi bellashuvlarda albatta o‘zini ko‘rsata oladi.
- Futbolda shunday gap bor: yutsa jamoa yutadi, yutqazsa murabbiy yutqazadi. Tabiiyki, natijaga bosh murabbiy javobgar bo‘lgani sababli “Qizilqum”ning mag‘lubiyatlaridan keyin Hamidjon Aktamov iste’foga chiqdi. Bunga qanday munosabat bildirasiz?
- O‘zingiz aytganingdek, chindan ham g‘alaba jamoaniki, mag‘lubiyat esa murabbiyniki. Lekin shuni aytmoqchimanki, o‘z maydonimizdagi ikkita mag‘lubiyatda murabbiylarimizni sababchi deb hisoblamayman. Bunga faqat biz o‘yinchilar aybdormiz. Boisi, o‘zimiz kutilgan o‘yinni namoyish eta olmadik. Shuning oqibatida ikkita uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradik. Yana bir bor takrorlayman: mag‘lubiyatlarimizning sababi murabbiylarda deb o‘ylamayman. Chunki Antaliya hamda Toshkentda o‘tkazgan o‘yinlarimizga qarab xulosa chiqargan holda aytyapmanki, bizda yaxshi jamoa tuzilgan. Shunchaki, chempionatning ilk turlarida yutqazib qo‘yganimiz tasodif bo‘ldi deb hisoblayman. Jamoaga Gvardiola yoki Mourinoni olib kelsangiz ham tarkibdagi futbolchilar baribir o‘sha-o‘sha. Negaki, maydonda murabbiylar emas, futbolchilar o‘ynashadi-ku. Shunday ekan, mag‘lubiyatlarda o‘zimizni aybdor hisoblayman.
- Jamoadagilarning bunday o‘zgarishga munosabati qanday bo‘lmoqda?
- Hammaning fikri har xil. Natija bo‘lmasa, hamma darhol murabbiylar shtabida o‘zgarishlarga qo‘l urishadi. Lekin boyagi gapimni yana qaytaraman: dastlabki ikkita uchrashuvda biz futbolchilar kerakli darajada o‘ynay olmadik va shu sababdan yutqazdik. Ammo o‘sha ikkala o‘yinni ham yaxshi boshlagandik. Balki keyinchalik bizga mahorat ham etishmagandir.
- Murabbiyning o‘zgarishi “Qizilqum”ga ijobiy ta’sir qiladi deb o‘ylaysizmi?
- Murabbiy o‘zgarishi ijobiy yoki salbiy bo‘ladi deya olmayman. Hamidjon Aktamov necha yillardan beri Navoiy futboliga o‘zining katta hissasini qo‘shib kelgan. Uning ketishi yaxshilikka bo‘ldimi yoki yomonlikkami, bu haqida hozircha hech kim biror nima ayta olmaydi. Chunki ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Ammo Aktamov Navoiy futbolini ko‘tarishda ko‘p ishlarni qilgan. Albatta, bunday vaziyat hammaga ham og‘ir botadi.
- Endi uning o‘rnida qaysi murabbiy ishlashi hammani qiziqtiryapti...
- Hali biz ham bilmaymiz. Jamoani kim boshqarishi noma’lum. Biz hozircha oldindan berilgan dastur asosida ishlayapmiz. Ammo bizga kim bosh murabbiy bo‘lishi haqida ma’lumot berilmagan. Kimni taklif qilish bu rahbariyatning ishi. Biz esa o‘z ishimizni bajaramiz.
- Ammo matbuotda bir qator mutaxassislarning nomzodlari aytilmoqda...
- Ha, ommaviy axborot vositalarida bir qator murabbiylarning nomlarini tilga olishyapti. Davron Fayziev, Tachmurod Agamurodov, Aleksandr Xomyakov, Viktor Kumikov kabi mutaxassislar haqida gapirishyapti. Biroq bizda hali 100 foizlik aniq ma’lumot yo‘q. Barchasini vaqt ko‘rsatadi.
- Endi ko‘pchilikni qiziqtirgan savolni bermoqchiman. Yurtimizda el suygan xofiz sifatida tanilgan Sherali Jo‘raevni hamma yaxshi biladi. Sizning ism-familiyangiz uniki bilan bir xil. Shu sababli ko‘pchilik sizni uning ashaddiy muxlisi ekaningiz haqida taxmin qilishadi...
