Shomurodov Joze Mourinoning ishdan haydalishiga sababchi bo‘lishi mumkin
Italiya A Seriyasi sakkizinchi turida eng qiziqarli uchrashuvlardan biri “Kalyari” va “Roma” o‘rtasida bo‘ladi.
Bu bahs futbol olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ikki mashhur murabbiy – Klaudio Raneri va Joze Mourinoning o‘zaro raqobati sifatida muxlisu mutaxassislar diqqat markazida turibdi.
“Kalyari” ham, “Roma” ham bu mavsum ancha bo‘sh o‘ynayapti. Sardiniyaliklar hali g‘alaba qozonmagan, ettita o‘yindan faqat ikki ochko jamg‘ara olgan xolos. Klaudio Raneri shogirdlari musobaqa jadvalida eng oxirgi pog‘onada turibdi. Tajribali murabbiy bu holatdan chiqib ketish yo‘llarini qidirmoqda.
“Roma”ga barqarorlik etishmayapti. Joze Mourino shogirdlari bir o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozonib, ayrim uchrashuvlarda kutilmagan o‘z darvozasidan ko‘p o‘tkazib yuboryapti. Chempionlik va UEFA chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashishi kutilgan “Roma” sakkiz ochko bilan autsayderlarga yaqin joylashib olgan.
Oltinchi turda “Roma” A Seriya debyutanti – Eldor Shomurodovni rimliklar 18 million evroga pullagan “Jenoa”ga to‘qnash kelib, o‘yinda 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragan edi. Italiya matbuotining yozishicha, klub xo‘jayini Den Frnkin o‘sha mag‘lubiyatdan keyin Joze Mourinoni haydab yuborishga qaror qilgan. Biroq sport direktori Tiagu Pinto oraga aralashib, hamyurtiga ozgina imkon berishni so‘radi.
Corriere dello Sport nashrining ma’lumotiga ko‘ra, Mourinoning iste’fosi kun tartibidan olingani yo‘q. Garchi avvalgi turda rimliklar “Frezinone”ni 2:0 hisobida yurgan bo‘lsa-da, Sardiniyada bo‘ladigan o‘yin Mourino uchun hal qiluvchi bo‘lishi kutilyapti.
Portugaliyalik mutaxassisning o‘zi ham iste’foga tayyor ko‘rinadi. Mourino buni gap orasida qistirib o‘tdi.
- Hozir bor e’tiborimni “Roma”ga qaratganman. Bor kuchimni oxirigacha sarflayman. Kelajakni hech kim bashorat qila olmaydi. Lekin men Saudiya Arabistonida murabbiylik qilishimga aminman.
Saudiyada milliy chempionat rivojlanyapti. Bu Krishtianu Ronaldu effekti. U mashhur yulduzlardan birinchi bo‘lib, u erga bordi va futbol olamidagi tendentsiyani o‘zgartirib yubordi. Saudiya ligasida raqobat bor, chunki u erga mahoratli futbolchilar kuchga to‘lgan paytida yo‘l olmoqda, - dedi Joze Mourino.
“Kalyari” va “Roma” o‘rtasidagi uchrashuv A Seriyadagi yagona vakilimiz Eldor Shomurodov uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki legionerimiz hamon “Roma” o‘yinchisi hisoblanadi. “Kalyari”da mavsum oxirigacha ijarada o‘ynaydi.
Shomurodov bir o‘yinda har ikki murabbiyga o‘z salohiyatini ko‘rsatib qo‘yishi kerak. Buning uchun bu bahsdan yaxshi imkoniyat bo‘lmaydi.
“Kalyari” bosh murabbiy Klaudio Raneri bu gal tarkibda katta o‘zgarishlar qilishga va’da bergan. Bir necha nashrlar oldingi chiziqda Gaetano Oristanioga imkoniyat berishini ta’kidlamoqda. Ikkinchi hujumchi o‘rniga uch futbolchi – mavsumga tayyorgarlikni kech boshlagani uchun hamon yuqori sport formasiga chiqa olmayotgan Eldor Shomurodov, mushakdagi jarohatlari bezovta qilgan Andrea Petanya va Leonardo Pavoletti. Ularning birortasi hali gol ura olmagan. Murabbiylar shtabi yosh Oristanioning yonida tajribali shu uch futbolchidan birini ilk daqiqalardan o‘ynatishi kerak.
“Kalyari”ning mavsumdagi ikki goliga mualliflik qilgan Zito Luvumbo o‘tgan turni o‘tkazib yubordi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, uning ham jismoniy holati hali 90 daqiqani faol o‘tkazishga etmaydi.
“Kalyari” va “Roma” uchrashuvi 8 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan 21:00 da boshlanadi.
Fikrlar