
Shomurodov millionerga aylanadi...
“Jenoa” o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovni “Rostov”dan transfer qilganini rasman e’lon qildi. Bitim 2024 yilning 30 iyunigacha amal qiladi. Eldorning debyut uchrashuvi A Seriyaning 4-turidan o‘rin olgan “Verona” jamoasiga qarshi o‘tkazilishi kutilmoqda. Ushbu bahs 19 oktyabr kuni Verona shahrida bo‘ladi.
Bu transfer kuchli hujumchini qo‘lga kiritgan “Jenoa”, 300 ming evroga olgan futbolchisini 9 millionga sotgan “Rostov”, o‘z maqsadini amalga oshira olgan Shomurodov va ushbu transferlar boshida turgan ProSports Management kompaniyasi uchun ham muvaffaqiyatli yakunlangan ish bo‘ldi. Tomonlarning bari niyatiga etdi.
Transfer bozorida hamyurtimizning manfaatlarini himoya qilgan ProSports Management kompaniyasi vakili Qahhor Mo‘minov Eldor Shomurodov bilan hamkorlik bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
- Biz 2017 yili Eldor bilan hamkorlikni boshlaganimizda, bu yigit aynan Evropa futboliga mos ekanini tushunib etganmiz. Uning kuchli jihatlari darrov ko‘zga tashlangan edi. U bizga Evropaga o‘tishini ta’minlashni vazifa qilib qo‘ydi. Biz shunga yarasha strategiya ishlab chiqdik va uning talabini ikki bosqichda amalga oshirishga qaror qildik. Avvaliga, u o‘zini Rossiya chempionatida ko‘rsatishi lozim edi. Keyin Evropaga yo‘l ochilardi. Mana u hammasini a’lo darajada uddaladi.
Yana bir muhim jihat. Eldor Osiyodan bo‘layotgan o‘ta manfaatli takliflarga qaramay, Evropani tanladi. Osiyoda uning nomi mashhur, mavqei baland. Istalgan paytda Qatar, Saudiya Arabistoni yoki Xitoy klublari Eldorni olishga tayyor turgandi. Lekin Shomurodov o‘z maqsadi yo‘lida chalg‘imasdan, so‘nggi uch yil davomida faqat Evropaga ketish uchun mehnat qildi va bu amalga oshdi, - dedi Qahhor Mo‘minov.
Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodovning “Jenoa”ga o‘tishi oddiy o‘zbek futbolchisining ham Evropa kuchli chempionatlarida o‘ynash imkoniyati borligiga yaqqol isbot bo‘la oladi. O‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘yishga cho‘chib turgan yosh futbolchilarimiz uchun Jarqo‘rg‘onda tug‘ilgan Eldorning uyidan 6,5 ming kilometr olisda joylashgan Genuya shahridagi Italiyaning eng qadimgi jamoasidan taklif olishidan yorqinroq o‘rnak bo‘lmasa kerak...
Shomurodovning faoliyatiga nazar solsak, faqat o‘sishni ko‘ramiz. Avval “Mash’al”da o‘zini ko‘rsatgan hujumchi, keyinchalik mamlakatimizning eng kuchli klublaridan “Bunyodkor”ga, oradan ikki yil vaqt o‘tib, Rossiya premer-ligasi vakili “Rostov”ga ko‘chib o‘tdi. Mana endi uni yuksak marra va yangi sinov – Italiya chempionati kutib turibdi. Bu yuksalish faqat mehnat bilan bo‘lganini tan olishimiz darkor.
Eldor Shomurodov bugungi kunda O‘zbekistonning eng qimmat futbolchisi maqomiga erishdi. Garchi transferlarga ixtisoslashgan Transfermarkt portali Eldorning narxini 6,5 million evroga baholagan bo‘lsa-da, amalda “Jenoa” rostovliklarga 7,5 million evro to‘lagani va yana 1,5 million evro bonus berishi, bundan tashqari, Eldorning keyingi transferidan 15 foiz miqdorida ulush ajratishga va’da qildi.
Ma’lumotlarga qaraganda, Eldor Shomurodovning yillik maoshi ham sezilarli darajada oshgan. Avvaliga, futbolchimiz yiliga 600-700 ming evro miqdorida maosh olishi aytilgan edi. Biroq, xorij saytlarining xabar tarqatishicha, shartnoma imzolangach, italiyaliklar Eldorga yiliga bir million evro to‘lashi ma’lum bo‘ldi.
Darvoqe, million evrolik yillik maosh “ko‘hna qit’a” futboli uchun u qadar katta mablag‘ emas. Biz esa, Eldor Shomurodov timsolida o‘zbek futbolchilar undan ham ortig‘iga loyiq bo‘lishini xohlaymiz va shunga umid qilamiz. Qolaversa, “Jenoa” jamoasi Shomurodovning yanada yuksalishi uchun yana bir pog‘ona bo‘lib qolishi tarafdorimiz. Zero, Eldor bundan ham yuksak marralarga munosib.
Fikrlar