Sherzod Abdurahmonov: "Roy Jonsning shogirdini mag‘lub etganman"

  • 31 may, 2019, 12:17
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Respublika va ko‘plab xalqaro musobaqalar g‘olibi, Qirol Kubogi sohibi, Osiyo chempionati bronza medali egasi, jahon chempionati va olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi Sherzod Abdurahmonov bokschilik vaqtidagi unutilmas xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

- Sherzod aka, faoliyatingizni eng gullagan vaqtida yakunlagansiz. Bunga nima sabab bo‘lgan?

- Ba’zi vaqtlarda bokschilarda sportdan ko‘ngil sovish holatlari kuzatiladi. Bu tabiiy. Chunki yillar mobaynida tinimsiz qilingan og‘ir mashg‘ulotlar ertami-kechmi jismoniy holatingizga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Shunday vaqtda men ham boksdan uzoqlashishga harakat qilganman. Lekin jahon chempionati, olimpiada o‘yinlarida sovrindor bo‘lishga ichki resursim ham, ko‘zim ham etardi. Vaqt o‘tgach, boksdan ketganimga afsuslandim. Biroq, kech bo‘lgandi.

- Professional boks havaskorga nisbatan og‘irroq bo‘lishiga qaramasdan, bokschilar 35-40 yoshgacha janglar o‘tkazishadi. Nega havaskorda ertaroq yakunlashadi?

- Havaskor boksda yil davomida juda ko‘plab musobaqalar, o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarining keti uzilmaydi. Shu bois, boshqa ish bilan shug‘ullanishning deyarli iloji yo‘q. Oila qurib, farzandli bo‘lgach, o‘ziga yarasha tashvishlar paydo bo‘lib, ikkisidan birini tanlashga to‘g‘ri keladi. Professionalda esa yiliga 2-3 marta jang o‘tkazasiz va sportdan tashqari, shaxsiy hayotingizni yo‘lga qo‘yishga vaqt bo‘ladi. Tashqaridan qaraganda bu etarli asos bo‘lib ko‘rinmasligi mumkin, lekin sportchi hayotida katta boshqotirma desam adashmayman.

- 2004 yili Afina olimpiadasida bo‘lajak olimpiya chempioni Gaydarbek Gaydarbekovga qarshi kechgan tarixiy jangingiz haqida aytib bersangiz?

- Gaydarbekov bilan olimpiada o‘yinlarining saralash bahslarida uchrashganman. U bilan avval birorta musobaqada ringda o‘zaro duch kelmaganmiz. Uning imkoniyatlarini day darajada ekanligini bilmasdim. Ishonchim komilki, bundan avval hech bo‘lmasa bir marta jang qilganimda edi, olimpiadada uni so‘zsiz mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lardim. Bundan tashqari, birinchi raund so‘nggida kuchli zarba o‘tkazib yuborib, burnim sindi va nafas olishim qiyinlashib, qolgan uch raundda singan burun bilan jang qilganman. Gaydarbekni taktikasiga qarshi kalit topganimda, bellashuvning katta qismi o‘tib bo‘lgandi. Shuning uchun yutqaganman.

- Professional boksda yulduz darajasiga etgan jahon chempioni Jan Paskal, Eduard Gutnext, Matvey Korobov, Ismail Sillax kabi bokschilar bilan havaskor ringda jang qilgansiz. Ularning faoliyatini kuzatib borasizmi?

- Jan Paskal bilan Bakuda bo‘lgan yirik xalqaro musobaqaning finalida bahs olib borganman va g‘alaba qozonib, Anvar Choudri Kubogini qo‘lga kiritganman. Paskal professional boksda hozir yorqin yulduzlardan biri, afsonaviy Roy Jons qo‘l ostida janglarga tayyorlanadi. Siz sanab o‘tgan boshqa bokschilar ham profida hanuz zo‘r natijalarga erishishmoqda. Ular haqidagi yangiliklarni muntazam kuzatib boraman, ammo janglarini ko‘rmayman.

- Ringga chiqishdan oldin bokschi qanday hissiyotlarni o‘tkazadi. Ayniqsa, raqib kuchli va nomdor bokschi bo‘lsa?

- Jangdan oldin hayajonni his qilmagan bokschini men bokschi deb bilmayman. Har bir sportchi ringga chiqishdan oldin bu holatga duch keladi va qachonki ringda raqib bilan birga-bir qolganda, referining “boks” komandasini eshitgach hamma narsani unutadi. Ayrim sportchilar esa bitta zarba o‘tkazgach ringni his qiladi. Hayajon albatta kerak, faqat, uni zarur vaqtda nazorat qila bilish lozim. Ortiqcha hissiyotlarga berilish zararingizga ishlab qo‘yishi ham mumkin.  

- Jang vaqtida zarbalaringiz rabiqga qiyinchilik tug‘dirayotgani yoki sizdan cho‘chib harakat qilayotganini qaerdan bilasiz?

- Shunday bokschilar bo‘ladiki, charchagani, jarohat olgani yoki kuchli zarba o‘tkazib yuborib qiyin vaziyatga tushib qolganini yuz qiyofasida sezdirmaslikka urinadi. Bu ham bir mahorat. Men esa raqiblarimning ko‘zidan ularning holatini o‘qib olardim. Hatto, raqib ko‘ziga qarab uning qanday zarba berishga shaylanayotganini bilsangiz bo‘ladi. Bu qiyin ish, uning uchun siz ko‘p yillar mashq qilib, tajriba orttirasiz. Raqib ko‘ziga qarayman deb, qarshi zarbani o‘tkazib yuborish hech gap emas.

- Sherzod aka, suhbatingiz uchun tashakkur. O‘zbek boksida siz kabi iste’dod egalari ko‘payaversin!

- Rahmat.

Fazliddin Husniddinov suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!