"So‘g‘diyona" hujumchisiga "Lokomotiv" jiddiy qiziqmoqda. Futbolchi qaerda to‘p surmoqchi?

  • 30 dekabr, 2020, 09:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“So‘g‘diyona” safida eng yaxshi o‘yinchilardan biri bo‘lgan Shoxruz Norxonovga xaridorlar chiqmoqda. Bu tabiiy hol, aslida. Hujumchi jizzaxliklar safida 24 ta uchrashuvda 12 ta gol urdi. Bu bilan u jamoasining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Sports.uz saytiga keyingi faoliyatiga taalluqli masalalar bo‘yicha oydinlik kiritdi.

-  Mavsum boshida ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yib kerakli ochkolarni yo‘qotdik, - deya gap boshladi Norxonov. - Oxirida o‘zimizga kerakli ochkolarni jamg‘arib, vazifani bajardik. Maqsad 6-o‘rinni egallash edi. Hammasi so‘nggi turlarda hal bo‘ldi. Buni biz uchun yaxshi natija desa ham bo‘ladi, ayniqsa, yo‘qotilgan ochkolarni hisobga olganda. Jamoada hamma oxirigacha dadil kurashdi. Ayniqsa, natija uchun so‘nggi turlarda barcha futbolchilar birdek kurashdik.

-  Lekin “So‘g‘diyona” o‘tgan yili 4-o‘rinni qo‘lga kiritgandi...

-  O‘ylashimcha, mavsum boshida xatolarga yo‘l qo‘ydik. Keyin to‘xtalishlar bo‘ldi, o‘yinlar har xil paytlarda boshlandi. Pandemiya sharoitida to‘p surish qiyin edi. Baribir o‘zimizni ham xatolarimiz ta’sir qildi va ochkolarni ko‘p yo‘qotib qo‘ydik.

-  Hujumchi sifatida ishtirokingizga o‘zingiz necha baho qo‘ygan bo‘lardingiz?

-  Hali yuqori baho qo‘ymasdim va baho qo‘yishni ham bilmayman. Bu yilgi natijada asosan jamoadoshlarimning o‘rni katta bo‘ldi. Ular orqali shu natijaga erishdik.

norxonov3

-  Yangi mavsumni “Lokomotiv”da boshlashingiz haqida eshitdim. Bu qanchalik rost?

-  To‘g‘ri, “Lokomotiv” klubi menga taklif bilan chiqdi. Ular bilan gaplashdim, ammo hali oxirgi to‘xtamga kelganimiz yo‘q. Men hali “So‘g‘diyona”da qolishim ham mumkin. Yoki boshqa klubga, yo xorijga ketishim ham mumkin. Hali aniq emas.

-  Sir bo‘lmasa, xorijdan qaysi jamoalardan takliflar bo‘lyapti?

-  O‘zim ham hali bilmayman. Biroq takliflar borligi haqida aytishdi. Qachonki, aniq bo‘lsa, o‘shanda barchasi bilinadi.

-  “So‘g‘diyona”da qolish bo‘yicha imkoniyatingizni necha foizga baholaysiz?

-  Bilmadim. “So‘g‘diyona”da qolish imkoniyatim ko‘proq bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Hali hammasini o‘ylab ko‘ryapman. Hozircha oxirgi qarorni aytmadik.

-  “So‘g‘diyona”da o‘zingizni ko‘rsatdingiz, o‘sishga erishdingiz. Balki endi boshqa klubda o‘z so‘zingizni aytish vaqti kelgandir...

-  Bu ham to‘g‘ri gap. Oldin ham boshqa klublarda to‘p surganimda shunday holatlar bo‘lgan. “So‘g‘diyona”da yomon natija ko‘rsatmadik, aksincha, yaxshi jamoaga aylandik. Kuchlilar safiga kirishda davom etyapti. Kelasi yili “So‘g‘diyona” medallar uchun kurashadigan jamoa bo‘ladi va tarkibi ham shunga yarasha yig‘iladi. Chunki ikki yil davomida yaxshi natijalarga erishdi. Shu bois balki uchinchi yili bundan ham yaxshiroq natijalar ko‘rsatishi mumkin. Agar klubda qolsam, kelasi yilga medallar uchun kurashishga hissam tegib qolar.

norxonov2

-  Ulug‘bek Baqoev bilan ham keyingi taqdiringiz xususida gaplashdingizmi?

-  Ha, murabbiy bilan gaplashganman. Hali oxirgi to‘xtamga kelmadik. Baqoev bilan ikki yil birga samarali ishladik. U ham “So‘g‘diyona”da qolishimni tarafdori. Bunday murabbiy bilan ishlashni o‘zim ham xohlayman.

-  “Obod”da o‘ynagan paytingizda sizni “O‘zbekistonlik Neymar” deb atashardi. Hozir ham shundaymi?

-  Yo‘q, hozir bunday deb chaqirishmaydi. O‘sha paytda o‘xshatishgan bo‘lishsa kerak. Qaytanga, o‘z ismim bilan chaqirishgani yaxshi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!