Slot Jota xotirasiga bag‘ishlangan sukut paytidagi hushtakbozlikka munosabat bildirdi

  • 11 avgust, 21:35
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

"Liverpul" bosh murabbiyi Arne Slot Angliya Superkubogi bahsi oldidan Diogu Jota va uning ukasi xotirasiga bag‘ishlangan bir daqiqalik sukut marosimida yuz bergan holat haqida fikr bildirdi. Slotning ta’kidlashicha, bu holat ataylab qilinmagan:

Tecno

"Menimcha, bu rejalashtirilgan ish emas. Balki, u muxlis bir daqiqalik sukut bo‘layotganini bilmagan. U shunchaki xursand edi va jamoasini qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘ldi. "Pelas" muxlislari uni tinchitishga urinishdi, shu urinish ham shovqinga olib keldi. Shunda bizning muxlislar: "Ey, nima bo‘lyapti?" deb javob qaytarishdi.

Shu sababli men bunda yomon niyat bo‘lganiga ishonmayman. Chunki "Kristal Pelas" muxlislari va butun dunyodagi ko‘plab futbol ishqibozlari Diogu va Andrega katta hurmat bilan yondashdi. Bu noto‘g‘ri, nomaqbul holat edi, ammo hech kim ataylab qilganiga ishonmayman.

Juma kuni "Bornmut"ga qarshi o‘yinda bu marosim qanday hurmat bilan o‘tadi, ko‘ramiz. Balki, Jotaning vafotidan keyin besh hafta o‘tgani uchun ham o‘sha muxlis bu holatni unutib qo‘ygandir", – deya ta’rif berib o‘tdi mersesaydliklar mutaxassisi.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha "Liverpul" "Kristal Pelas"ga qarshi (2:2, penaltilarda – 2:3) bahs olib borib, mag‘lub bo‘ldi. "Uembli"da o‘yindan avval Jota va uning ukasi Andre Teysheyra da Silva (Portugaliyaning "Penafiel" klubi hujumchisi) xotirasi yodga olindi. Biroq hakam Kris Kavana marosimni kichik guruh "Pelas" muxlislarining shovqini sababli to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!