Shomurodovning gol urmay qo‘ygani haqida: buning qo‘rqinchlik joyi yo‘q - Karpin!
Shomurodovga nima bo‘ldi? Nega u gol urmay qo‘ydi? Bu oxirgi paytlarda muxlislar tomonidan eng ko‘p berilayotgan savollar qatorida bo‘lib qoldi. Rossiyada ham shu kabi ko‘rinishdagi savollar tez-tez yangramoqda. Bularning barchasi Eldorning o‘yini bilan bog‘liq.
Gapning ochig‘i, o‘zbekistonlik ishqibozlar ham hujumchimizning gol urmay qo‘yganiga rostovliklardan kam bo‘lmagan holda qayg‘urmoqdalar, bu aniq. To‘g‘ri, futbolchimiz hali ham klubining asosiy figuralaridan biri. Lekin u yakuniga etgan mavsumning birinchi qismida o‘zining ajoyib o‘yini va gollari bilan barchamizni shunga o‘rgatib qo‘ygandi. Biroq pandemiyadan so‘ng “Rostov” bilan birga Shomurodovning o‘yinida ham biroz pasayish ko‘zga tashlandi, buni ham tan olish kerak.
U oxirgi marta qachon gol urgani yodingizdami? Adashmasak, fevral oyida “Axmat”ga qarshi 1:1 hisobi qayd etilgan bahsda raqib darvozasini ishg‘ol qilgandi. Mana, oradan shuncha vaqt o‘tibdi hamki, Shomurodov gol urishni unutib qo‘ygandek. Ammo aksariyat mutaxassislar hamon legionerimiz haqida iliq fikrlarni aytishyapti.
Rossiyada esa darhol yangi mavsum boshlanib ketganidan xabaringiz bor. Hujumchimizning omadsizligi esa yakuniga etgan chempionatda qolib ketdi, deb umid qilmoqdamiz. “Rostov” esa dastlabki turda safarda “Tambov”ni yagona gol evaziga mag‘lub etganini ham yaxshi bilasiz. Ammo Shomurodovga yana gol urish nasib qilmadi. O‘sha uchrashuvdan so‘ng “Rostov” bosh murabbiyi Valeriy Karpin qisqacha intervyu berdi. Jurnalistlar esa Eldor Shomurodovning gol urmay qo‘yganiga ham to‘xtalishgan.
- Birinchi bo‘limda tezroq o‘ynagandek ko‘rindinglar, shundaymi?
- Ehtimol, ha, raqib ikkinchi bo‘limda tezroq o‘ynashimizga imkon berdi. Shu sababli “Tambov” maydonning bizga tegishli qismida bosim o‘tkazishni boshladi. Birinchi o‘yin. Jamoa hali o‘yin ritmiga kirmagan.
- Kento Xashimoto faqat oxirida paydo bo‘ldi, u formasini hamon tiklab olmaganmi yoki bu sizning raqobatga bog‘liq qaroringizmi?
- Unisi ham, bunisi ham. U yaqinda uchib keldi va hali ham yaxshi uxlolmayapti. Kento 20 iyuldan boshlab, Yaponiyada hujjatlarini kutayotib 10 kunni o‘tkazib yubordi. Sekin-asta formasini tiklab borishi kerak, endi bizda maydon markazida raqobat mavjud.
- Shomurodov yana gol urmayapti, «qurg‘oqchilik» - hujumchi uchun katta muammomi?
- Yo‘q. Uning o‘yinida katta muammo ko‘rmayapman. Agar u har doim shunday o‘ynasa va ba’zi o‘yinlarda gol ura olmasa, buning qo‘rqinchlik joyi yo‘q, gollar albatta keladi.
- O‘yindan qoniqdingizmi?
- Natijadan qoniqdim.
- O‘tgan mavsum “Rostov” “Tambov”ga ikki marta yutqazib qo‘ydi. Tambovliklarning o‘yinlari o‘zgaribdimi?
- Ba’zi jihatlar o‘zgargan bo‘lishi mumkin, ammo umuman olganda, hammasi oldingidek.
- Evropa Ligasidagi ishtirokingiz munosabati bilan tarkibni kuchaytirishni rejalashtiryapsizmi va agar shunday bo‘lsa, qaysi pozitsiyalarni?
- Tarkibni kuchaytirib bo‘ldik: Kento Xashimoto, David Toshevski. Bu jarayon davom etmoqda. Yana jamoamiz safiga ko‘plab yoshlar qo‘shildi va ehtimol yana qo‘shilar.
Karpin hamon futbolchimizga ishonch bildirayotganini uning so‘zlaridan payqash qiyin emas. Bu bilan u shogirdini ruhlantirayotgani ham bor gap. Shunga qaramay, Karpin hujumdagi raqobatni hozirgisidan-da kuchaytirishni ko‘zlagan shekilli, makedoniyalik 19 yoshli David Toshevskini olib keldi. Bu esa o‘zbekistonlik futbolchi uchun yangi raqobatchi deganidir. Agar hujumchimiz golsiz seriyasini davom ettiraversa, Karpin uni qachongacha asosiy tarkibda tushirardi? Vaqti kelib uni zaxiraga olib, o‘rniga boshqasini qo‘yishi ham ehtimoldan holi emas-ku.
Qolaversa, Shomurodovga chetdan bir qator takliflar borligini ham bilamiz. Biroq gol uravermasa, uning narxi pastlashi ham tabiiy hol. Hujumchiga gollari bilan baho berilishi bejiz emas. Axir o‘tgan mavsumda hujumchimiz ketma-ket gollar urib, to‘purarlar poygasida etakchilik qilgan paytda unga nisbatan qanday maqtovlar aytilgani yodingizdan chiqmagandir-a? Uni ko‘plab mamlakatlarda skautlar jiddiy kuzatuvga ham olishgandi. Hammasi uning gollari bilan bog‘liq edi. Lekin gol urmay qo‘ygach, unga bo‘lgan e’tibor va munosabat ham o‘zgarib qolishi hech gap emas. Ko‘ryapsizmi, hujumchi uchun gollar qanchalik ahamiyatli ekanligini?!
Rossiyalik va o‘zimizning mutaxassislar bilan gaplashganimizda Eldorning “Rostov”dan ketish vaqti kelganligi haqida ham gapirishdi. Ammo hozircha u jamoasi bilan birga. Boisi, Shomurodov “Rostov”ga hali kerakka o‘xshaydi. Balki boshqa klublar bilan olib borilayotgan muzokaralar bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelinmagandir. Har qanday holatda ham biz Eldorning yana gollari bilan jamoasiga foyda keltirishini istaymiz, bu esa uning qo‘lidan keladi. Hammasi faqat uning o‘ziga bog‘liq. Boshlangan yangi mavsum esa uning “Rostov”dagi oxirgi faoliyati bo‘lib qoladimi yoki yo‘qmi, buni albatta vaqt ko‘rsatadi. Ammo biz hujumchimizga ishonishda davom etamiz.
Fikrlar