Shomurodov “qora ro‘yxat”ga tushdi

  • 22 iyun, 2023, 21:01
  • 1
  • Futbol

2021 yilning yozidan beri “Roma”ni boshqarayotgan Joze Mourino ikkita urinishda ham “bo‘rilar”ni Evropa Chempionlar ligasiga olib chiqolmadi.

Biroq, tajribali murabbiy qo‘l ostida rimliklar ketma-ket ikki marta UEFAning xalqaro turnirlari – Konferentsiyalar ligasi va Evropa ligasi finalida o‘ynadi. Garchi “Roma” Konferentsiyalar ligasida g‘olib chiqib, Evropa ligasining bosh sovrinini “Sevilya”ga boy bergan bo‘lsa-da, klub rahbariyati Joze Mourino bilan hamkorlik qilishni davom ettiradigan bo‘ldi.

roma_stala_pobeditelem_ligi_konferenciy_image_628f1d0c1db007.37120092

Portugaliyalik mutaxassis odatiga ko‘ra, yozda  tarkibda jiddiy o‘zgarishlar qiladigan bo‘lyapti. Klub sport direktori Tyagu Pinto hamyurti ko‘zlagan yuqori malakali futbolchilarni transfer qilish uchun hozirgi tarkibdagi o‘yinchilarning bir nechtasini qutilish kerakligini ta’kidlamoqda.

Bu chora-tadbirlar birinchi navbatda, moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzmaslik uchun muhim hisoblanadi.

Ana shu maqsadda Tyagu Pinto shu yozda transferga qo‘yiladigan futbolchilar ro‘yxatini tuzdi. Unga o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov ham kiritildi.

Corriere della Sera nashrining xabar berishicha, rimliklar Jastin Klyuyvert, Karles Peres, Gonsalo Vilyar, Eldor Shomurodov, Rojer Ibanes, Matias Vinya kabi o‘yinchilar bilan hamkorlikni to‘xtatib, ularni boshqa jamoalarga o‘tkazib yuborish bo‘yicha ish olib boradi. Bu o‘yinchilar orasida faqatgina Rojer Ibanes mavsumni “Roma” tarkibida yakunladi.

Qolgan barcha o‘yinchilar turli jamoalarga ijaraga berib yuborildi. Xususan, Eldor Shomurodov mavsumning ikkinchi yarmini “Spetsiya”da o‘tkazib, jamoasining A Seriyadagi joyini saqlab qolishiga yordam bera olmadi.

Italiya matbuotining yozishicha, Joze Mourinoni hujum chizig‘idagi vaziyat umuman qoniqtirmayapti. U islohotlarni aynan oldingi chiziqdan boshlamoqchi. Ayniqsa, Temmi Abraxam og‘ir jarohat tufayli uzoq muddatga safdan chiqqani rimliklarga qo‘shimcha muammo tug‘dirdi.

Tyagu Pinto yozda angliyalik forvardni sotib yubormoqchi edi. Bir necha oyga safdan chiqqan futbolchini endi hech qaysi klub transfer qilmaydi.

Hozir “Roma” asosiy hujumchiga aylangan Paulo Dibala bilan muzokara o‘tkazyapti. Andrea Belotti va  Stefan El-Shaaravi jamoada qoladigan bo‘ldi.

Joze Mourino ularning yonida “Vest Xem”ning 24 yoshli hujumchisi Janluka Skamakka, “Atletiko”ning 30 yoshli yulduzi Alvaro Morata va “Spetsiya”da Shomurodov bilan elkama-elka o‘ynagan to‘purar Mbala Nzolani ko‘rmoqchi.

Hozirgacha, “Roma” ikkita zo‘r transferni amalga oshirdi. 24 yoshli pleymeyker Ussem Auar va 23 yoshli universal himoyachi Evan N’Dika erkin agent sifatida “bo‘rilar” safiga qo‘shildi va kelasi mavsumni “Roma” tarkibida boshlaydi.

Demak, Eldor Shomurodov yoz ichi kelasi mavsumni qaysi jamoada boshlashini hal qilishi kerak bo‘ladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori bu borada o‘z fikr-mulohazalari bildirib o‘tgandi.

- “Spetsiya”da etarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadim. Afsuski, hammasi biz istagandek bo‘lmadi. Jamoa quyi ligaga tushib ketdi. “Spetsiya” bilan ijara shartnomasi tugayapti.

Hammasi qachon aniq hal bo‘lishini bilmayman. Lekin baribir bu masala ta’tildan keyin ko‘rib chiqiladi, - dedi Eldor Shomurodov kelajakdagi rejalari haqida.

“Roma”da Eldor Shomurodov atrofida qiziq holat kuzatilib kelinadi. Klub sport direktori Tyagu Pinto anchadan beri o‘zbek hujumchisini to‘liq sotib yuborishga urinmoqda. Biroq, Joze Mourino bunga yo‘l qo‘ymayapti. Xususan, yanvardagi transfer bozorida Shomurodovni to‘liq transfer qilmoqchi bo‘lgan jamoalar chiqdi. Portugaliyalik mutaxassis so‘nggi pallada faqatgina ijara shartnomasiga rozilik berdi.

mourinyu-shomurodovu-nuzhny-polgoda-igrovoj-praktiki-on-zasluzhil-igrat_16749411541863839919

Shunday ekan, Eldor Shomurodov masalasini futbolchimiz Rimga qaytganidan keyin Joze Mourino hal qilishi kutilmoqda.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Mavlonov Husan
22/06/2023 20:53
Бошидан қолсин Ромаси бундес лига ёки тинчи лалигага ўтиш керак, италия футболчилари ўзлариям билади А серия ва Англия пример лига сал оқсагани улоқтиради,