“Siti”dan ketmay, katta maosh olaveraman!
“Manchester Siti” kelasi mavsum oldidan yangi tarkib shakllantirishni maqsad qilgan. Klub rahbariyati xaridlarni yanvar oyidayoq boshlab yuborgan.
Shunga qaramay, asosiy o‘zgarishlar yozgi transferlar vaqtida amalga oshiriladi. Yoshi katta futbolchilar o‘ziga yangi ish topishi kerak. Xususan, yanvarda Kayl Uoker “shaharliklar” bilan xayrlashdi. Kevin de Bryuyne ham iyunda jamoani tark etadi.
Ketishi kutilayotgan Jek Grilish esa, rejasini o‘zgartirdi. Manchesterga kelganidan beri o‘yini kutilgan darajada chiqmayotgan tajribali futbolchiga “Tottenxem” va “Aston Villa” ish taklif qilyapti.
Biroq bu ikki klub Grilishga “Manchester Siti”chalik katta maosh to‘lolmaydi. Aynan mana shu sabab tufayli 29 yoshli hujumkor futbolchi shartnomasi oxirigacha klubdan ketmoqchi emas.
“Shaharliklar” Jek Grilishni 2021 yilning yozida “Aston Villa”dan rekord summa – 117,5 million evroga transfer qilgan edi. Hozir 35 million evroga baholanayotgan futbolchining shartnomasi 2027 yilning yozigacha davom etadi.
Fikrlar