Shuncha takliflar orasidan nega "Qo‘qon-1912"ni tanladi? Futbolchi kutmaganmidi?

  • 2 yanvar, 2021, 21:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” klubi ham yangi o‘yinchilarni qo‘lga kiritishni boshlab yuborgan. Yaqinda xabar berilganidek, “Andijon”ning etakchisi Farhod Bekmurodov 2021 yilgi mavsumni qo‘qonliklar tarkibida o‘tkazishi aniq bo‘ldi.

Tecno

Markazda harakatlanadigan futbolchiga Baxtiyor Ashurmatov katta ishonch bilan qarayapti va jamoasining o‘yinini kuchaytirishiga ishonyapti.

O‘z o‘rnida Bekmurodov sports.uz sayti muxbiri bilan muloqot jarayonida “Qo‘qon-1912”ga ko‘chib o‘tishi qanday yuz berganini gapirdi.

-  “Qo‘qon-1912” jamoasiga o‘tishimga Baxtiyor Ashurmatov sababchi bo‘ldi. Shaxsan o‘zi meni o‘z klubiga taklif qildi. Rosti, o‘tgan yilning boshida ham, ikkinchi davra avvalida ham jamoasiga chorlagandi. Nasib shu kunga ekan, mana endi birga ishlaymiz, - dedi Farhod.

Bu o‘yinchi katta futbolga “Andijon” klubi orqali kirib keldi va shu paytga qadar faoliyatining asosiy qismini ushbu jamoada o‘tkazib kelayotgandi. Farhod esa shu fursatdan foydalanib u erda o‘tkazgan yillarini eslagan holda taassurotlarini o‘rtoqlashdi.

-  “Andijon”dagi etti yillik futbolchilikdagi faoliyatimni o‘zim uchun qoniqarli o‘tdi deb hisoblayman. 2016 yili kuchlilar safini tark etgandi. 2017 yili elitaga qaytara olmagandik, keyingi yilda bu ishni bajardik. Bu yil tarkibimiz kuchli bo‘lmasa-da, “Andijon”ni Superligada olib qolishga muvaffaq bo‘ldik. Tan olaman, klubdan ketishimni kutmagandim. Biroq qachondir kuchliroq jamoada yana to‘p suraman deb o‘zimga maqsad qilib qo‘ygandim.

Gapning ochig‘i, Farhod Bekmurodovni o‘z safida ko‘rishni istagan klublar talaygina edi. Lekin ularning orasida “Qo‘qon-1912” ancha epchillik qildi. Aks holda futbolchi boshqa jamoaga ko‘chib o‘tgan bo‘lishi muqarrar edi.

-  To‘g‘risini aytaman, mavsum tugaganidan keyin Baxtiyor aka Ashurmatov bilan ko‘rishib, hammasini gaplashib olgandik, - deya mavzuni davom ettirdi, Farhod. - O‘zingiz ham yaxshi bilasiz, bu murabbiy 2016 yili “Andijon”da ishlaganida bizga ustozlik qilgan. O‘shanda menga katta ishonch bildirgani yodimda. 2021 yilgi chempionatda ham birga ishlash bo‘yicha taklif bildirdi va buni qabul qildim. To‘g‘ri, menga yana boshqa klublardan qiziqishlar bo‘ldi. Ular telefon orqali aloqaga chiqdilar. Barchasi bilan gaplashdim, vaziyatni to‘g‘ri tushuntirdim. Meni to‘g‘ri tushunishgani uchun rahmat.

Ahamiyatlisi shundaki, “Andijon” qiyinchilik bilan Superligada qolganiga qaramay, klub futbolchilariga e’tibor yuqori bo‘lmoqda. Shu bois qator jamoalar “Andijon” futbolchilariga ko‘z tikishyapti. Bekmurodov esa buni shunday izohladi:

-  “Andijon” jamoasining o‘yinchilariga ko‘plab klublardan takliflar bo‘lyapti. Shu bois aksariyat futbolchilarning o‘ziga yarasha variantlari bor. Qaysi murabbiyga kimning o‘yin uslubi yoqsa, o‘shalar bilan ishlaydi. Endi “Andijon” tarkibi boshqatdan shakllantirilishi aytilmoqda.

Bekmurodov shu paytgacha faqat bir marta “Andijon”dan boshqa klubda o‘ynagan. Ya’ni, bir necha yil muqaddam u “Lokomotiv” jamoasida yarim mavsum to‘p surgan. “Qo‘qon-1912” esa uning faoliyatida uchinchi jamoaga aylandi...

-  2017 yili birinchi ligada 3-o‘rinni olganmiz. O‘sha mahalda hech qanday takliflar bo‘lmayotgan paytda Andrey Fyodorov menga qo‘ng‘iroq qilib, “Lokomotiv”ga kel, o‘zingni sinab ko‘r, deb taklif bildirgan va o‘shanda borgandim. Mirko Yelichichga o‘yinlarim yoqqandi shekilli, men bilan shartnoma tuzishlarini aytishdi. “Andijon” bilan shartnomam bo‘lsa-da, meni ijaraga bo‘lsa ham olishlarini bildirishdi. O‘sha mavsumning birinchi davrasidan keyin “Andijon” meni qaytarib olish huquqiga ega edi va amalda shunday ham bo‘ldi. Bu yil endi bunday bo‘lmaydi. O‘sha paytdan beri o‘zim ham ulg‘aydim. Qo‘qonda o‘zimni ko‘rsatish uchun astoydil harakat qilaman, - dedi Bekmurodov.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Elyor Hasanov
02/01/2021 22:08
омад