Shomurodov va Fayzullaevning gollari jamoasiga g'alaba keltirdi. Nuri Shaxin o'yindan so'ng nimalar dedi?
Xabaringiz bor, kecha Nuri Shahin boshchiligidagi "Istanbul Bashakshehir" o‘z uyida "Samsunspor"ni qabul qilib, yirik 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bellashuv yakunlangandan so‘ng turkiyalik mutaxassis o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Uchrashuv boshidan oxirigacha juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. Chiroyli gollar urdik va munosib g‘alabaga erishdik. Bugun juda qiyin raqibga qarshi o‘ynadik. Ular maydonning har bir nuqtasida bosim qiladi, to‘p bilan ham juda ko‘p rotatsiya qiladi. Shunga qaramay, futbolchilarim ham hujumda, ham himoyada ajoyib harakat qilishdi".
Murabbiy, shuningdek, jamoaning mavsum davomidagi kurashi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
"Biz mavsumni birgalikda boshlamaganmiz va shu sababli ko‘p ochko yo‘qotdik. Lekin may oyining oxirigacha hali ham bu poygada ishtirok etayotgan bo‘lsak, demak ayrim ishlarni to‘g‘ri qilganmiz. "Samsunspor" ham, "Gyoztepe" ham juda kuchli va hurmatga loyiq klublar".
Shahin raqobat haqida gapirar ekan, oxirgi turgacha kurash davom etishini ta’kidladi.
"34 turdan keyin kim munosib bo‘lsa, o‘sha yuqori o‘rinni egallaydi. Agar “Gyoztepe” bizdan yuqorida yakunlasa, men ularni tabriklayman. Demak, bunga munosib bo‘lishgan. Biz esa so‘nggi turgacha kurashamiz va “GaziAntep”ga qarshi bahsga faqat g‘alaba uchun chiqamiz".
Matbuot anjumani davomida mutaxassis so‘nggi turdagi ehtimoliy rotatsiyalar haqidagi savolga ham javob berdi.
"Mening gaplarim noto‘g‘ri tushunilmasin. Ba’zida mavsumning oxirgi o‘yinlarida rotatsiyalar bo‘ladi, yosh futbolchilar maydonga tushishi mumkin. Ammo bu har bir klub va murabbiyning qarori. Men hech qanday bahs yoki mish-mishlarga sabab bo‘lishni istamayman. Har kim o‘z ishini qiladi, keyin natijaga qaraymiz", — deya fikr bildirib o‘tdi Nuri Shahin.

Fikrlar