Shomurodovni Chempionlar ligasida ko‘ramizmi?

  • 17 may, 10:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Italiya chempionatiga yakunlanishiga ikkita tur qoldi. Chempionlik uchun Skudettoning amaldagi g‘olibi “Inter” va milanliklarni bir ochkoga ortda qoldirayotgan “Napoli” da’vogar.

“Atalanta” o‘tgan turdi “Roma”ni mag‘lubiyatga uchratganidan keyin uchinchi o‘rin va Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini naqd qildi.

Endi qit’aning eng nufuzli turniriga yo‘l ochadigan so‘nggi yo‘llanma uchun – uch klub da’vogar. Bular – bir xil, ya’ni 64 tadan ochko jamg‘argan “Yuventus” va “Latsio” hamda ulardan bir ball kam jamg‘argan “Roma”.

“Roma” yuqori maqsadlar uchun kurashadigan kuchli jamoalar qatoriga qo‘shgan Klaudio Raneri o‘tgan turdagi alamli mag‘lubiyatga qaramay, shogirdlarining Chempionlar ligasiga chiqishiga ishonchi borligini va bu vazifani uddalash imkoni borligini ta’kidlamoqda.

 -  Biz o‘tgan turda Bergamoda “Atalanta”ga yutqazib qo‘ydik va chempionat jadvalida “top-4”ga kirish imkoniyatini qo‘ldan boy berdik.

Lekin shuni unutmaslik kerakki, hozirgi “Atalanta” to‘qqiz yil javomida barpo etib kelinmoqda. Biz esa, o‘z loyihamizni yaqindagina boshladik va endigina unga poydevor yaratyapmiz.

Endi oxirgi ikki turda biz o‘yindagi xatolarimizni minimal darajaga tushirib, Evropa Chempionlar ligasiga chiqish vazifasini uddalashga harakat qilishimiz kerak. Chunki biz ham Chempionlar ligasida o‘ynashni istaymiz, - dedi Klaudio Raneri.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, Klaudio Raneri mavsumning birinchi qismi oxirlari – noyabr oyida “bo‘rilar”ni qabul qilib olganida jamoaning nufuzli xalqaro turnir yo‘llanmasi uchun kurashishi ushalmas orzudek ko‘ringan edi.

Avvalgi bosh murabbiylar – Daniele de Rossi va Ivan Yurich qo‘l ostida jamoa A Seriyada muvaffaqiyatsiz ishtirok etib, musobaqa jadvalining quyi qismiga tushib qolgan edi.

Qadrdon jamoasi uchun murabbiylik faoliyatini qayta tiklagan Klaudio Raneri jamoani qabul qilib olganidan keyin “Roma”ning natijalarida ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlana boshladi. 73 yoshli mutaxassis katta transferlarsiz, tarkibdagi o‘yinchilarning o‘zi bilan ham natija qilish mumkinligini isbotlab qo‘ydi.

Ayniqsa, uning qo‘l ostida o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovning o‘yini ochilib ketgani ko‘plab muxlisu mutaxassislar e’tiborini tortdi. Shu mavsumning o‘zida ikki bor klubdan ketishga juda yaqin kelgan 29 yoshli forvard mavsumning hal qiluvchi pallasida “Roma”ning asosiy figurasiga aylandi.

Rim klubining Chempionlar ligasi yo‘llanmasiga da’vogar bo‘lib turishida o‘zbek legionerining hissasi katta. So‘nggi turlarda aynan Eldorning gollari va assistlari jamoaga qimmatli ochkolarni taqdim etdi.

Endi “Roma” chempionatning oxirgi ikki turida yana juda murakkab o‘yinlarni o‘tkazadi. Raneri shogirdlari 18 may kuni o‘z maydonida “Milan”ni qabul qiladi. Sakkizinchi o‘rinda borayotgan bu raqib ham hali Evrokuboklarga yo‘llanma olish imkoniyatini saqlab turibdi va so‘nggi turlarda faqat g‘alaba uchun o‘ynaydi.     

Shomurodov jamoasi chempionatni 25 may kuni Turinda – “Torino”ga qarshi uchrashuv bilan yakunlaydi va shundan keyin Klaudio Raneri bosh murabbiylik vazifasini topshiradi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!