
Shomurodov nega gol urolmayapti?
“Rostov”ning asosiy hujumchisi Eldor Shomurodov yarim yildan buyon gol ura olmayapti. Uning golsiz seriyasi 20 ta uchrashuvdan o‘tib ketdi. Rossiya premer-ligasining 7-turida “Rostov” hujumchisi “Lokomotiv” darvozasiga ham yo‘l topa olmadi.
Eldorning “quruq” seriyasi mutaxassislar tahlillari va jurnalistlar savollariga nishon bo‘lmoqda. “Lokomotiv”ga qarshi uchrashuvdan keyin bu mavzu yana ko‘tarildi. Biroq, “Rostov” bosh murabbiyi Valeriy Karpin “Lokomotiv” bilan bo‘lgan o‘yindan keyin jamoasi kam gol urayotgani, xususan Shomurodov to‘purarlik mahoratini namoyish eta olmayotganidan xavotirda emasligini bildirdi.
- Men hech qachon shogirdlarimdan hech birini ajratib ko‘rsatmayman. Ularga umuman e’tirozim yo‘q. Shomurodovning gol ura olmayotgani unga yomon ta’sir qilmaydi. Hozir yana hujumchi olishni so‘rayapsizlar. Yangisini olsak, u ham gol urolmasa, yana boshqasini so‘raysizlar-ku. Hamma gap, vaziyatlardan unumli foydalanishda. Meni shogirdlarim kam gol urayotgani xavotirga solmaydi. Agar golli vaziyatlar yarata olmaganimizda edi, bu haqiqiy muammo bo‘lardi. Hozircha, faqat “Dinamo”ga bilan o‘yinda shunday bo‘ldi.
“Lokomotiv” qarshi uchrashuvda ko‘p qulay vaziyatlarni yarata oldik. Lekin Evropa Chempionlar ligasida o‘ynaydigan jamoa 10 kishi bo‘lib himoyalandi. Albatta, bundan vaziyatda gol urish muammo ekanini hamma yaxshi tushunadi, - dedi Valeriy Karpin.
O‘z navbatida, uchrashuvni tahlil qilgan Sportbox.ru sayti eksperti Aleksanr Bubnov Shomurodovning gol ura olmayotgani sabablarini ham keltirib o‘tdi.
- Har ikki jamoada ham hujum tashkil qilishda katta muammolar borligi ko‘zga tashlanmoqda. “Rostov”da bu maydon markazi futbolchilari bilan bog‘liq masala. O‘zingiz baho bering – Roman Eremenko sport formasini yo‘qotib qo‘ygani shundoq ko‘rinib turibdi. Bejizga uni zaxiraga olishmadi. Pavel Mamaev ham o‘yinga zaxiradan qo‘shildi. Doimiy etakchi Ivelin Popov klubni tark etgan. Hozircha, faqatgina Matias Normann o‘z vazifasini bajarishga tayyor. Lekin uning bir o‘zi kamlik qiladi. Shuning uchun ham Eldor Shomurodov gol ura olmayapti. Hujumchining gol urishi ko‘proq, yarim himoya vakillarining qulay uzatmasi va ular yaratib berayotgan vaziyatga bog‘liq bo‘ladi, - dedi futbol eksperti Aleksandr Bubnov.
Bundan avval esa, yana bir mutaxassis Konstantin Alekseev ham Eldorning gol urish imkoniyatlarini quyidagicha tahlil qilgan edi.
- “Rostov” uchun eng muhimi, Roman Eremenko va Pavel Mamaevning avvalgi darajasiga ko‘tarila olishidir. Agar ular o‘z sport formasini tiklab olsa, Eldor Shomurodovni qulay paslar bilan golli vaziyatlarga chiqaradi va o‘zbekistonlik hujumchi albatta gol urishni boshlaydi, - degan xulosaga keldi Konstantin Alekseev.
Mutaxassislar Eldor Shomurodov o‘yin davomida o‘z jamoasiga yakkakurashlarda, himoyalanishda va hujum tashkil qilishda faolligi bilan yordam berayotganini, agar u bitta gol urib olsa, “ishtahasi” ochilib ketishini alohida ta’kidlamoqda. Demak, shunday payt kelishini yana kutamiz. Balki intiqlik bilan kutilayotgan ana shu gol 19 sentyabr kuni 8-turda premer-liga debyutanti “Rotor” darvozasiga kiritilar.
Fikrlar