
Shomurodovning “Roma”dagi do‘sti haqida
Eldor Shomurodovning jamoadoshi Stefan Al-Shaaravi Italiyaning eng iqtidorli hujumchilaridan hisoblanadi. Baynalmilal oila – misrlik Sabri va shveytsariyalik Lyusining farzandi bo‘lgan Stefan yosh bo‘lishiga qaramay, katta tajriba to‘plagan va ko‘pni ko‘rgan o‘yinchi hisoblanadi.
Eldor bilan o‘xshash jihatlari ham talaygina. Xususan, Al-Shaaravi ham xuddi Eldor singari mehnatkash, tezkor, kurashuvchan, darvozaga muntazam xavf soladi va himoyachilarga bosim o‘tkazishni yaxshi uddalaydi. Ham markaziy forvard, ham qanot hujumchisi vazifasini bajara oladi.
Italiyalik hujumchi A Seriyadagi faoliyatini xuddi Eldor singari “Jenoa”da boshlagan. Biroq, uning Genuyadagi dastlabki qadami u qadar muvaffaqiyatli bo‘lmagan. Uchta uchrashuvda o‘z salohiyatini namoyish qila olmagan hujumkor futbolchini genuyaliklar “Padova”ga ijaraga berib yubordi.
Bu jamoada o‘yini ochilib, deyarli har uchta o‘yinda o‘z hisobiga bittadan gol yoza boshlagan yosh iste’dod egasini 2011 yilda “Milan” o‘z safiga qo‘shib oldi. Keyinchalik bir mavsum “Monako”ni aylanib kelgan,Stefan 2016 yili “Roma”ga qo‘shildi.
Rim klubida uch yil davomida 109 ta o‘yin o‘tkazib, 34 ta gol muallifi bo‘lgan Al-Shaaravini taqdir Xitoy tomonlarga etakladi. 2019-2021 yillar davomida “Shanxay Shunxua” sharafini himoya qilgan Al-Shaaravi Xitoy chempionatida jami 16 ta uchrashuv o‘tkazib, bitta gol urganidan keyin vataniga qaytishga qaror qildi.
2021 yilda Rimga qaytgan futbolchi yana qadrdon jamoasiga qo‘shildi. O‘zining dastlabki jamoasi – “Jenoa”ga qarshi bo‘ladigan uchrashuv oldidan Stefan Al-Shaaravi o‘z-fikr mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
- Xitoydan qaytganimdan keyin ancha qiynaldim. Birinchi navbatda, jismoniy holatimni tiklash talab etilardi va mana shu narsa qiyin kechdi. Xitoydan kelganimga Italiya chempionati tempiga moslashish uchun ancha ter to‘kdim va bu oson bo‘lmadi. Xitoyda men asosan individual tarzda mashq qilishim mumkin edi. Chunki so‘nggi paytda umumiy guruhda shug‘ullanish uchun jamoam yo‘q edi. Jamoadoshlardan to‘p qabul qilib olish va darvozaga zarba berish, ularga to‘p uzatish kabi mashqlarni bajarishga imkon topilmadi. Biroq, A Seriyaga moslashib ulgurdim va o‘tgan mavsum oxirida jamoaga yordam bera oldim, - deydi Stefan Al-Shaaravi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan mavsumda “Roma”da o‘nta uchrashuvda qatnashib, bitta gol urgan Stefan Al-Shaaravi “Roma”ni Joze Mourino qabul qilib olganidan keyin asosiy tarkibga kirish uchun ancha kurashishiga to‘g‘ri keldi. Portugaliyalik mutaxassis Rim klubining hujum chizig‘i tamoman yangiladi. Dastlab, “Jenoa”dan Eldor Shomurodovni transfer qildi va o‘zi qo‘llaydigan bir hujumchili taktikada o‘zbek forvardiga suyandi.
“Chelsi”dan Temmi Abraxam olinganidan keyin Mourino Eldorni ham zaxiraga jo‘natib, bor imkoniyatni angliyalik yulduzga taqdim qildi.
Shomurodov birinchi o‘rinbosar bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, Stefan Al-Shaaravi ichki raqobatda o‘zbek hujumchisidan qolishmasligini ko‘rsata oldi va Jozening ishonchini oqlab, muntazam maydonga tushmoqda.
Hozir, Mourino jamoasida vaziyat o‘zgargan. Portugaliyalik mutaxassis ikki hujumchi bilan o‘ynashni ma’qul ko‘rmoqda. Oldingi chiziqda Temmi Abraxam va Eldor Shomurodov juftligi samarali o‘ynay olishi “Venetsiya”ga qarshi bahsda isbotlandi.
Stefan Al-Shaaravi esa, qanotdan hujum uyushtirish imkonini beradigan yarim himoyachi pozitsiyani mashhur futbolchi Genrix Mxityarandan tortib oldi. Shu bois, Joze Mourino “Roma” hujumida asosan Temmi Abraxam, Eldor Shomurodov, Stefan Al-Shaaravi, Lorentso Pelligriniga tayanmoqda.
Fikrlar