- Dadam menga shu ismni qo‘ygan, chunki Sherali Jo‘raevning muxlisi bo‘lgan. Uni yaxshi ko‘rgani va familiyam ham bir xil bo‘lgani uchun menga Sherali deb ism qo‘ygan. Futbol paytida esa kulguli holatlar ham bo‘lib turadi. Muxlislar orasida meni xofiz deb baqirib ham turishadi. Ayniqsa, Andijonga borsam, bu boradagi gaplarni ko‘p eshitaman. Balki Sherali Jo‘raev andijonlik bo‘lgani uchun ham u erlik ishqibozlar men bilan hazillashishar. Dadam menga bu ismni qo‘yganida albatta san’atkor bo‘ladi deb niyat qilmagan. Shunchaki, o‘sha san’atkorga qiziqqan. Men esa keyinchalik futbolchi bo‘lib etishdim. Ukam ham futbolchi, ammo uning familiyasi boshqa...
- Ha, men ham sizdan aynan shu haqida so‘ramoqchi bo‘lib turgandim. “Navbahor”da faoliyat ko‘rsatayotgan darvozabon Dilshod Hamroev ukangiz ekanligini hamma ham bilavermasa kerak. Ammo u bilan familiyangiz boshqa-boshqa...
- Dadamning familiyasi Jo‘raev. Dadamning dadasi esa Hamro bo‘lgan. Oilada to‘rtta farzand bo‘lsak, ikkitamiz Jo‘raev, yana ikkitamiz Hamroev.
- Shu paytgacha Sherali Jo‘raev bilan uchrashish imkoni bo‘lganmi?
- Hayotda hali u bilan uchrashmaganman. Adashmasam, 2010 yili intervyu berganimda ham Sherali Jo‘raev bilan ko‘rishish niyatim borligi haqida aytgandim. Hozir ham shu fikrdaman. Dadamni bir marta bo‘lsa ham Sherali Jo‘raev bilan uchrashtirish niyatim bor. Dadam esa mening ismimni aynan uniki bilan bir xil bo‘lishini istab shu nomni qo‘ygan. Hozircha niyatim amalga oshmagan.
- O‘zingiz ham uning qo‘shiqlarini eshitib turasizmi?
- Ha, tinglab turaman. Uning qo‘shiqlari hayotiy va doim jonli ijroda kuylaydi. Baribir u bilan uchrashish niyatidan qaytganim yo‘q. Qachondir ko‘rishganimizda uning ismiga atab menga ham shunday ism qo‘yganini va familiyamiz ham bir xil ekanligini unga aytish niyatim bor.
- Faoliyatingizni adashmasam, asosan “Qizilqum”da o‘tkazib kelyapsiz-a?
- Ha, 2009 yildan beri. Faqat orada bir marta, 2013 yili Olmaliqda o‘ynab keldim.
- Aytmoqchimanki, shuncha yildan beri sizni “Qizilqum”da nima ushlab turadi?
- Bitta klubga o‘zimning sadoqatimni bag‘ishlaganman. Bu orqali shu klubning tarixidan joy olishni xohlayman. O‘tgan vaqt davomida turli qiyinchiliklardan o‘tdik. Moliyaviy muammolar, o‘ynamay yurgan paytlarim...nima bo‘lganda ham men “Qizilqum”da qolganman. Xudoga shukrki, o‘zimga yarasha muxlislarim bor. Ular hamisha qo‘llab-quvvatlashadi. Maqsadim faoliyatimni shu jamoada yakunlash hamda “Qizilqum”ning afsonasiga aylanishni xohlayman.
- Ammo shu paytgacha sizga bir qator yaxshi takliflar ham bo‘lgandi...
- Yashirmayman, qiziqarli takliflar bo‘lgan. Ammo doim tegishli xulosalarni chiqarib, “Qizilqum”da qolishga harakat qilaverganman. Muxlislarim, oila-a’zolarim, yaqinlarim, qadrdonlarim – hammasi shu erda. Jamoada qolishimda ishqibozlarimizning ham hissalari bor. “Qizilqum”da ko‘p yildan beri o‘ynab kelayotganim uchun ham meni jamoa sardori qilib tayinlashgan. Shuning uchun hamma vaqt ushbu klubga sodiq bo‘lib qolishni xohlayman.
Fikrlar