“Siti” yana himoyachi oladi

  • 23.02.2026 05:16
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

“Manchester Siti” tarkibini yangilash siyosatini yozgi transferlar oynasi davrida ham davom ettiradigan bo‘lyapti. Bu haqida TEAMtalk nashri jurnalistlari xabar qildi.

“Shaharliklar” himoyaning o‘ng qanotiga yangi ijrochi olib kelishni rejalashtirmoqda. Asosiy nomzod sifatida “Sporting” vakili Ivan Fresneda tanlandi.

“Manchester Siti” sport direktori Ugo Viana bu himoyachining ustun jihatlarini “Sporting”da ishlagan davrdan beri juda yaxshi biladi. Xosep Gvardiola ham jamoasining eng zaif nuqtasi bo‘lib turgan o‘ng qanot himoyasiga yangi ijrochi olib kelinishidan manfaatdor.

Fresnedani qo‘lga kiritish uchun manchesterliklar transfer bozorida “Arsenal” va “Nyukasl” bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi. Bu ikki klub ham ispan himoyachisini joriy mavsum yakunlangandan keyin o‘z safiga qo‘shib olmoqchi.

21 yoshli futbolchi joriy mavsumda barcha musobaqalarda 31 ta o‘yinda ishtirok etib, himoyadagi vazifalarini uddalashdan tashqari, 1 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma berdi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 12 million evroni tashkil etadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!