
Shomurodov o‘ynayotgan chempionatda qo‘zg‘olon: “Yuventus”, “Inter” va “Milan” A Seriyani tark etsin!
Evropa Superligasining tashkil etilishi turli mojarolarni keltirib chiqarmoqda. Aksariyat mamlakatlarda yangi turnirga qarshiliklar avj olib bormoqda.
Evropa Superligasi mashhur klublarni o‘ynatish orqali katta daromad topish va ishtirokchi klublarga ham mo‘may summalarni taqdim etish maqsadida tashkil etilgan. Bu g‘oya tashabbuskorlari “Real” prezidenti Florentino Peres va “Yuventus” rahbari Andrea Anelli. Ular tashkil qilayotgan ligani jahonga mashhur JP Morgan banki moliyalashtirishga tayyor.
Musobaqada jami 20 ta eng qudratli klub qatanashadi. Shular orasida beshtasi almashib turishi belgilangan. Superliga tashkil etilgani rasman e’lon qilingach, Evropaning eng mashhur 12 klubi unda qatnashishini tasdiqladi. Bular “Milan”, “Arsenal”, “Atletiko”, “Chelsi”, “Barselona”, “Inter”, “Yuventus”, “Liverpul”, “Manchester Siti”, “Manchester Yunayted”, “Real” va “Tottenxem” klublaridir. Keyinroq ular qatoriga “Bavariya”, “Leyptsig”, “Portu” qo‘shiladigan bo‘ldi.
Yangi turnir Evropa qit’asidagi futbolga mas’ul tashkilot – UEFA tomonidan o‘tkazilayotgan Chempionlar ligasi va Evropa ligasining kushandasiga aylanadi. Musobaqadan oqib keladigan daromad UEFAni chetlab o‘tib, Superliganing tadbirkor tashkilotchilari va tashabbuskorlari g‘aznasiga quyiladi.
Shu bois, UEFA va uning ortidan FIFA ham Superliga loyihasiga qarshilik qilmoqda. Bu ikki nufuzli muassasa Superligada qatnashadigan klublar va futbolchilar xalqaro o‘yinlarga qo‘yilmasligini uqtirdi. Terma jamoaga a’zo o‘yinchilar esa, FIFA miqyosidagi turnirlarda o‘z yurti jamoasiga yordam berishi taqiqlanadi.
Shuningdek, UEFA joriy mavsumda yakuniy bosqichga etib kelgan Chempionlar ligasi va Evropa ligasini to‘xtatishi mumkinligini ham e’lon qildi. Chunki bu turnirda yarim finalga chiqqan jamoalardan beshtasi yangi Superligada qatnashishini tasdiqlagan klublardir.
Masalaga sport tashkilotlaridan tashqari, ayrim mamlakatlar prezidentlari ham aralashmoqda. Frantsiya rahbari Emmanuel Makron o‘z mamlakati klublariga bu turnirda qatnashishni taqiqladi.
Superturnir hali start olmay turib, A Seriyaga zarba berdi. Italiya chempionatida Eldor Shomurodov o‘ynayotgani bois, ligadagi o‘zgarishlarni kuzatib borishimiz tabiiy, albatta. Xullas, A Seriyadan Superligada “Yuventus”, “Milan” va “Inter” qatnashadigan bo‘lgan. Skudetto uchun kurashda azaldan bu jamoalarga kuchi etmay kelayotgan bir necha klublar Superligada qatnashmoqchi bo‘layotgan qudratli klublarni A Seriyadan chiqarib tashlashni talab qilmoqda. Xususan, “Atalanta”, “Kalyari” va “Verona” mutasaddilari shu taklifni ilgari surmoqda. Norozilar safi yanada kengayishi hech gap emas.
“Yuventus”, “Milan” va “Inter” chempionatdan chetlatish talabi A Seriya kengashining shoshilinch chaqirtirilgan majlisida o‘rtaga tashlandi. A Liga prezidenti Paolo Dal Pino bu masala UEFAning Superliga tashkil etilishi haqidagi hujjatini qabul qildi.
Qiziq tomoni, “Yuventus” prezidenti Andrea Anelli Superliga tashabbuskorlaridan biri va liga vitse-prezidentligiga tasdiqlangach, 246 futbol klubi manfaatlarini himoya qiluvchi Evropa klublari assotsiatsiyasi (ECA) rahbarligidan ham voz kechdi. U yangi loyiha tarafdori va Florentino Peresning hammaslagidir.
Yana bir e’tiborli tomoni, ular vaqti kelib, UEFA va FIFA Superliga bilan hamkorlik qilishiga ishonch bildirmoqda.
Hozircha, g‘oyaviy kurashlar avj nuqtasi sari jadal ko‘tarilib bormoqda. Agar Superliga tashkilotchilarining qo‘li baland kelsa, Evropa futbolida juda katta o‘zgarishlar yuz berishi mumkin. Bu jahon futboliga ham ta’sir qilishi, shubhasiz. Buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi!
Fikrlar