
Shomurodov Angliya, Ispaniya va Germaniyadan taklif olgan!
Eldor Shomurodovning Italiyadagi faoliyatini nafaqat hamyurtlarimiz, balki rossiyalik mutaxassislar, jurnalistlar, blogerlar va muxlislar ham diqqat bilan kuzatib bormoqda. Aslida hujumchimiz “Rostov”da o‘ynab yurgan kezlarida o‘zining kamtarligi va mehnatsevarligi bilan barchaning hurmat e’tiborini qozongan.
O‘z navbatida, Shomurodovning insoniy jihatlari va futbolchi sifatida professional ko‘nikmalari kuchli beshlikka kiruvchi A Seriyada ham o‘z o‘rnini topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Jenoa”dagi muvaffaqiyatli o‘yinlari orqali hamyurtimiz boshqa mavqei baland klublar e’tiboriga tushgani hech kimga sir emas. Futbol olamida Shomurodovning manfaatlarini himoya qilayotgan va uning “Rostov” va “Jenoa”ga transferlarini amalga oshirgan “ProSports Management” konsalting kompaniyasi prezidenti German Tkachenko hamyurtimiz ma’lum vaqt o‘tishi bilan kuchli jamoalarda o‘ynash imkoniyati yuzaga kelishi, “Yuventus”ning o‘zbek hujumchisiga e’tibori, turli takliflar va legionerimiz nega aynan “Jenoa”ni tanlagani haqida gapirdi.
Eng avvalo, Tkachenko yozda Shomurodovga bo‘lgan takliflar haqida quyidagilarni ma’lum qildi.
- Bizda Shomurodov bo‘yicha Italiyadan tashqari, Bundesliga, Premer-liga va La Liga klublaridan aniq taliflar bor edi. Lekin ular orasida eng qiziqarlisi va manfaatlisi “Jenoa” varianti bo‘ldi. Shuning uchun Eldor Italiyaning tarixiy klubini tanladi va A Seriyada o‘ynashga qaror qildi, - deydi rossiyalik mutaxassis.
Darhaqiqat, Shomurodov qator kuchli va nomdor klublardan taklif bo‘layotgan bir paytda A Seriya autsayderlaridan birini nega tanladi? Hatto, Eldorga “Jenoa” og‘iz solgan pallada, Italiyaning “Fiorentina” va “Verona” kabi genuyaliklardan kuchliroq klublari ham hamyurtimizni o‘z safiga chorlab, “Rostov” klubiga transfer so‘rovini yuborgan edi.
“ProSports Management” konsalting kompaniyasi rahbari bu vaziyatni quyidagicha izohladi.
- Shomurodov faoliyati rivojlanishi va kelajakda yuksalishga erishish uchun “Jenoa” tayanch nuqta vazifasini o‘tab berishiga ishonadi va buni biladi. U hozir o‘tish davrini boshdan kechiryapti va bu bosqich muvaffaqiyatli davom etmoqda, - dedi Tkachenko.
Shuningdek, German Tkachenko hammani qiziqtirayotgan mavzu – Italiyaning eng qudratli klubi – “Yuventus”ning Eldor Shomurodovga qiziqishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
- “Yuventus”ning o‘zbek hujumchisiga qiziqayotgani haqidagi xabar va maqolalarni o‘qish juda maroqli. Lekin, hozircha ish aniq takliflarga etib borgan yo‘q. Biroq, klublar o‘zaro maslahatlashgan bo‘lishi ehtimoldan holi emas, - dedi Shomurodovning agenti.
Garchi Eldor Genuyaga yo‘l olgan paytda “Jenoa” autsayder maqomidagi jamoa bo‘lganiga qaramay, endi vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarganini ta’kidlash lozim. Ayniqsa, jamoa boshqaruviga Davide Ballardini kelganidan keyin genuyaliklar musobaqa jadvalida xavfli hududni tark etib, 12-pog‘onaga ko‘tarilib oldi. Ushbu murabbiy qo‘l ostida “Jenoa” beshta g‘alaba, ikkita durang va bir mag‘lubiyat qayd etdi. Biz uchun muhimi esa, Eldor Shomurodov avvalgi bosh murabbiy Rolando Maran kabi Davide Ballardinini ham joyi asosiy tarkibda ekaniga ishontira oldi.
“Jenoa” Italiya A Seriyasining 22-tur uchrashuvini 13 fevral kuni safarda “Torino” futbolchilariga qarshi o‘tkazadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan 19:00 da boshlanadi.
Fikrlar