
Shomurodovning supergoliga Italiyadan qanday munosabat bo‘ldi?
O‘zbekistonning bugungi kundagi eng mashhur hujumchisi Eldor Shomurodov joriy mavsumdagi oxirgi rasmiy uchrashuvini ham gol bilan yuqori notada yakunladi.
2026 yilgi jahon chempionati yo‘llanmasini avvalgi turda naqd qilgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo mintaqasi saralash turnirining uchinchi bosqichidagi oxirgi uchrashuvini Toshkentda Qatar futbolchilariga qarshi o‘tkazdi.
Qatarliklar bilan o‘zaro hisob-kitob bor edi. Saralash turnirining bu bosqichidagi birinchi davra uchrashuvida Qatar so‘nggi soniyadagi gol evaziga terma jamoamiz ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozongandi. Bu O‘zbekiston milliy terma jamoasining oxirgi 26 ta uchrashuvidagi yagona mag‘lubiyat bo‘ldi.
Toshkentdagi bellashuvda futbolchilarimiz raqib darvozasiga uchta to‘p kiritib, yirik hisobda g‘alaba qozondi. Azizbek Turg‘unboev, Eldor Shomurodov va Igor Sergeev tomonidan kiritilgan gollarning har biri o‘zgacha chiroyli bo‘ldi.
“Roma” hujumchisi Eldor Shomurodov tufayli Italiyadagi manbalar darrov bu uchrashuvga va A Seriyadan terma jamoaga jalb qilingan o‘yinchining goliga o‘z munosabatlarini bildirdi.
Sports.uz portali ushbu manbalar bildirgan munosabatlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
“Roma” hujumchisi O‘zbekiston terma jamoasida safida gol urdi. Navbatdagi jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritib bo‘lgan O‘zbekiston o‘z maydonida Qatar futbolchilari bilan kuch sinashdi.
Garchi o‘zbeklar vazifani muddatidan oldin uddalagan bo‘lsa-da, qatarliklarga qarshi o‘yin ancha murakkab kechdi. Biroq uchrashuv oxirida mezbonlar hisobni 3:0 ko‘rinishiga olib keldi.
Ushbu bahsda gol urgan o‘yinchilar orasida “Roma” vakili Eldor Shomurodov ham bor edi. Tajribali to‘purar 86-daqiqada hisobni 2:0 ga etkazdi.
Shomurodovdan supergol. 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqqanini Qatar ustidan 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan mustahkamlab qo‘ygan O‘zbekiston bayramni davom ettirmoqda. Milliy terma jamoa yulduzi Eldor Shomurodov o‘tkir burchakdan chap oyoqda gol urib, hisobdagi farqni ikkitaga etkazdi va amalda uchrashuv taqdirini hal qildi.
Shunday qilib, O‘zbekiston terma jamoasi saralash turnirining uchinchi bosqichini ishonchli g‘alaba va jami 21 ochko bilan yakunladi.
Endi Eldor Shomurodov “Roma”dagi kelajagi haqida bosh qotirsa ham bo‘ladi. Yanvarda “Venetsiya”ga o‘tishiga bir qadam qolgan futbolchi chempionatning hal qiluvchi pallasida zo‘r o‘yin ko‘rsatib, rimliklarning boshlang‘ich tarkib o‘yinchisiga aylandi.
Endi mavsumlar oralig‘idagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida yangi bosh murabbiy Jan Pero Gasperini o‘zbek futbolchisining imkoniyatlarini o‘rganib chiqishi kerak bo‘ladi. Bu orada Shomurodov o‘z milliy terma jamoasida ajoyib gol urdi.
Mundialga muddatidan oldin chiqqan O‘zbekiston terma jamoasi saralash turniridagi oxirigi uchrashuvini Qatarga qarshi o‘tkazdi. Eldor Shomurodov maydon markazidan oldingi chiziqqa uzatilgan to‘pni o‘ng oyoqda to‘xtatib, chap oyoqda zarba yo‘lladi. Raqib darvozaboni Zakariyo Saloh hech narsa qila olmadi.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi eng zo‘r to‘purar hisoblanadi. 29 yoshli hujumchimiz xalqaro maydonda 82 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini 42 marotaba ishg‘ol qilgan. Bu o‘zbekistonlik futbolchilar uchun mutlaq rekord hisoblanadi.
Pep, bizni Husanovning o‘yinini ko‘rishdan ayirma!
Fayzullaevni yo‘qotmasligimiz kerak!
Fikrlar