Shomurodov Kolumbiyaga qarshi o‘yindagi eng katta xatoni aytdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov jahon chempionatidagi debut o‘yinida Kolumbiyaga qarshi uchrashuvda (1:3) yo‘l qo‘yilgan xatolar sababini aytdi.
- Fikrimcha, Kolumbiyaga qarshi birinchi bo‘limdagi xatolarimizga asosiy sabab — murabbiy bergan ko‘rsatmalarni to‘liq bajara olmaganimiz bo‘ldi. Endi bu kabi xatolarni takrorlamaslikka harakat qilamiz, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga, to‘pni ko‘proq nazorat qilishga va golli vaziyatlar yaratishga intrilamiz, — dedi jamoa sardori.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Kolumbiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv jahon chempionati guruh bosqichi birinchi turi doirasida 2026 yil 18 iyunda bo‘lib o‘tdi. Tarixiy bellashuv o‘zbekistonliklar uchun 1:3 hisobida mag‘lubiyat bilan yakunlandi.
Bu uchrashuv O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatlari tarixidagi ilk o‘yini sifatida qayd etildi. O‘zbekiston terma jamoasining ilk, tarixiy goliga yarimhimoyachi Abbosbek Fayzullaev mualliflik qildi.
Bugun jahon chempionati guruh bosqichi ikkinchi turi doirasida O‘zbekiston va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasida navbatdagi o‘yin o‘tkaziladi. Uchrashuv AQShning Xyuston shahrida joylashgan «NRG Stadium» arenasida bo‘lib o‘tadi.
Klublar miqyosida Turkiyaning "Istanbul Boshakshеhir" jamoasi sharafini himoya qilayotgan Eldor Shomurodov Superligadagi debut mavsumini yuqori darajada o‘tkazdi. 30 yoshli hujumchi chempionat davomida 22 ta to‘p kiritib, Turkiya yuqori divizioni to‘purari bo‘ldi.
Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 93 ta uchrashuvda o‘z hisobiga 44 ta gol yozdirib qo‘ygan va bu o‘zbek futbolida mutlaq rekord hisoblanadi.

Fikrlar